Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Temurzoda malikalar

Sharq ayollari davlat ishlarini boshqarishda, ilm-fan, san’at,   ma’naviyatni   yuksaltirishga   salmoqli   hissa qo‘shishgan. Ularning dono va zukkoligi, ayollik iffati va salohiyati, mard va jasurligi to‘g‘risida bizgacha ko‘plab tarixiy ma’lumotlar yetib kelgan.

Tеmuriy amirzodalarni   zamon   sohiblari,   barkamol   kishilar   qilib   tarbiyalashda   saroy malikalarining o‘rni beqiyos bo‘lgan. Quyida ular haqida qisqacha ma’lumotlar keltirdik. O‘ylaymizki, bu ma’lumotlarni o‘qigach yuksak axloq, mard, jasur, ma’rifat sohibalari avlodi ekanimizni anglab, ularga munosib bo‘lishga intilamiz.

Saroymulk xonim (Bibixonim) Chig‘atoy ulusiga mansub mo‘g‘ul xonlaridan Qozonxonning qizi bo‘lib,  Sohibqiron Amir Temur o‘z nikohiga olgach, tarixda “Bibixonim”, ya’ni “Katta xonim” taxallusi bilan ataladi. Amir Temur harbiy yurishlarida SaroyMulk xonimni ko‘pincha birga olib yurgan. Saroymulk xonim – insonparvar, vatanni sevguvchi, mamlakatning ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy va madaniy hayotidan yaxshigina xabardor bo‘lgan, saltanat ishlarida dono maslahatlari bilan faol qatnashib turgan ayol edi.

Gavharshod begim Amir Temurning to‘rtinchi o‘g‘li Shohruh Mirzoning suyukli katta xotini bo‘lib, chig‘atoy zodagonlaridan G‘iyosiddin Tarxonning qizi. Tarixiy manbalarning guvohlik berishicha, Gavharshod begim yuksak did-farosatli, oqila, tadbirkor, suxandon, bir so‘zli, qat’iyatli, husn bobida ham benazir ayol bo‘lgan. Tabiatan mutaasib dindor Shohruh Mirzo ko‘p vaqtini toat-ibodat va kitob mutolaasiga sarflardi. Saltanat, devon ishlarini o‘ktam va tadbirkor xotini Gavharshod begim boshqarardi. Viloyatlarga hokim tayinlash, qo‘shinga sarkarda belgilash, hatto kimga qanday in’om va kimga qanday jazo berish masalalari ham malikaning inon-ixtiyorida edi. 

Xonzoda begim  Umar Shayx Mirzoning qizi, Zahiriddin Muhammad Bobur Mirzoning opasi. U did-farosatli, o‘tkir zehnli va aql-zakovat sohibasi bo‘lib, o‘ta muloyim va g’amxo‘r ayol edi. Malikaning ukasi Bobur Mirzo boshiga tashvish tushganda eng mehribon zot sifatida yelkadosh bo‘ladi va Shayboniyxon nikohiga kiradi.  Undan bir o‘g‘il ko‘radi. Ismini Xurrambek deb ataydilar. Shayboniyxon qatlidan so‘ng Xonzoda begim ukasi Zahiriddin Muhammad Boburshohning saroyi — Qobulga qaytib keladi. Xonzoda begim Boburshoh va uning taxt vorisi Humoyunshoh saroyida ma­s­lahatchi vazifasini bajargan.

Gulbadan begim. Zahiriddin Muhammad Boburshohning ayoli Dildor begimdan tug’ilgan  uchinchi qizdir.  Gulbadanbegim o‘z zamonasining oqila, donishmand ayollaridan edi. U jiyani Jaloliddin Akbar podshohning iltimosiga ko‘ra, “Humoyunnoma” nomli muhim tarixiy asarini yozadi. “Humoyunnoma” Bobur podshoh bilan Humoyun podshohning hayot tarzi va sarguzashtlarining muxtasar tarixi bo‘lib, mantiqan “Boburnoma”ning davomidir. Asarning yana bir qimmatli tomoni shundaki, unda o‘sha davr ayollarining qismati, ularning turmush tarzi, Hindistonda yashagan temuriy malikalarning biz bilgan va bilmagan kechmishlari barcha nozikliklari bilan aks ettirilgan. Kitobxon bu asardan Sharq etnografiyasi, urf-odati, ayollar kiyimlari, ularning sifati va andozasi, saroydagi to‘y-tomoshalarning ayollar bilan bog‘liq jihatlari haqida to‘liq ma’lumot oladi.

Nurjahon begim Boburiy shahzoda — Jahongirshohning ikkinchi xotinidir. Nurjahon begimning haqiqiy ismi Mehriniso bo‘lib, asli kelib chiqishi Erondan edi. Uning ota-onasi yo‘qchilik oqibatida o‘z vatanidan Hindistonga ko‘chib kelib, Akbar podshoh saroyida xizmatga yollanadi.  Mehriniso o‘z go‘zalligi, ziyrakligi, farosatli va tadbirkorligi tufayli faqat Jahongirshohnigina emas, balki saroy ahlini ham o‘ziga rom qiladi. Shu sababdan, Nurmahal (saroyning nuri),  keyinchalik esa jahonning nuri, ya’ni Nurjahon deb ataydilar. Nurjahon begim nozik ta’b shoira ham edi. U Maxfiy taxallusi bilan g‘azallar bitgan.

Arjumand bonu (Mumtoz Mahal) – taxminan 1594-yilda Mashhadda tug‘ilgan. U asli eronlik bo‘lib, bobosi va ota-onasi kambag‘allik yuzasidan Hindistonga ko‘chib keladi va Akbarshoh mulozimatiga xizmatga kiradi. 1613-yili 19 yoshli Arjumand bonu 21 yoshli shahzoda Xurramga (Shoh Jahon) turmushga chiqadi. O‘tkir aql-idrok va did-farosat sohibasi bo‘lgan Arjumand bonu tez kunda tadbirkorligi, nozik tabiati, iffati va tengsiz husn-latofati bilan saroy a’yonlari o‘rtasida katta e’tibor qozonadi. 1628-yil fevralida Shoh Jahon taxtga o‘tirgach, yosh malika Mumtoz Mahal begim saltanat ishlarida unga yordamlashib, maslahatchi va muhrdorlik qiladi.

Jahon Oro begim – Shoh Jahonning katta qizi bo‘lib, Onasi Mumtoz Mahal begim vafot etgandan so’ng  onasining vasiyatiga ko‘ra, shoh oilasini boshqarish uning zimmasiga tushadi. Jahon Oro begimning jismi ismiga monand bo‘lib, husn-latofatda, aql-idrokda va ilm-u odobda ham ustuvor edi.. Boz ustiga, yaxshigina g‘azallar bitardi.

Zebuniso begim  Zahiriddin Muhammad Bobur podshohning pannevarasi Abu Zafar Muhiyiddin Muhammad Avrangzeb (taxt bezagi) Olamgirning qizi. Zebunniso begim zabardast shoira, yetuk olima, usta tanbur chertuvchi sozanda va mohir xattot bo‘lib yetishadi. Arab-fors tillarining sarf-u nahv (morfologiya va sintaksis)ini, fiqh (qonunshunoslik), mantiq, falsafa, tarix fanlarini puxta o‘zlashtiradi. Shoiraning g‘azallari o‘zining jo‘shqinligi, ravonligi bilan kitobxonlar qalbini rom etgan.

 

Hilola Abdurasulova tayyorladi

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.