Yangi tuhfalar bilan
Mana, yuksalib borayotgan, taraqqiyot yo‘liga chiqqan go‘zal O‘zbekistonga biz sog‘ingan bahor keldi. Qishning qahridan qo‘rqmay, qor ostidayoq o‘z barglarini yozib yuborgan binafshalar quyoshning bahoriy tabassumiga jilmaygancha peshvoz chiqdi. Binafshaning dadilligidan kuch olgan atrofdagi bahoriy gullarning barchasi kurtak otib, barg yozib, ko‘klam qo‘shig‘iga jo‘rovoz bo‘ldilar. Yaratganning qudrati, tabiatning mo‘jizalarini hayrat bilan kuzatar ekanman, xayolimga baxt va bahor kuychisi Hamid Olimjonning:
“...Har bahorda shu bo‘lar takror,
Har bahor ham shunday o‘tadi...”
– degan misralari keldi.
Mamlakatimizda har fasl, har bayramni yangi tuhfalar, yangi o‘zgarishlar, bunyodkorlik ishlari bilan kutib olish ana’naga aylanib bormoqda. Yaqindagina poytaxt markazida ochilgan muhtasham “Tashkent City Mall”ni ko‘rib, “Qaysi xorijiy davlatga kelib qoldim?” deb o‘z-o‘zimga savol berdim. Juda katta maydonni egallagan, eng so‘nggi arxitektura yangiliklari asosida qad rostlagan, bezatilgan bu bino nafaqat yurtdoshlarimizni, balki chet ellik mehmonlarni ham hayratlantirmoqda.
Bayram arafasida Prezidentimiz Toshkent shahrida gimnastika bo‘yicha Oksana Chusovitina sport mahorati maktabini borib ko‘rdi. U gimnastika bo‘yicha uch karra jahon chempioni, jahon kubogi sohibasi, sakkizta olimpiadada qatnashgan yagona gimnastikachi sifatida Ginnesning rekordlar kitobiga kiritilgan.
Bu maktab 1-11-sinflardagi 105 nafar o‘quvchiga mo‘ljallangan. Hozirda maktabda 91 nafar o‘g‘il-qiz mahoratini oshirmoqda. Ularga 2 ta xorijiy til ham o‘rgatilar ekan.
Shuningdek, mamlakatimiz rahbari Toshkentdagi Bahodir Jalolov boks sporti mahorat maktabini ham borib ko‘rdi va u yerdagi sharoitlar bilan tanishdi. Boks maktabi 175 o‘ringa mo‘ljallangan. 5-11-sinflarga har yili 25 nafardan o‘quvchi olinadi. Bu yerda Xalqaro darajadagi bokschilar tayyorlanadi. O‘quv mashg‘ulotlari xalqaro standartlar darajasida tashkil qilingan.
Kundan kunga yuksalib borayotgan ona diyorimiz haqida yana o‘nlab misollar keltirishmiz mumkin. Lekin bularning qatorida eng muhimi – ta’lim-tarbiyaga berilayotgan ulkan e’tibor. Bu haqida biz har kuni qandaydir yangilik eshitamiz. Ana shu e’tiborga munosib javob berish har bir o‘quvchiga nasib qilsin.
Bahoriy bayramlar barchamizga muborak bo‘lsin!