Qutlov
8-Mart – Xalqaro xotir-qizlar kuni munosabati bilan Yangi O‘zbekistonni barpo etish, xalqimiz farovonligini yuksaltirish yo‘lida samarali mehnat qilayotgan eng faol, tashabbuskor xotin-qizlar davlatimizning yuksak mukofotlari bilan taqdirlandi. Ular safida kichik yoshdagi bolalarning adabiy-badiiy bezakli respublika jurnali “G‘uncha”ning bosh muharriri O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, Xalq ta’limi a’lochisi Dilfuza SHOMALIKOVAning borligi, uning “Shuhrat” medali bilan mukofotlangani bizni nihoyatda quvontirdi.
Dilfuza Shomalikova uzoq yillar mehnat faoliyati davomida turli gazeta va jurnallarda ishladi. Mana 16 yildirki, adabiyotning beg‘ubor olamida jajji bolajonlarni ma’naviyat va ma’rifat bo‘stoniga yetaklamoqda. U ijodkor sifatida bugunning bolasiga nimalar kerakligini yaxshi biladi. Shu davrda “G‘uncha” sifat jihatdan zamonaviy qiyofaga kirdi, mazmunan boyidi, yangi ruknlar qo‘shildi.
D.Shomalikova “Onam yopgan non”, “Tuproq o‘ynayotgan bola”, “Zag‘izg‘onning arg‘imchog‘i” kabi hikoyalar to‘plami muallifi.
Yozuvchining hikoya, ertak, maqolalari bilan tanishar ekansiz, jannatmakon yurtimizning betakror manzaralari ko‘z oldingizda gavdalanadi, ko‘klamning ovozi qulog‘ingizga chalinadi. Tandirdan yangi uzilgan non isini tuygandek bo‘lasiz. Qushlar chug‘uri, fasllar nafasini sezasiz.
Biz Dilfuza opani yuksak mukofot bilan tabriklaymiz, sihat-salomatlik, ijodiy parvoz tilaymiz!
“Gulxan” jamoasi