Eng faol kitobxon edim
Firuz Allayev — siyosiy tahlilchi, tadbirkor, Asaxiy.uzga tegishli “Asaxiy books” loyihasi asoschisi hamda bugungi kundagi rahbari. U 1989-yilning 7-iyul kuni Buxoro viloyatining G‘ijduvon tumanida tug‘ilgan. O‘zbekiston Jahon tillari universitetining tarjimonlik fakultetida va Fransiyadagi Xalqaro siyosiy tadqiqotlar institutida ta’lim olgan. Firuz Allayev “Asaxiy books” loyihasi sabab “Shuhrat“ medali va “Tahsin” mukofoti bilan taqdirlangan.
BOBOMNI QO‘LLARIDA KITOB BILAN ESLAYMAN
Kitobga qiziqishimda bobom muhim rol o‘ynagan. Bobom kimyo-biologiya fanidan oliy toifali o‘qituvchi bo‘lgan. Butun umr o‘qituvchilik qilib, bir nechta avlodni tarbiyalagan. Aqlimizni taniganimizdan buyon kitob o‘qirdi. Bobomni doim qo‘llarida kitob bilan eslayman. Kitobga mehr qo‘yishimga sababchi bo‘lgan yana bir inson – onam. Onam badiiy asarlarni erinmasdan o‘qir edi. Oilamizda “Yaxshi yashashni, yaxshi inson bo‘lishni istasang, ko‘p kitob o‘qishing kerak” degan fikr bo‘lgan. Biz kitobni ilohiylashtirib ulg‘aydik. Shu sabab kitobxonlik oiladan boshlanadi, deb hisoblayman.
Bizga ustozlarimiz ham katta yordam berishgan. 1-sinfligimda alifboning hamma harflari o‘tib bo‘linmasidan oldin uni o‘zlashtirib, o‘qish kitobini ham tugatib qo‘yganman. O‘qituvchimiz Ra’no opa menga boshqa joylardan kitob olib kelib berardi. Maktab kutubxonasidan eng ko‘p kitob olib o‘qiydigan faol kitobxon o‘zim edim.
KITOB INSON DUNYOQARASHINI RIVOJLANTIRUVCHI ASOSIY VOSITA
Sevib o‘qigan kitoblarimdan biri Xudoyberdi To‘xtaboyevning “Sariq devni minib” asari bo‘lgan. O‘sha paytda ilk marta lotin yozuvida chop etilgandi. Maktab kutubxonasiga yangi muqova, yangi holatda kelgandi. Shu kitob sabab fantastik asarlarga muhabbatim uyg‘ongan. Undan keyin juda ko‘p fantastik va sarguzasht kitoblarni o‘qib chiqqandim. Masalan, Jyul Vern yaxshi ko‘rgan yozuvchim edi. Uning qanday asari qo‘limga tushsa o‘qiyverardim. Maktabda fransuz tilini o‘rganardim, agar kitob fransuz tilida bo‘lsa, lug‘at yordamida o‘qib chiqardim. “Kapitan Grant bolalari”, “O‘n besh yoshli kapitan”, “Suv ostida sakson ming kilometr” kabi bir nechta kitoblarni sevib o‘qiganman. Keyinchalik bilsam, fantastik kitoblar insonning dunyoqarashi, ijodkorligi rivojlanishiga asosiy sababchilardan biri ekan. Chunki fantastik kitoblarni o‘qigan paytda miyada fantaziya rivojlanadi.
Ba’zilar darsliklarni, ilmiy-ommabop kitoblarni ko‘p o‘qishadi. Bunday kitoblar bilimni oshirishga yordam berishi mumkin, lekin inson dunyoqarashi, xarakteri shakllanishida badiiy kitoblarning o‘rni juda katta. Shu sabab ham imkon bo‘lsa har kuni uxlashdan oldin 5-10 bet badiiy kitob o‘qishni odat qilish lozim. Dunyoqarashni o‘stirish uchun yaxshi kinolar ham juda foydali. Yoshligimdan bobom har kechki payt mahalliy “G‘ijduvon” telekanalida rus tilida filmlar qo‘yilgan paytda yonlariga olib, “Kinoni ko‘r, ham rus tilini o‘rganasan, ham dunyoqarashing o‘sadi” derdi. Shu sabab kitob va kinoga bo‘lgan mehrim kuchli.
