Zodagon yetim bola yohud…
Salom, qadrli mushtariylar. Sevimli jurnalimiz “Gulxan”ning yangi yildagi birinchi sonida diydorlashib turganimizdan juda xursandmiz. Yil davomida siz bilan birgalikda 12 ta kitobni mutolaa qilamiz, fikr almashamiz va savollarga javob topamiz. G‘olib bo‘lgan va faol ishtirokchilarimizni mukofotlar kutib turibdi. 2024-yilda yangi kitoblar bilan tanishib, qahramonlar hamrohligida sayohat qilishga tayyormisiz? Unda boshladik!
Siz o‘z hayotingizda ertak yoki filmlarda ko‘p qiyinchiliklarni boshidan o‘tkazgan va yomon odamlarga duch kelishiga qaramay, qalbidagi soflikni yo‘qotmagan, ezgulik sari intilgan insonlarni uchratganmisiz? Ularga rahmingiz kelgan, achingan bo‘lsangiz ajab emas. Loyihamizning bu galgi asari qahramoni Oliver Tvist ham shunday bolalardan.
Charlz Dikkens qalamiga mansub “Oliver Tvist” asari 1837-yil fevraldan 1839-yil martgacha “Bentley’s Miscellany” adabiy jurnalida Jorj Krukshenkning rasmlari bilan nashr etilgan va 1838-yil oktabrda alohida kitob holida chiqarilgan. U yozuvchining ikkinchi asari bo‘lib, ingliz adabiyotida ilk marta bosh qahramon sifatida yosh bola tanlagan kitob hisoblanadi.
Oliver tug‘ilishi bilan onasi vafot etadi va u yetim qoladi. So‘ng onasi yashagan, sharoiti juda og‘ir bolalar uyida o‘sadi. Undan qutilishni istagan yetimxona xo‘jayini janob Bambl Oliverni tobutsozga shogird qilib yuboradi. U yerdagi qiynoqlardan keyin bola Londonga qochib ketadi va jinoyatchilar bilan tanishadi. Jinoyatchilar to‘dasiga Fedjin ismli shaxs boshchilik qiladi. Jinoiy to‘daning a’zolaridan biri Nensi Oliverga mehr ko‘rsatadi. Jinoyatchilar Oliverni cho‘ntakkesar qilib tarbiyalashga harakat qiladilar.
Taqdiri hech kimni bezovta qilmaydigan Oliver kabi ko‘cha bolalari jamiyat tanasidagi yaraga – daydi va jinoyatchilarga aylanadi. Ular yashab qolish uchun yomon ishlarga qo‘l urishga majbur bo‘lishadi. Bolalar tilanchi yoki o‘g‘rilarga aylanadi. Ko‘pincha ular umrini qonun sirtmog‘ida yakunlaydi yoki qamoqda chiriydi.
Asarda qarovsiz qolgan bolalar psixologiyasi, ularning hayot tarzi yaxshi ochib berilgan. Siz kichkina qahramonning taqdiridagi vaziyatlar, uning yo‘lidagi ko‘plab uchrashuvlar, qiyin va xavfli sarguzashtlarga guvoh bo‘lasiz. London ko‘chalarida Oliver bilan birga daydib yurasiz go‘yo.
“Oliver Tvistning taqdiri qanday kechadi, o‘g‘riga aylanadimi, bir umr shu hayotda yashaydimi?” kabi turli xil savollar paydo bo‘ldimi? Unda, albatta, asarni mutolaa qiling va barcha savollarga javob toping. Ha, aytgancha, quyidagi savollarga ham javob topishni unutmang. Savollarga to‘liq va to‘g‘ri javob yuborgan kitobxonlar sovg‘asiz qolmaydi. Telegramdagi manzilimiz hali ham o‘sha – @GulxanBilimdon. Mutolaa sari olg‘a!
Savollar:
1. Oliverning onasi vafot etganida undan nima qolgandi?
2. Oliver nima sababdan “Tvist” familiyasini oladi?
3. Oliver qanday qilib shafqatsiz mo‘ri tozalovchining qo‘liga tushib qoladi?
4. Nimjon va jussasi kichik Oliver nega Noe ismli bolani do‘pposlaydi?
5. Kichik qahramonimiz Londonga qochib ketmoqchi bo‘lganida unga ishonch bildirgan inson kim edi?
6. Oliver qanday qilib politsiyachilarning qo‘liga tushib qoladi va uni kim qutqaradi?
7. Oliver o‘g‘rilik payti o‘qdan yaralanganida uyning egasi nega unga g‘amxo‘rlik qiladi?
8. Oliverni jinoyatchi sifatida Avstraliyaga jo‘natib yuborish rejasidan kim xabar topadi va qahramonimizga yordam beradi?
9. Asarda sizga eng yoqqan va yoqmagan qahramonlar kim? Tanlagan ikki qahramoningizga ta’rif bering.
Shahribonu RAHMATOVA