Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Havas ortidagi qatʼiyat

Qaddi-qomati kelishgan, qarashlari samimiy, nozik tabiatli qiz Ruxshona badiiy gimnastikaning haqiqiy muxlisi. Bolaligida televizor orqali gimnastikachi qizlarning ohulardek nafis harakatlarini berilib tomosha qilar, chiroyli liboslariga havasi kelardi. Ba’zan ularning harakatiga taqlid qilardi. Farzandidagi qiziqishni payqagan Malika opa Ruxshonani o‘zi tarbiyalanayotgan bog‘chaning badiiy gimnastika to‘garagiga berdi.

Ruxshona  Alimjonova Chirchiq shahridagi 25-maktabning 4-sinfini tugatmoqda u sinf rahbari Adolat opa Ramazonovaning suyukli o‘quvchisi, murabbiyi Maftuna opaning eng qobiliyatli shogirdi. Sinfdoshlari uni nafaqat tirishqoq o‘quvchi, balki sportchi qiz sifatida ham yaxshi bilishadi, unga havas qilishadi. U tuman, viloyat chempionatlarida muvaffaqiyatli qatnashib, ustozi mehnatini yuzaga chiqarmoqda.

Ruxshona 2021-yilda Andijon viloyatida Bolalar va o‘smirlar sport maktablari o‘rtasida “Sportni sev, sport bilan yasha” shiori ostida o‘tkazilgan bellashuvda 1-o‘ringa sazovor bo‘ldi. Shu yili Navoiy viloyatida Xalqaro bolalarni himoya qilish kuniga bag‘ishlangan ochiq turnirda ham g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. G‘alabalar davom etaverdi. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilingan kun munosabati bilan Navoiy viloyatida o‘tkazilgan turnirda 1-o‘rin, Bolalar va o‘smirlar sport maktablari Respublika ochiq birinchiligida, “Go‘zallik va nafosat g‘unchalari” turnirida ham oliy o‘rinlarni egalladi.

– Mashg‘ulotlardan charchaganingda yoki lat yeganingda  bu sport turidan voz kechmoqchi bo‘l­gan­misan, – so‘radim undan.

– Uzunligi 500 millimetrli qattiq yelim tayoq bilan mashq qilayotganimda, boshimga zarb bilan tegib ketadi, ba’zan yuzim ko‘karadi. Ikkita yog‘och ot ustiga oyoqni qo‘yib, o‘r­tasida muallaq, yoysimon shaklda uzoq  turish uchun o‘ta chidamli, kuchli bo‘lish kerak. Shu holatda og‘riqdan  yig‘lab yuborgan paytlarim ham bo‘lgan. Oyimga bu haqida aytganimda “Qiynalayotgan bo‘lsang, mashg‘ulotlarga bormay qo‘ya qol”, – de­gan­lar. Shundan so‘ng qiyinchiliklar haqida oyimga aytmaydigan bo‘ldim. Murakkab vaziyatlar juda ko‘p bo‘ladi, ammo sportdan voz kechish haqida o‘ylamaganman, – dedi u o‘ziga ishonch bilan.

– Ruxshona mashg‘ulotlarda raqs harakatlarini butun diqqati, vujudi bilan berilib bajaradi. O‘z ustida ko‘p ishlaydigan, irodali, mas’uliyatli shogirdlarimdan biri, – deydi murabbiy Maftuna opa Karimova. – Unda qat’iyat kuchli – maqsadiga yetmagunicha hara­katdan to‘xtamaydi.

Ruxshona Alimjonovaning orzusi jahon chempionatlarida qat­nashib, g‘olib bo‘lish va Vatanimiz sporti rivojiga munosib hissa qo‘shish. Biz orzulari sari olg‘a intilayotgan qizga oq yo‘l tilab qolamiz.

 

Dilafro‘z   ZAYNIYEVA

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.