Badiiy qahramonlar orasida yuragimga yaqin bo‘lgani bu – Edmond Dantes obrazi, “Graf Monte-Kristo” – sevimli romanlarimdan bittasi. Edmond Dantes qanchalik o‘zgarsa, bilimli bo‘lsa ham, qasos hissi uni tark etmaydi. Bu obraz menga doim qiziqarli bo‘lgan va bolaligimda o‘qigan asarlarim orasida ajralib turadi.
FANTASTIK KITOBLARNI O‘QISH KERAK
Yosh bolalar ko‘proq fantastik kitoblarni o‘qishi kerak. Yuqorida aytganimdek, bunday kitoblar insonda ijodkorlikning rivojlanishiga sabab bo‘ladi. E’tibor bersak, buyuk shaxslarning ham bolalikdagi eng sevimli kitoblari fantastik kitoblar bo‘lgan. Kimdir Ayzek Azimovni, kimdir Jyul Vernni o‘qigan, hozirgi yangi avlod “Garri Potter”ni o‘qib katta bo‘lyapti. Ilon Mask bolaligida ko‘p fantastik kitoblarni, shu jumladan, Ayzek Azimovni sevib o‘qigan. Jeff Bezos ham fantastik kitoblarni o‘qishni yaxshi ko‘rganini aytgan. Shu sabab dunyoning aksar rivojlangan mamlakatlarida fantastik kitoblar, komikslar ommalashgan. Chunki bular bolaning miyasi shakllanishida, unda fantaziya, ijodkorlik, mantiq rivojlanishida muhim rol o‘ynaydi.
Xitoyda fantastik kitoblarni rivojlantirish uchun 1980-yilda davlat dasturi qabul qilingan. Natijada bugun u yerda minglab fantastik asarlar yozadigan yozuvchilar bor. Amazon.com saytiga kirib fantastik kitoblar kategoriyasini ko‘rsak, o‘nlab xitoylik muvaffaqiyatli yozuvchilarni topishimiz mumkin. Siz ham fantastik kitoblarni maza qilib o‘qing, birga xayolan dunyoni zabt eting, yangi sayyoralarni oching, o‘zga sayyoraliklar bilan tanishing.
“ASAXIY BOOKS” LOYIHASINING YARATILISHI
Ilgari chet tilidagi kitoblar o‘zbek tilida topilmas edi, odamlar u kitob bormi, bu kitob bormi, deb so‘rashardi. Shuni ko‘rib, biz dastlab 3 ta kitobni xayriya sifatida tarjima qilib chiqaramiz, degan fikrga kelganmiz. Lekin vaziyatni o‘rgansak, 3 ta kitob bilan butun boshli bozor o‘zgarib qolmaydi. Natijada kitob bozori rivojiga hissa qo‘shadigan “Asaxiy books” loyihasini yaratish fikri paydo bo‘ldi. Loyiha 5 bosqichda amalga oshirildi.
