Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

O‘ylashga undagan “Gulxan”

Eng sevimli jurnalim “Gulxan”jon, sen bilan bir yil davomida birga bo‘ldim. Hayotimning eng yaxshi kunlari sen bilan o‘tdi. Hatto, erta tongni sen bilan qarshi oldim, kechki mutolaamni ham sen bilan yakunladim.

Bilasanmi, 2023-yil men uchun mu­vaffaqiyatlarga boy, sermazmun bo‘ldi.

Negaki Buyuk Britaniya va Amerikada 10 dan ortiq antologiyalarda ijodiy ishlarim chop etildi. 40 dan ortiq gazeta va jurnallarda she’r va maqolalarim e’lon qilindi.

Ko‘plab tanlov va konferensiyalarda ishtirok etdim. Rossiya, Italiya, Germaniya, Fransiya davlatlarining nazm yo‘nalishidagi onlayn tanlovlarida faxrli o‘rinlarni egalladim. 15 dan ortiq xalqaro tashkilotlarga a’zo bo‘ldim. Nigeriyaning Visdom Universiteti global ta’lim elchisiman. Argentinaning “Juntos por las Letras” tashkiloti, Misrning “Ijodkorlik, san’at va madaniyat” tashkiloti, Hindistonning IQRA fondi rasmiy a’zosiman. Bangladeshning “Kavya Kishor” saytining O‘zbekistondagi yoshlar va o‘smirlar vakiliman.

“Ko‘ngil niholi” nomli ikkinchi she’riy kitobim nashr etildi, “Yilning eng faol yosh iqtidorlisi” nominatsiyasi g‘olibasi bo‘ldim.

“Gulxan”jon, bir necha sonlaringda ijodiy ishlarim chop etildi. Sening bir-biridan qiziq va ajoyib sahifalaringni o‘qir ekanman, ko‘nglim ko‘tariladi. Sen eng beg‘ubor damlarimizga hamrohsan, bizni o‘ylashga va anglashga undaysan.

Qadrdon jurnalim, sendan 2024-yilda bundan-da sermazmun va g‘aroyib maqolalar, hikoyalar, she’rlar kutib qolaman.

  

Niginabonu AMIROVA,

Samarqand ixtisoslashtirilgan San’at maktab-internati, 9-sinf

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.