Telepat
(fantastik qissa) boshi o'tgan sonda
Shundan keyin direktor Qobiljonga ma’noli qarab qo‘ydi-da, boya globusni koptok qilib, voleybol o‘ynagan bolalarni turg‘azib, yo‘lakka olib chiqdi.
– Rustam sinfinglardagi eng mard bola ekan, – dedi u xo‘mrayib, – hammanglarni aybinglarni o‘z bo‘yniga oldi. Haqiqiy do‘st shunaqa bo‘ladi. Sizlar bo‘lsa, eng qo‘rqoq, quyonyurak bolalar ekansizlar... Shu bugunoq, darsdan keyin globusni yamab, yelimlab o‘z holiga keltirasizlar. Aks holda, ota-onalaringizni chaqirtirishga to‘g‘ri keladi!..
Ular sinfga qayta kirishayotganda esa Qobilni to‘xtatib, yelkasiga urib qo‘ydi.
– Fattohov! Voleybolniyam eplagan odam o‘ynaydi! Faqat koptokda!..
Yer yorilmadi-yu, Qobiljon kirib ketmadi.
Shu kuni hammalari darsdan keyin sinfda qolishdi. Globusni to‘g‘rilashdi, yelimlashdi, pachog‘ini tuzatishdi. Qobiljonni nazarida u asl holidan ham chiroyli bo‘lib ketgandek tuyuldi.
Rustam bilan maktabdan qaytisharkan, nega shu paytgacha bu bola bilan yaqin emasligi haqida o‘ylab qoldi, hatto unga havasi ham kelib ketdi.
“Zo‘r bola ekan, – xayolidan kechdi uni, – Temur Mahkamovich to‘g‘ri aytadilar. Haqiqiy o‘g‘il bola!...”
* * *
Keyingi kunlarda ancha qiziq ishlar bo‘ldi.
Qobiljonda yaxshi o‘zgarishlar paydo bo‘la boshlayotgani uyda ham, sinfda ham sezilib qoldi.
Endilikda u darslarni qoldirmaslikka, “Kundalik daftari”da ham “uch”, “to‘rt”, hatto bitta-yarimta “besh” baholar ham ko‘rina boshlagan edi.
Qo‘shni maktab futbol komandasi bilan o‘tgan musobaqadan keyin esa Qobiljonning nomi yanayam mashhur bo‘lib ketdi. U o‘yin davomida raqiblar darvozasiga qatorasiga to‘rtta to‘p kiritdi. Stadion qiyqiriqlarga to‘lib ketdi. Jismoniy tarbiya o‘qituvchisi esa uni “o‘zimizning Ronaldo”, deb maqtab ham qo‘ydi. Hamma tabrikladi. Faqat Temur Mahkamovichgina negadir indamay, bosh irg‘ab qo‘ydi xolos.
Shu kuni kechki payt alamiga chidolmagan qo‘shni maktab o‘quvchilaridan bir nechtasi Qobiljonlarning maktabi derazalarini tosh-bo‘ron qilib ketishdi.
* * *
Ertasigayoq direktor butun futbolchilarni to‘pladi, majlis o‘tkazdi. Kechagi o‘yinda kim qanday o‘ynagani, kim qanday xatoga yo‘l qo‘ygani haqida gapirdi. Keyin maktabda “Tartib saqlovchi posbonlar guruhi” tuzishni taklif qildi va bu guruhning rahbarligiga Qobiljonning nomzodini ko‘rsatdi...
* * *
Vaqt o‘tgan sari maktab hayotida o‘zgarishlar sezila boshladi. Tartib-intizom joyida, o‘qishlar yaxshi, hammayoq saranjon-sarishta, katta sinf o‘quvchilari kichik sinfdagilarga yordam bergan, kichik sinfdagilar kattalarni hurmat qilgan. Qobiljon bo‘lsa har tanaffusda o‘z guruhi bilan maktab hududini aylanib yurar, tartibni, ozodalikni nazorat qilar, hatto bironta pista po‘chog‘ini yerga tushishigayam yo‘l qo‘yishmasdi.
Bu orada maktabda Maorif vazirligidan, Fanlar Akademiyasidan, yana allaqanday tashkilotlardan semiz, novcha, pakana amakilar, xolalar tez-tez kelib turadigan direktorning xonasida to‘planib, nimalarnidir uzoq muhokama qiladigan bo‘lib qolishdi...
* * *
Kunlardan bir kuni Qobiljon o‘rtoqlari bilan maktab hovlisida aylanib yurarkan, pasttakkina o‘rindiqda xayolga cho‘mib o‘tirgan Temur Mahkamovichni ko‘rib qoldi. Direktor imlab uni yoniga chaqirdi. Hol-ahvol so‘radi, o‘qishlari bilan qiziqdi va kutilmaganda nega boks to‘garagiga bormay qo‘ygani haqida so‘radi.
– Bilmadim... Borgim kelmayapti, – dedi Qobiljon chaynalib, – mushtlashishni nima keragi bor?
Temur Mahkamovich jilmayib qo‘ydi.
– Bu-ku, yaxshi. Lekin boks faqat mushtlashish degani emas, – dedi u, – nega unda o‘zing shu to‘garakni tanlagansan?
Qobiljon to‘g‘risini aytishga majbur bo‘ldi. Bundan ikki-uch yil avval qandaydir bir janjal chiqib, yuqori sinf o‘quvchilaridan ikkitasi o‘zini nohaq do‘pposlashganini, keyin ulardan alamini olish uchun boks to‘garagiga borganini gapirib berdi.
