Faxr
Bizning oilada san’at va adabiyotga qiziqish juda katta. Bobom va buvijonim, ota-onam ham qiziqishlarimizni, qobilyatimizni befarq qoldirmaydilar.
O‘tgan yilning oxirlari edi. Dadam uyga xush kayfiyatda kirib keldilar va biz uchun poytaxtdagi yirik konsert dasturiga chipta olganlarini aytdilar. Quvonchimiz ichimizga sig‘masdi. Pespublikamizning uzoq tumanlaridan birida yashasakda, dadam bizni hech kimdan kam qilmay o‘stirmoqdalar... Konsert kuni yaqinlashib Toshkentga yo‘l oldik. Muhtasham binoda bo‘lgan ajoyib konsert barchamizga manzur bo‘ldi. Iste’dodli bolalarning mahoratlarini ko‘rib barchamiz hayratlandik. Ayniqsa, 8 yoshli qizaloq skripkada ijro etgan kuy e’tiborimizni tortdi. Aniqrog‘i, bu e’tibor emas, havas edi... shu havas ortidan dadam bizni musiqa tomon yetakladilar. Pianino, rubob, doira, skripka – cholg‘u asboblarini o‘rganishimizga zamin yaratdilar. Endigina 12 yoshni qarshilagan ukam – Oqilbekning skripka bo‘yicha mashg‘ulotlarga jalb etdilar... O‘rganayotganiga endigina 6 oy bo‘lishiga qaramasdan, zehnli, teran fikrlaydigan ukajonim ushbu yo‘nalishda bir qancha yutuqlarga erishishga ulgurdi. Bugungi kunda jahon xalqlarining, qolaversa, milliy kuylarimizni bemalol ijro eta oladi. Turli xil tadbir va tanlovlarda o‘z iste’dodini namoyish etdi. Bu esa bizga cheksiz faxr bag‘ishlamoqda. Ushbu voqeadan keyin havas insonga kuch bera olishiga amin bo‘ldim. Buning uchun ota-onamizga har qancha rahmat aytsak arziydi.
Shu kungacha shaxmat, she’riyat, aniq fanlar sohasida bir qator yuqori natijalarga erishgan ukamning o‘zbek musiqa san’atida o‘z o‘rnini topa olishiga ishonchim komil. Yaqinda o‘tkaziladigan “Kamalak yulduzlari” festivaliga puxta tayyorgarlik ko‘rayotgan Oqilbekka cheksiz zafarlar tilayman. Zero, yurt kelajagi – Oqilbekdek intiluvchan yoshlar qo‘lidadir!
Dilafro‘z ISTAMOVA,
Buxoro viloyati Shofirkon pedagogika
kollejining 2-bosqich o‘quvchisi