Kerakli toshning ogʻiri yoʻqmi?
Maktabga otlanib tursam Halima kelinoyi papka ko‘tarib chiqib qoldi.
– Rayhona, Kamolani adasi bugun ishga barvaqt ketgandi. Iltimos, qizim siz bilan borsin. Papkasini ko‘tarishib ketasiz, – dedi u xijolatomuz ohangda.
– Bo‘ldi, bo‘ldi, bering, – shoshilib kelinoyimni qo‘lidan papkani oldim. Oldim-u, bir qalqib ketdim. Chunki papka anchagina og‘ir edi.
– Voy, shu mittigina qizingiz shunday og‘ir papkani ko‘tarib ketadimi? – so‘radim hayron bo‘lib.
– Sezdingizmi, shuning uchun uyat bo‘lsa ham sizdan iltimos qilyapman-da. Papkasi tushmagur qizimdan og‘ir, – kuldi kelinoyi. – Qizimni maktabga o‘zimiz olib borib, o‘zimiz olib kelamiz, sumkasini ko‘tarish uchun. Yo‘qsa, maktab unchalik ham uzoq emas-ku. Azbaroyi Kamolani ayaganimiz uchun, kitoblar katta-katta, chiroyli, ammo yetti yoshli bolaga og‘irlik qiladi. Nachora kerakli toshning og‘iri yo‘q, – xo‘rsindi kelinoyi.
– Kamola, hamma o‘rtoqlaringni papkasi og‘irmi, – so‘radim undan.
– Hammamizni kitoblarimiz bir xil. O‘rtoqlarim o‘zlari orqalariga ilib kelishadi. Og‘ir deyishmaydi, – dedi Kamola jilmayib.
Shunda tiqilinch avtobusda orqasiga kattakon papkasini ilib olgan bolalarni kattalardan eshitgan tanbehlari yodimga tushdi.
– Sumkangni qo‘lingga ol, o‘tishga xalaqit beryapsan.
– Namuncha, o‘zingdan katta sumka ko‘tarmasang...
Bechora o‘quvchilar yanayam bu tanbehlarga unchalik e’tibor berishmaydi. Bunday o‘ylab qarasang, o‘quvchilarda ayb yo‘q. Chunki besh kunlik o‘qishga o‘tgan boshlang‘ich sinflarda har kuni 5-6 soat dars bo‘ladi. O‘sha darslik kitoblar, daftar, qalam, termos, hatto tushlik ham shu papkadan joy oladi. Aka-opasi borlarga-ku oson, ular ko‘maklashadi. Lekin bu marhamatdan yiroq sho‘rlik bola esa, maktabga yetguncha yelkasidagi yukdan charchab bo‘ladi. Ana endi 35 ta bola qiy-chuv qilayotgan sinfdagi dars uning shang‘illayotgan qulog‘iga qanchalik o‘rnashadi, bunisini o‘zi biladi. Chunki u papkani o‘zi uchun og‘irligini sezmaydi, shunday bo‘lishi kerak, deb o‘ylaydi.
Yildan yilga ta’lim darajasi mukammallashib bormoqda. Mamlakatimizga chet el ta’lim tizimi tajribasi jadallik bilan kirib kelmoqda. Bolalar uchun yangi dasturli, zamon talabiga javob beruvchi darsliklar yaratilishi yaxshi. Ammo tanganing ikkinchi tomoni ham borligini esdan chiqarmasligimiz kerak. Mulohazamning mohiyati ham aynan shunda. Biz ana shu og‘ir sumkalar haqida ota-onalar, o‘quvchilar, o‘qituvchilar, shifokorlarning fikriga quloq soldik.
Nazokat opa:
– O‘g‘lim, Akobir, 2-sinfda o‘qiydi. Ozg‘ingina bolamning yelkasiga zil-zambil papkani ilarkanman, yuragim uvishib ketadi. Rahmim keladi. Biroq ilojim yo‘q. Birorta kitobingni tashlab ketaqol, desam ustoz urishadi deb ko‘nmaydi. Hayronman, darslik kitoblarni shunchalik og‘ir, katta qilib chiqarish shartmi. Balki, bitta partada o‘tirgan ikkita bola kundalik darsliklarni kelishgan holda bo‘lib olib borishsamikin deb o‘ylab qolaman.
Nasiba Qahramonova, o‘qituvchi:
– Darsliklarni zamonaviy, o‘quvchi didiga moslab chiqarishga urinishyapti, bu yaxshi. Biroq, meni kitoblarning hajmi o‘ylantiradi. 1-sinfdagi o‘g‘limning sumkasini akasi ko‘tarib boradi. Ammo, o‘zini darsliklari uyda qoladi. Nega desangiz, yuqori sinf bolalari bilasiz, ancha o‘jar, katta, qo‘pol portfellarni xushlamaydi. “Yosh bolamasman-ku, o‘rtoqlarim uyat qiladi”, – deydi. Ingliz tili, tarbiya, informatika darsliklari esa papkasiga sig‘maydi. Darsliksiz o‘tgan dars oqibati o‘zingizga ma’lum. Kuzatishimcha, ba’zi sinfdoshlari darsliklarni sinfda qoldirib ketishadi. Endi bu qanchalik to‘g‘ri bilmadim. Fikrim, darsliklar hajmi, vazni haqida o‘ylab ko‘rish kerak.
31-sonli oilaviy poliklinika shifokori Surayyo Mehmonova:
– Maktab o‘quvchilari ayni o‘sish pallasida. Bu paytda ularning suyaklari ancha nozik, egiluvchan bo‘ladi. Keragidan ortiq og‘irlikdagi papkani har kuni orqaga osish, ayniqsa, uni faqat bitta yelkada ko‘tarish albatta, bola sog‘lig‘iga jiddiy zarar yetkazadi. Bola bo‘yi o‘smay qolishi, bo‘yin, yelka suyaklari qiyshiq o‘sishi ehtimoli bor. Umurtqa pog‘ona qiyshayishi oqibatida bola bukri bo‘lib qolishi, “skolioz” kasaliga chalinishi mumkin. Aslida boshlang‘ich sinf o‘quvchisi 2 kilogramm.dan ortiq yuk ko‘tarmasligi kerak. Shunday ekan, bu haqida jiddiyroq o‘ylab ko‘rish kerak.
Nafisa opa Tojieva, 1-sinf o‘qituvchisi:
“Yangi darsliklar sizga ma’qulmi”, degan savolimizga shunday javob berdilar:
– Albatta. Yangi tizimda chiqarilayotgan kitoblar avvalgilardan ancha zo‘r. Chunki bu kitoblardagi mavzularni avvallari to‘rtinchi sinfda o‘tgandik. Ana shu mavzularni o‘quvchilarim juda zukkolik bilan, qunt bilan o‘rganishmoqda. Qiynalishganini sezmadim. Biroq kitoblarning hajmi biroz katta, vazni shunga yarasha og‘ir. Bolalar papkalarni ko‘tarishda ochig‘i, qiynalishyapti. Nachora, kerakli toshning og‘iri yo‘q.
Yuqoridagi fikrlarni o‘qigach, ustozning andishasiga unchalik ham qo‘shilmadik. Kerakli tosh keragidan og‘ir bo‘lsa-chi?! Uning kerakligining ahamiyati kerakmikan? Siz-chi, siz nima deb o‘ylaysiz?
Rayhona ABDURAUPOVA,
Muslima IKROMOVA,
Toshkent shahar Yashnobod tumanidagi 152-maktab o‘quvchilari