Ertaknamo bug‘ilar fermasi
Yurtimizda sayyohlar e’tiborini tortuvchi qiziqarli maskanlar ko‘p ekanligini bilasiz. Ulardan biri – bug‘ular fermasi. Ferma Toshkentning Bo‘stonliq tumanidagi 180 gektarlik hududda joylashgan. U yerda bolajonlarning sevimli Disney multfilmlaridagi kiyikcha Bembiga o‘xshash ertaknamo jonivorlar oilasi bor.
Eng qizig‘i, siz kiyiklarni nafaqat ko‘rish, kuzatish, balki ovqatlantirish imkoniga ham ega bo‘lasiz. Buning uchun o‘zingiz bilan meva-sabzavotlar olib kelishingiz mumkin. Ularga berish mumkin bo‘lmagan mahsulotlar ham bor. Bu xodimlar tomonidan nazorat qilinadi. Fermada bug‘ularning 50 dan ortiq noyob xillari bilan yaqindan tanishishingiz, esdalik suratlarga tushishingiz mumkin. Mutaxassisning aytishicha, bu yer kiyiklarning barcha turi uchun yashashga qulay. Avvalo, kichik ko‘l mavjudligi, hududning kengligi, muhitning tabiiyligi, jonivorlarga berilgan erkinlik ana shu qulaylikni ta’minlaydi.
Ular tabiatan sovuq o‘lkalarni yaxshi ko‘rishadi va yilda bir bor shox tashlashadi (almashtirishadi). Demak, o‘ziga xos parvarish talab etiladi. Hozirgi kunda sayyohlarning asosiy qismini ota-onasi yoki ustozi bilan kelgan bolalar tashkil etishmoqda.
Siz ham, albatta, boring!
O‘zingizga yangi bir olam, sarguzasht manzili kashf qiling. Bu sayohatlar ro‘yxatingizdagi eng esda qolarlisi bo‘lishiga ishonamiz.
Barnoxon RAJABOVA