– Alamingni oldingmi? – kulimsiradi Temur Mahkamovich.
– Yo‘q, – bosh chayqadi Qobiljon, – keyin yarashib ketdik.
– Bu yaxshi bo‘lgan ekan, – dedi direktor. – To‘g‘risini ayt, o‘zingga qaysi biri ko‘proq yoqadi? Boksmi, futbolmi?
– Futbol, – dedi Qobiljon hech nimaga tushunmay.
– Sport kollejida o‘qishni xohlaysanmi? - yana so‘radi Temur Mahkamovich.
Qobiljon bu savolni kutmagandi. Nima deyishini bilmay, yelka qisib qo‘yaqoldi. Ochig‘i, o‘sha kuni suhbatga unchalik tushunmadi. Hammasi bir haftadan keyin ma’lum bo‘ldi.
O‘sha kuni ular maktab stadionida mashg‘ulot o‘tkazishayotgan edi.
O‘yinga shunchalik berilib ketishdiki, hatto maktab direktori boshliq bir necha kishi o‘zlarini tomosha qilib turishganini payqashmadi ham. Jismoniy tarbiya o‘qituvchisi hushtak chalgandagina sezishdi. O‘yin to‘xtadi. Safga tizilishdi.
– Xo‘sh Qahhor aka, bulardan qaysi birini tavsiya qilasiz? – so‘radi baland bo‘yli, ko‘zoynakli kishi.
– Hammasi bir-biridan zo‘r bolalar, – dedi jismoniy tarbiya o‘qituvchisi maqtangannamo ohangda.
– Hammalarini yuborolmaymiz, ikkitasi yetarli, – dedi Temur Mahkamovich. – Ikkitasi respublika o‘quvchi-yoshlar terma jamoasida ishtirok etishi, sport kollejiga o‘qishga tavsiya qilinishining o‘ziyoq maktabimiz shuhratiga shuhrat qo‘shadi!
– Unaqada Botir Sharipovni... Keyin, – o‘ylanib qoldi Qahhor aka safga ko‘z yugurtirarkan.
– Aytavering, aytavering! – jilmaydi Temur Mahkamovich, – Qobiljon... Jismoniy tarbiya o‘qituvchisi “yalt” etib unga qaradi.
– Fattohovni! – davom etdi Temur Mahkamovich va kulib yubordi, – nega ko‘nglingizdagini tilingizga chiqara qolmaysiz-a, Qahhor aka? Yo eng yaxshi futbolchingizni qizg‘anyapsizmi?
Hamma “gur” etib kulib yubordi.
Shunday qilib, 7-“A” sinfning ikkita o‘quvchisi Toshkentga, respublika o‘quvchi-yoshlar chempionatida ishtirok etishga va Sport kollejiga yo‘llanma olish uchun jo‘nab ketadigan bo‘lishdi...
Bunisi endi hamma uchun, ayniqsa, Qobiljonning o‘zi uchun kutilmagan hol edi...
* * *
Qobiljon Botir bilan chempionatdan qaytdi-yu yana bir kutilmagan yangilikni eshitib, hang-u mang bo‘lib qoldi.
“Direktorni Toshkentga, Fanlar Akademiyasiga olib ketishgan emish!”
– Nimaga olib ketishadi yo o‘sha yerga ishga o‘tkazishdimi? – so‘radi Qobiljon hech nimaga tushunolmay.
– Endi, sirni ochmasam bo‘lmaydigan ko‘rinadi, Qobiljon, – kulimsiradi sinf rahbari Xolida opa, – biz o‘qituvchilarga ma’lum muddatgacha bu haqda gapirmaslik tayinlangan edi. Endi aytsa bo‘ladi. Bilasanmi Qobiljon, o‘sha Temur Mahkamovich hech qanaqa odam emas edi.
– Odam emas edi? – o‘rnidan sakrab turib ketayozdi Qobiljon.
– Ha, u Akademiyaning parapsixologiya va informatika laboratoriyasida yaratilgan so‘nggi rusumdagi “Telepat robot” edi...
– Robot?! – ko‘zlari katta-katta ochilib ketdi Qobiljonning.
– Ha, – dedi Xolida opa bosiq ohangda, – u boshqalarning fikrini o‘qiy oladigan, tashqi olam haqida ma’lumotlar qabul qiladigan, sun’iy miyasi ekstrasensor-sezgidan tashqari idrokka yo‘naltirilgan robot edi. Shuning uchun ham uni yaratgan olimlar robotga “Temir Mahkamovich” deb nom qo‘yishgandi.
– Yo‘-g‘e? – hayratini yashirolmadi Qobiljon.
– Shunaqa, – dedi Xolida opa hikoyasini davom ettirib, – uni bizni maktabimizga tajriba uchun olib kelishgandi. U maxsus kompyuterlashtirilgan programma dasturlar bo‘yicha ishlardi. O‘sha dasturga sening ham noming kiritilgandi, shuning uchun ham senga ko‘proq e’tibor qaratardi. Mana, tajriba muvaffaqiyatli o‘tdi, endi laboratoriyaga qaytarib olib ketishdi...
Qobiljon quloqlariga ishongisi kelmas, “yo‘q, bo‘lishi mumkin emas, mumkin emas”, deya shivirlardi.
(Tamom)
Erkin Usmonov