Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Libos qadr oʻlchovimi?

Qo‘shni dugonam bilan mak­tabga doim birga  ketamiz.  Shun­­day kunlarning bi­ri­da dugo­nam­ning darvozasi yoni­ga borib, endigina chaqirmoqchi bo‘l­­gan edim,  tasodifan ich­­ka­ridan kimningdir qat­tiq-qattiq gapirayotgani eshi­­­­­­tildi. Men qotib qoldim. Baqirayotgan dugonamning aka­­­­si edi:

“Dada, yurishingizni qarang, eski kiyimlar kiyasiz, bir ahvolda yurasiz. To‘g‘risi, sizdan uyalaman, xuddi chuvrindiga o‘xshaysiz...” U otasini har xil so‘zlar bilan to‘xtamay haqorat qilardi.

Men indamay ortimga qaytdim.  Yo‘l-yo‘lakay o‘ylanib qoldim. Nahotki,  atrofimizda shunday – ota-onasini behurmat qiladigan beodob yoshlar bo‘lsa?! Nahotki, voyaga yetgunicha uni asrab-avaylagan,  g‘amxo‘rlik qilgan dadasi  endi u uchun ko‘chadagi daydidek bo‘lib ko‘rinsa?! 

Men qo‘shni amakini yaxshi bilaman. U kishi sodda, samimiy va mehribon. Qo‘shni­larimizning tomorqasida yer ag‘darib, ko‘chat ekib, halol  pul topadi.

To‘g‘ri, kiyimlari zamonaviy emas,  lekin o‘g‘li haqorat qilganidek,  uyaladigan darajada xarob  ham emas. Oddiy ish kiyimi. Nahotki, o‘g‘il-qizlari uchun ishlab,  ularni chiroyli kiyintirib, qornini to‘ydirib,  yana javobiga malomat, haqorat eshit­sa?! Men darvozadan uzoqlashib, yo‘lga tushdim. Bu orada dugonam menga yetib oldi. Unga hech narsa demadim...

Biz oilada uch opa-singilmiz. Dadamni juda hur­mat qilamiz, hattoki ko‘z­lariga tik  qarab  gapirolmaymiz. Dadam ham bizni juda yaxshi ko‘radilar. Bizni bunday tarbiya topishimizda onamning hissalari katta. Sababi, onam bizga ota-onani, o‘zidan kattani hurmat qilish sharqona odobning asosi, chinakam qadriyat ekanini ta’kidlab keladilar. Biz onamizning bu o‘gitlariga qat’iy amal qilamiz.

Tengdoshlar, bu voqeaga munosabatingiz qanday?! Farzand o‘z ota-onasining yurish-turishidan uyalishi mumkinmi?!

 

Ziyoda SOBITJONOVA,

Shayxontohur tumanidagi

34-maktabning 9-sinf o‘quvchisi

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.