Ko‘ngil tarbiyachisi
Ustozim Mariya Chernova, musiqa odamning ichki dunyosini ulg‘aytiradi, didini tarbiyalaydi, deydilar. Buni qalbdan his qilgan ota-onam, akalarim, men va singlimni musiqa maktabiga o‘qishga berishgan. Jasur akam va singlim Xonzoda pianino bo‘yicha, Javohir akam baraban va childirma bo‘yicha tahsil olishmoqda. Men esa Respublika ixtisoslashtirilgan san’at maktab-internatining dirijorlik bo‘limida o‘qiyapman. Oilamizda yaxshi bir an’ana bor, hamma erta tongda uyg‘onib, jismoniy mashqlar bajarishi, o‘zi o‘rganayotgan musiqa asbobi ijrosida biror kuyni chalib berib, bobojonimning imtihonidan o‘tishi kerak. Buvijonim esa ancha yumshoqko‘ngil ayol, “qo‘ying bobosi, bolalarim nonushta qilib olishsin”, deya bizga issiq non va qaymoq ilinadilar. Har kuni darsdan kelganimizdan so‘ng ozodalikdan saboq beradilar. Chunki chiroyli olingan tirnoqlar, sovunlab yuvilgan qo‘llar, gigiyena qoidalariga rioya qilish ham sog‘lom ulg‘ayishimiz garovidir.
Dirijorlik bo‘limida biz qo‘shimcha tarzda pianino chalishni o‘rganamiz. Ba’zan nimadandir xafa bo‘lsam, pianino chalaman. Shunda musiqaning tinchlantiruvchi xususiyati ham borligini his qilaman. “Musiqani sevgan odamdan yomonlik chiqmaydi, chunki ularning ichki dunyosi go‘zal bo‘ladi”, – deydilar oyim. Dadam esa, yot g‘oyalar ta’siriga tushib qolmaslik, tarbiyasiz bolalarga qo‘shilmaslik uchun bolalar foydali mashg‘ulotlar bilan band bo‘lishi kerak, deb hisoblaydilar.
Bizning ruhan sog‘lom o‘sishimiz, jamiyatga nafi tegadigan inson bo‘lib ulg‘ayishimiz uchun barcha imkoniyatlarni yaratib bergan oilam bilan faxrlanaman.
Shohjahon TO‘RAYEV,
Respublika ixtisoslashtirilgan san’at maktab-internati 6-sinf