Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

U hamisha gulga talpinadi

Jurnal sahifalaridagi nabodot va hayvonot olami haqidagi qiziqarli lavhalari bilan sizlarning hurmatingizga  sazovor bo‘lgan Gulxanning qadrdon do‘sti pedagog-jurnalist Abdulla Saidov bugun o‘zining tabarruk 75 yoshini nishonlamoqda. Biz barcha jurnalxonlar nomidan u kishini qutlug‘ yosh bilan  samimiy muborakbod etamiz.

 

Asal – ona tabiat tomonidan insonga in’om etilgan bebaho ne’mat. Bu xushbo‘y, shifobaxsh shirinlikni yetishtirib beruvchi asalarilar juda mehnatkashligi va  o‘zaro inoqligi bilan kishini hayratga soladi. Ular havo orqali tebranishni his etib, tez ta’sirlanishadi. Inson nafasini sezgudek bo‘lishsa, darhol bezovtalanishadi. Asalarilarning ko‘rish qobiliyati ham yaxshi rivojlangan. Biz bir o‘tirishda paqqos tushiradigan bir piyola asalni  yuzlab gulga qo‘nib, ming bir mashaqqat bilan to‘plovchi bu zahmatkash hasharotlar haqida har qancha gapirsak oz. 

Asalarilarning mo‘jaz “kulbasi”dagi uyalar ulkan qurilmani eslatadi. U yaxlit organizmni tashkil etadi. Bir qarashda asalarilar galasi tartibsizdek ko‘rinsa-da, diqqat bilan razm solib, ularning uyushgan jamoa ekanini payqash qiyin emas. Qisqa umr ko‘rishadi. Oilada har bir asalarining taqsimlangan vazifasi bor. Jumladan, yangi dunyoga kelganlari mitti qanotlari kuchga to‘lguncha uyada tozalikka javobgar. Ona ari urug‘ qo‘yish va nazorat o‘rnatish bilan mashg‘ul. Qolganlari sharbat tashib, gul changini yig‘ishadi. Ular asalbop o‘simliklar haqida bir-birlariga xabar beruvchi murakkab signal sistemasiga ham ega. Xonalarni shamollatib mo‘tadillashtirish, eshik oldida “qo‘riqchilik” qilish kabi qator vazifalar ham o‘zaro taqsimlangan. Uyushgan holda nektar yig‘ishi va oshqozonlarida xushbo‘y asal ishlab chiqarishi ularning katta yutug‘i. Erishilgan muvaffaqiyatlar ko‘proq ularning nozik qanotlariga bog‘liq. Lekin beozor hasharotlar yo‘lida ham onda-sonda bo‘lsa-da, xavf-xatar uchrab turadi. Yaxshiyam ular o‘ta ziyrak, raqibining arzimas harakatlarini ham ilg‘ay olishadi.

Asalarilarning birinchi dush­mani chum­chuq­simonlar oilasiga mansub uzun tumshuqli olaqanot qarqunoq. Asalari uning yaxshi ko‘rgan taomi. Qovog‘ari ham asal­arilarning eng katta dushmanlaridan biridir. Qovog‘ari hajman ulardan besh barobar katta. Tanasidagi oq-sariq, yo‘l-yo‘l chiziqlar uning xatarli ekanligidan dalolat beradi. O‘tkir jag‘i bilan raqibining boshini uzib olishi hech gapmas. Nishi esa qurbonini eritib yuborishi mumkin. Lekin asalari ham qarab turmaydi, himoya quroli bor.  Lashkar boshlig‘i asalarilar to‘dasini o‘ziga xos ishora bilan xavfdan ogoh etadi. Ular havoda birlashib, katta to‘dani tashkil etadi. Qo‘rquv va tahlikaga tushmay dushmanga baravariga tashlanishadi. Asalarilar kuchi yetmay qolganda ularga kichik fermer xo‘jaligi a’zolari yordam beradi. Ular qovog‘arilarni tutun yordamida haydashadi

El-yurtga xushbo‘y va shifobaxsh asal yetishtirib beruvchi zahmatkash hasharotlar hamisha ularning do‘sti – insonlar himoyasida.

Abdulla SAIDOV

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.