Ezgulik mukofoti
Ezgulik – insondagi eng oliy fazilat. Yaxshilik qilish orqali biz hech nima yo‘qotmaymiz, aksincha, o‘zligimizni anglab boramiz. “Yaxshilik qil” iborasini bobo-yu buvijonlarimizdan juda ko‘p bora eshitganmiz. Kimningdir og‘irini yengil qilib, unga yordamingiz tegsa, ko‘nglingiz behad yorishib ketadi. Bu hisni yaqindagina men ham tuydim.
Bir kuni qayerdandir taksida qaytayotgan edik. Yonimda o‘tirgan qiz negadir bezovta, yig‘lagudek bo‘lib o‘tirardi. Keyin bilsak, u onasidan olgan yo‘l haqini tushirib qo‘ygan ekan.
– Shunaqa qilasizlar-da hammalaring, – dedi jahli chiqqan haydovchi. Tushadigan manziliga yetgach, ertalab buvimdan kitob uchun olgan puldan qizga uzatdim. U judayam sevindi, boyagi qo‘rquvi tarqalib ketdi. Qizning quvonchi menga ham yuqdi. O‘sha kuni barcha darslardan qatorasiga besh oldim. Shu haftada o‘tkazilgan “A’lochi o‘quvchi” tanlovida birinchi darajali diplom va esdalik sovg‘asini qo‘lga kiritdim. Eng qizig‘i, men sotib olmoqchi bo‘lgan kitob sovg‘aning ichida bor edi. Quvonganimdan terimga sig‘may ketdim. Ishonamanki, kimgadir yaxshilik qilsangiz, albatta, u sizga kutilmagan tomondan mukofot bo‘lib qaytadi.
Robiya ORTIQBOYEVA,
Jizzax viloyati G‘allaorol tumanidagi 16-maktabning 6-sinf o‘quvchisi