Ezgulik – shiorimiz, ma’rifat – qurolimiz
Bahor kelishi bilan ijodkor qizlarning qalbida hayajon uyg‘onadi. Bu faqat bahor – yangilanish fasli kelganidan emas, balki mart oyi boshida “Zulfiya” nomidagi davlat mukofoti sovrindorlari e’lon qilinishidandir.
Bu mukofotga erishishni har bir qiz orzu qiladi, loyiq bo‘lganlar esa ko‘ksida ko‘krak nishoni bilan birga olam-olam g‘urur, faxr, Vatanga muhabbat va e’tirofga munosib bo‘lish mas’uliyatini ko‘tarib yuradi.
Bu yil ana shunday e’tirofga sazovor bo‘lgan 28 nafar dilbar qizlar orasida Toshkent shahar Shayxontohur tumanidagi 186-maktabning ona tili va adabiyot fani o‘qituvchisi Mohira Eshpo‘latova va Surxondaryo viloyati Termiz shahridagi Ro‘zi Choriyev nomidagi ixtisoslashtirilgan san’at maktab-internatining 11-sinf o‘quvchisi Shamsiqamar Suyunova ham bor.
Keling, sovrindor qizlarning mukofotga uyg‘ongan havas, unga qadar bosib o‘tilgan yo‘l va sazovor bo‘lgandagi hayajonlari, dil so‘zlariga quloq tutaylik:
MAG‘LUBIYAT… MUZAFFARLIK CHO‘QQISI
– Bu mukofot hayot yo‘limni yoritguvchi bir yo‘lchi yulduz bo‘ldi, desam mubolag‘a bo‘lmaydi. Ammo, ungacha bo‘lgan zahmatli va sharafli yo‘lda atrofdagi insonlarning menga bo‘lgan ishonchsizligidan, qattiq hayajondanmi, bilmadim, qo‘rquvdanmi, tushkunlikka tushgan, ko‘z yosh to‘kkan onlarim bo‘ldi. O‘shanda faqatgina onam menga kuch va dalda bera oldilar. “Mag‘lubiyat, mag‘lubiyat va so‘ngra muzaffarlik cho‘qqisi”! – onam doim shunday derdilar. Men esa shirin xayollarim og‘ushida mo‘yqalamimni qo‘limga olar, ijod qilar, chizgan suratlarim bilan suhbat qurar edim.
Yurtboshimizning “Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti bilan taqdirlash to‘g‘risida”gi qarorlari chiqquniga qadar kechalarni uyqusiz o‘tkazdim. Hayajonim tobora ortib borardi. Sovrindorlar ro‘yxatida o‘z ism-familiyamni ko‘rib, xuddi qayta dunyoga kelgandek bo‘ldim.
Respublika Prezidenti bilan suhbat jarayonida bizga bildirilgan ishonch, mehr ko‘ksimda faxr hissini uyg‘otdi. Yurtboshimiz bu mukofotni yuragim tarafga taqar ekanlar, qalbimni cheksiz hayajon, yangi orzular va kelajakka umid chulg‘ab oldi.
Tengdoshlarimga aytadigan so‘zim, hozirgi qilayotgan harakatingiz kelajakdagi holatingizni aniqlab beradi. “Maqsad + mehnat + sabr = kutilgan muvaffaqiyat” shaklidagi formulani sizlarga tavsiya qilaman. Hamisha harakatda bo‘ling, o‘qing, o‘rganing. Dunyoni o‘zgartirish uchun o‘zingizni o‘zgartirishdan boshlang!
Shamsiqamar SUYUNOVA
***
UNUTILMAS BAHOR
Mehnati, izlanishlari e’tirof etilib, davlat tomonidan taqdirlanish har qanday kishini quvontiradi. Bu yilgi bahor men uchun ana shunday quvonchli xabar bilan boshlandi. Zulfiya nomidagi Davlat mukofotiga munosib ko‘rildim.
Davlat mukofotini olishimda men uchun eng aziz va mo‘tabar zot — onamning mehnati beqiyos. Negaki, kitobga kuchli mehrni onam uyg‘otgan. Har kecha bizga ertak aytib berardi. Eshitgan ertaklarimdagi voqealar tushimga kirardi. Shu bois, bolalik tushlarim rangli va qiziqarli edi.
Volidamdagi shu iste’dod menga ham ko‘chgan. Yillar o‘tib, hikoyalar mashq qila boshladim. 2023-yilda hikoyalar to‘plamim O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining “Birinchi kitobim” loyihasi doirasida chop etildi.
“Adabiyot – chegara bilmaydi. Bizni birlashtiruvchi bir nuqta bor, bu – So‘z”, deb hisoblayman. Biz kabi o‘qituvchi, ijodkor, umuman, ziyoli qatlam bu boradagi targ‘ibotlarga hissasini qo‘shishi shart. Ayniqsa, o‘qituvchilar zamon bilan hamnafas bo‘lishlari kerak.
Mukofot orzusidagi qizlarga!
Kechagi o‘zingizdan yaxshiroq bo‘ling. Sizga tashqaridan, ikkinchi darajalisan va ojizasan, kuchsizsan, degan fikrni singdirishlariga yo‘l qo‘ymang.
Dadil bo‘ling! Moddiyatga, oson yashashga uchmang, hamma narsaning to‘lovi bor. Siz milliardlab insonlarning birisiz, alohida shaxssiz, dunyoda o‘z o‘rningiz bo‘lsin, hech kim uchun bo‘lmasa ham, o‘zingiz uchun qo‘lingizdan nimalar kelishini isbotlay oling.
Mohira ESHPO‘LATOVA