Musiqadan ilhom olgan qiz
Endigina ko‘zi ilingan Inobat aya musiqa tovushidan cho‘chib uyg‘onib ketdi. Vaqt allamahal bo‘lgandi. 9 yoshli nabirasining xonasida chiroq yonib turganidan xavotir olib, o‘sha tomonga yurdi. Nabirasi hali ham mashg‘ulotlar bilan bandligini ko‘rdi. Diyora musiqa notalari aks etgan qog‘ozlarni qo‘lda tutgancha nimalarnidir xirgoyi qilardi.
– Diyora uxlamadingmi?
– Birozdan so‘ng, buvijon!
Buvi nabirasining salomatligidan xavotir olsa-da, yuziga tabassum yugurdi. “Qizim tushmagur musiqa, pianinoga juda qiziqdi-da”, deya ko‘nglidan o‘tkazdi. O‘z xonasiga qaytar ekan, nabirasini uzundan-uzun duo qildi.
Oradan bir necha yil o‘tdi. Diyora ancha ulg‘aydi. Hozirda u Toshkent viloyati Bekobod shahridagi ixtisoslashtirilgan san’at maktabining 10-sinf o‘quvchisi. Sinfda faol. Ko‘p yildan buyon ustozi Elnura Gabdulmanovadan fortepianoning sir-asrorlarini o‘rganib kelmoqda. Yosh, iste’dodli musiqachi ustozlarining ishonchi va bergan saboqlarini oqlab, qator tanlovlarda g‘oliblikni qo‘lga kiritmoqda.
2016-2018-yillarda “Kamalak yulduzlari” bolalar ijodiyot festivalining tuman bosqichida birinchilikni qo‘lga kiritishi uning ilk yutug‘i bo‘ldi. 2019-yili M.Ashrafiy nomidagi “Akademik va estrada ijrochiligi” ko‘rik-tanlovining viloyat bosqichida 3-o‘rinni egalladi. Qator respublika tanlovlarida ishtirok etayotgan Diyoraga jahon sahnasiga chiqish taklifi bildirildi. O‘z iqtidoriga ishongan qat’iyatli Diyora mamnuniyat bilan bunga rozi bo‘ldi. 2020-yil dekabr oyida Chexiya davlatining Praga shahrida bo‘lib o‘tgan “Crystal star Prague” xalqaro tanlovida Diyora Umaraliyeva 1-o‘rinni olib, O‘zbekistonga yorug‘ yuz bilan qaytdi. Bu muvaffaqiyat yana qator sinovlarga zamin hozirladi. 2021-yil mart oyida Rossiya Federatsiyasining Moskva shahrida bo‘lib o‘tgan “Stars shou” hamda shu yili dekabr oyida Sankt-Peterburgdagi “Рождение звёзды” xalqaro tanlovida yana bir bor iqtidorini namoyon qilib, g‘olib bo‘ldi. 2022-yili Ukrainada o‘tgan “Soul” nomli musiqa tanlovida 2-o‘rinni egallab, medal va statuetka bilan taqdirlandi.
Muvaffaqiyatning bir pallasini iste’dod, ikkinchi yarmini muntazam izlanish va harakat tashkil etadi. Erishgan yutuqlari salmoqli bo‘lsa-da, Diyora o‘ziga talabchan. Bir kunda 4 soat vaqtini fortepianoga ajratadi. Ustozlari ko‘magi bilan fortepiano uchun mo‘ljallangan murakkab asarlarni ijro etmoqda. Diyoraning muntazam mashg‘ulotlarini ko‘rgan buvisi Inobat aya uning navbatdagi tanlov arafasida turganligini darhol fahmlaydi. Nabirasining yuzi yorug‘ bo‘lishini tilab, duoga qo‘l ochadi.
Ma’rifat TOLIPOVA