Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Prezident sovgʻasi sohibasi

Kitob o‘qigan bolalarga “Spark” avtomashinasi sovg‘a qilinyapti. Bunday e’tibor va bu kabi katta sovg‘a, iste’dodli, intiluvchan bolalarga, kelajak avlodga bo‘lgan ulkan e’tibor, g‘amxo‘rlikni ko‘rib quvonamiz. Shu bois ham kitob bilan bog‘liq tanlov va tadbirlarning sanog‘i ko‘p. Bular  qatorida “Yosh kitobxon” tanlovi alohida  o‘rin tutadi.

Bugungi suhbatdoshimiz “Yosh kitobxon” Respublika tanlovining 10-14 yosh toifasi bo‘yicha 1-o‘rin sohibasi, Prezident sovg‘asi – “Spark” avtomashinasini qo‘lga kiritgan  Buxoro shahridagi 30-maktabning 9-sinf o‘quvchisi Muxlisa Nasimova. Muxlisaning hayajonli kunlari Buxoro shahrida, u ta’lim olayotgan maktabda hali davom etmoqda. Bu haqda uning o‘zidan eshitamiz.

 

– To‘g‘risi, hayajonlarim cheksiz. Ayniqsa, o‘ylagan orzularim ro‘yobga chiqqanidan  behad xursandman. Menga ishongan,  qo‘l­lab-quvvatlagan, dadil bo‘lishga undagan atrofimdagi mehribon insonlarning ishonchini oqlaganimdan boshim ko‘kka yetdi. Qo‘limda “Spark”ning kalitini ushlab turib, ko‘zlarimga ishonmayman. “Nahotki?..” deb o‘zimga savol beraman. Shu paytda tanlov kunlari hay’atga raislik qilgan filologiya fanlari doktori Bahodir Karimovning bizni tabriklab aytgan gaplari yodimga tushadi: “Sizlar mashinadan ham katta boylikka ega bo‘ldingiz. Bu – siz o‘qigan kitoblar va ulardagi bilim manbai. Bu boylik sizlarga bir umr hamroh bo‘ladi. Kitoblardan olgan bilimlaringiz ortida sizlarni yana ko‘plab muvaffaqiyatlar kutib turibdi”.

Oilamizda bobom yaratgan kitobxonlik muhiti mavjud. Bobom menga ilk marotaba 5-sinfda o‘qiyotganimda O‘zbekiston xalq shoiri  Muhammad Yusufning “Xalq bo‘l, elim” deb nomlangan she’riy to‘plamini sovg‘a qilganlar. Aynan shu kitob va undagi ta’sirchan, bir o‘qigandanoq yuragingdan joy oladigan she’rlar tufayli adabiyotga, she’riyatga bo‘lgan qiziqishim ortgan va men tanlovda qatnashishga ahd qilganman. 6-sinfda ilk marotaba “Yosh kitobxon” tanloviga qatnashib mag‘lub bo‘ldim. Aynan shu mag‘lubiyat va undan olgan taassurotlarim, kitobxon bolalarning astoydil harakatlari, izlanishlari menga kuch berdi. O‘qigan kitoblarimdan chiqargan xulosalarim esa mendagi kurashuvchanlik  qobiliyatini rivojlantirdi. Qolaversa, menga ishonch bildirib ko‘z tikib turganlar bor edi. Bu vaziyatda yarim yo‘ldan qayta olmasdim. Jadid adabiyotining yirik vakillaridan biri Abdurauf Fitrat aytganidek, “Ha­yot yo‘lidagi birinchi masala – bu maktab masalasi”. Men uchun ham birinchi o‘rinda maktab va darslarim. Lekin qo‘ldan kelgancha  ularni birgalikda olib borishga harakat qildim. Bu ishlarda meni ustozlarim, sinf rahbarim qo‘llab-quvvatlashdi. 

Yozuvchi Tohir Malikning “Alvido bolalik” asari katta taassurot qoldirdi. Jahon adabiyotidan esa  Garriet Bicherning “Tom tog‘aning kulbasi” kitobini maroq bilan o‘qib chiqdim. Barcha kitobsevar do‘stlarimga shu asarlarni o‘qishni maslahat beraman.

Chet tillarini o‘rganishga ham qiziqishim baland. Ayni damda ingliz tilini o‘rganyapman. Toshkentdagi Xalqaro universitetlardan birida o‘qish niyatim bor. Nasib etsa bu orzumga ham erishish uchun harakat qilaman. Mehnatning tagi rohat deb bejiz aytilmagan ekan. Men bu maqolni mehnatning tagi baraka deb aytardim. Chunki, Toshkentdan qaytganimdan so‘ng maktabimizda bayram bo‘lib ketdi. Buxoro hokimi chaqirib, shaxsan tabrikladilar, noutbuk sovg‘a qildilar. Buxoromizda shunday kitobxonlar bor ekanki viloyatimiz nomini ko‘kka ko‘tardi. Yanada quvonarlisi, “Yosh kitobxon”ning 15-20 yosh toifasida 2-o‘rin g‘olibi ham aynan Buxorodan – Shamshoda Xamdamova. Bir yo‘la ikkita sovrinli o‘rin, – dedilar.

–   Tanlovga tayyorlanishni boshlagach, uyda ham barcha sharoitni yaratib berishga harakat qildik. Muxlisa yangi yil kuni ham  xonasidan chiqmay, kitob o‘qidi. Yaxshi natijalarga erishgan kunim, men uchun “Yangi yil” deb javob berdi. Fursatdan foydalanib  viloyat kutubxonasiga maktabdagi ustozlariga ham rahmat aytaman dedi Muxlisaning onasi biz bilan suhbatda.

Kitobxonlik tanlovlariga qiziqqan teng­doshlarimga kitobni shunchaki yuzaki emas, balki  asar qahramonlari bilan yashab, ular boshidan kechirgan g‘am-qayg‘u, iztiroblarni birga his qilib o‘qisa, ana shunda kitob haqiqatdan o‘qilgan bo‘ladi va xotirada yaxshi saqlanib qoladi.

Yosh avlodga g‘amxo‘rlik qilayotgan, kelajagimizga katta ishonch bildirayotgan muhtaram Prezidentimizga sovg‘a uchun katta rahmat aytaman.

Biz ham “Gulxan” jurnali  ijodiy jamoasi nomidan Muxlisani Prezident sovg‘asini olish sharafiga  muyassar bo‘lgani bilan samimiy qutlaymiz. O‘ylaymizki, qator kitoblar  o‘qib fikran boyigan qizimiz bundan keyin ham biz bilan ijodiy hamkorlikni davom ettiradi.

 

Zahro HASANOVA

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.