1. Dastlabki 5 yilda internet orqali kitoblar sotuvini yo‘lga qo‘ydik, ya’ni O‘zbekistonning istalgan hududiga – viloyat, tuman, chekka qishloqlarigacha internet orqali xarid qilingan kitoblarni yetkazib beramiz;
2. Jahon zamonaviy va klassik adabiyotidagi kitoblarni o‘zbek tiliga tarjima qilishni boshladik. 5 yilda 45 tadan ortiq kitoblar o‘zbek tiliga tarjima qilinib sotuvga chiqarildi;
3. “Asaxiy books” mobil ilovasi orqali elektron kitoblar sotuvini yo‘lga qo‘ydik;
4. Audiokitoblar sotuvini yo‘lga qo‘ydik. Kitoblarni mashhur jurnalistlar, masalan Hamza Jumayev bilan hamkorlikda studiyada, yaxshi ovoz bilan, ssenariylar asosida yozyapmiz;
5. O‘zbek adabiyotidagi yangi nomlarni kashf qilishni o‘zimizga asosiy vazifa qilib olgandik. Bu bosqichning ilk mevalarini ko‘rdik. Javlon Jovliyevning “Qo‘rqma” romanini ko‘pchilik o‘qidi va muvaffaqiyatli chiqdi. Biz izlanishda davom etmoqdamiz.
Internet orqali sotuv sabab bugun ko‘p bolalar uyidan chiqmay turib, saytimiz orqali nafaqat “Asaxiy books” chiqargan kitoblarni, balki o‘zlari xohlagan asarlarni va hatto ingliz tilidagi kitoblarni buyurtma qilishlari mumkin. Ya’ni ular o‘z tumanlarida, qishloq yoki maktablarida topolmagan kitoblarini “Asaxiy books” orqali topishlari mumkin. Bu bolalar uchun katta imkoniyat deb o‘ylayman.
Hali kitobxonlik borasida juda ortdamiz. Masalan, jahonda 1000 xil yangi kitob chiqsa, nari borsa 50 tasi o‘zbek tiliga tarjima qilinadi. Bu yo‘nalishda rivojlanish yaxshi, lekin qilinadigan ishlar hajmi juda katta, kitobxonlar soni kam. Shu sabab hali ko‘p o‘qishimiz, yoshlarni kitobga qiziqtirishimiz kerak.
AGAR KITOB O‘QIMAGANIMDA…
Rivojlangan davlatlarning hammasida kitob o‘qiladi. To‘g‘ri, hammasi kitob sabab rivojlanib qolmas, lekin rivojlangan davlatlardagi odamlar ko‘p kitob o‘qishi aniq. Masalan, Yaponiya, Janubiy Koreya, Xitoy, Germaniya, Fransiya, Italiya, Turkiyada qanday ko‘p kitob o‘qilishini bilaman. Shu sabab havas qilaman. Faqat darsliklarni emas, badiiy, ilmiy-ommabop kitoblar o‘qilishini, kitob va bilim trendda bo‘lishini juda xohlayman. Orzumdagi O‘zbekistonning birinchi qadami aynan insonlarning dunyoqarashi va bilimi o‘sishidan boshlanadi.
Kitob bizga hayotni yaxshiroq tushunishga, o‘z fikrimiz va o‘ylayotganlarimizni yaxshiroq ifodalashga imkon beradi. Masalan, odamlar o‘ylaganini so‘z orqali ifodalab berolmaydi. Bunga so‘z boyligi kamligi va fikrlash torligi sabab bo‘ladi. Ko‘proq kitob o‘qigan inson o‘z fikrini yaxshiroq tushuntira oladi va odamlarni ham yaxshiroq tushunadi.
Agar kitob o‘qimaganimda, hozirgiday muvaffaqiyatli bo‘lardim, deb o‘ylamayman. Chunki men qilayotgan biznes ham, boshqa ishlar ham bilimning ustiga qurilgan. Bilimni oladigan asosiy vosita esa – kitob. Shu sabab, erishgan barcha yutuqlarim uchun kitoblardan minnatdorman.
Bugun dunyodagi eng muvaffaqiyatli insonlarning hayotini Uolter Ayzekson yozadi. U Benjamin Franklin, Stiv Jobs va Ilon Masklarning biografiyasini yozgan. Xalqaro darajadagi tadbirkor bo‘lib, Uolter Ayzeksondek inson men haqimda kitob yozishini istayman, bu men uchun haqiqiy baxt bo‘lardi.
Shahribonu RAHMATOVA suhbatlashdi