Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Qalbimga huzur onam

Qadrli obunachilar!

Telegram kanalimizda 8-mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan “Ayolga maktub” nomli tanlov o‘tkazilganidan xabaringiz bor-a?

Ha, buni bizga kelgan xatlarning sonidan bilib olish mumkin. Qisqa muddatda o‘kazilgan tanlovimizga 50 dan ortiq onlayn maktublar qabul qildik. Ularning ichidan 30 dan ortig‘i “Sara maktublar” deb topildi. Ishtirokchilar ichida qo‘shni Qozog‘iston Respublikasining Turkiston shahridan ham xat jo‘natganlar borligi bizni ikki karra mamnun etdi.

Tanlovda faol ishtirok etgan barcha ishtirokchilardan minnatdormiz. “Gulxan” bilan birga bo‘ling! Sizga eng yaxshilarini ilinamiz!

Ijtimoiy tarmoqlarda va’da berganimizdek, quyida g‘olibamizning maktubini siz jurnalxonlarga taqdim etamiz.

 

***

Ona... Bu tabrik maktu­bimni sizga bag‘ishladim! Sizni anvoyi bo‘y taratadigan rang-barang gullarga o‘xshataman. Ilk bora bog‘imizdagi nafis gullardan sizga taqdim etganim esimda. O‘sha lahzalarda dunyoning eng chiroyli gulini olgandek quvonganingiz, duo qilib, “Menga shunday farzand berganing uchun tashakkur”, deb shukronalar aytga­ningiz, chehrangiz yorishib, quyosh ham oldingizda xijolat chekkani hamon ko‘z oldimda gavdalanadi. Bolaligimda 8-mart yaqinlashsa, ukam ikkimiz siz uchun rangli qalamlarni jilolantirib, bor mehrimizni qo‘shib, ijtimoiy tarmoqlarsiz dil izhorlarimizni  maktub qilib yozgandik va chiroyli suratlar chizib bezatgan edik. O‘zimiz bitgan she’rlarni o‘qib bersak, ko‘zingizdan yosh quyilar edi. Balki, o‘sha payt sizni tushunmay “Onamga tabriknomam yoqmabdi-da”, deya xafa bo‘lgandirman. Ammo, endi tushunib yetdim. Bu ko‘z yoshlar quvonchdan, ona mehrining beqiyosligidan hosil bo‘lgan ekan.

Sizga tabriknomalar yozmay qo‘yganimga roppa-rossa 3 yil bo‘libdi. Ulg‘ay­dimmi yoki nimadandir xijolat­damanmi? O‘zimning sa­vol­larimga o‘zim javob berolmay qol­dim. Albatta, har yili sovg‘alar bilan ko‘nglingizni ko‘tarib, baxtlarga to‘ldiramiz. Biroq bolalik, undagi xatlar o‘zgacha bo‘lgan ekan. Siz asragan “tabrik maktublar”larimizni kuni kecha o‘qib, ko‘zimga yosh oldim, sevindim, sevintirdingiz!

Siz o‘zgarmabsiz onajon, biz farzandlar sizga maktub yozmay qo‘yibmiz!

So‘z sehri shunday kuchli ekanki, onaning yuragini tez-tez urdirib,  qalbiga huzur bag‘ishlar ekan.

Gulyuzligim, nuryuzligim onam. Hayotimda bor bo‘lganingiz uchun sizga tashakkur! Meni aslo yolg‘izlatib qo‘ymang, bu sinovli dunyoda sizdan o‘zga sirdoshim, mehrli hamrohim yo‘q. Garchi, har kuni sizga yaxshi ko‘rishimni izhor eta olmasam-da, qizingiz sizni hammadan ustun ko‘radi, sizni hammadan ko‘p yaxshi ko‘radi, mehridaryoyim.

Ona, endi har yili ayyomda sizga maktublar taqdim etaman. Bayramingiz muborak bo‘lsin, bahorning yorqin kunlari, gullari kabi yashnab, baxtlarga to‘lib yuring!

 

Fazilatoy Obidova,

Andijon viloyati Asaka tumani 42-IDUMI 10-sinf

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.