Gʻayratli jamoa
Yaqinda O‘zbekiston Milliy kutubxonasida o‘tkazilgan “Tong yulduzi” gazetasi tashkil topganining 95 yilligi hamda shu munosabat bilan tahririyat ijodkorlari tayyorlab chop ettirgan “Tong yulduzi yoritgan olam” nomli kitob taqdimoti, uzoq yillar gazetaning qo‘l-u oyog‘i bo‘lib yelib-yugurib ishlagan fotomuxbir Ravil Albekovning xotirasi va ijodiga bag‘ishlangan “Suratlar ko‘rgazmasi”da qatnashdik. Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, O‘zbekiston Milliy kutubxonasi vakillari hamda “Tong yulduzi” gazetasining muxlislari ishtirok etdilar. Ular safida O‘zbekiston Qahramoni Ibrohim G‘afurov, Milliy Axborot agentligi rahbari Abdusaid Ko‘chimov, ustoz jurnalistlar Jabbor Razzoqov, To‘lqin Qozoqboyev, Isfandiyor Latipov, Erkin Malikov kabi taniqli ijodkorlarni ko‘rib, qalbimiz faxrga to‘ldi. Gazeta jamoasini qutlug‘ sana bilan, ajoyib kitob taqdimoti bilan tabriklash uchun so‘zga chiqqanlar bolaliklari, o‘sha paytlardagi orzulari, gazeta bilan bog‘liq quvonchli kunlarini eslashdi. Ularning ko‘zlarida bolalarcha beg‘uborlik va samimiyatni, quvonch yoshlarini ko‘rdik.
“Tong yulduzi” gazetasi salkam bir asrdan buyon yurtimiz bolalariga, ularning kelajagi, ma’naviyati, yosh iste’dodlarning kamol topishiga ulkan hissa qo‘shib kelmoqda. Har yili o‘nlab yosh qalamkashlarni tarbiyalab ijodkorlar safiga qo‘shmoqda. Biz bu gazeta xodimlarini hamisha g‘ayratli jamoa deb ataymiz. Chunki ular doimo qizg‘in faoliyatda.
“Yosh kitobxon – 2022” tanlovining Respublika bosqichi g‘olibi, Prezident sovg‘asi sohibi, “Mard o‘g‘lon” Davlat mukofoti sovrindori, “Tong yulduzi” va “Gulxan” jurnalining jamoatchi muxbiri sirdaryolik Yorqinjon Hayitboyev o‘z maqolasida ajoyib bir taklif beribdi. U “Yosh kitobxon” tanlovining 10-14 yosh toifasi ishtirokchilari o‘qishi kerak bo‘lgan kitoblar, nashrlar ro‘yxatiga “Tong yulduzi” gazetasi, “Gulxan”, “G‘uncha” jurnallarini ham kiritish kerak...” deb yozibdi. Bu, albatta, bolalar ijodkorlarini quvontiradigan taklif.
Biz – “Gulxan” jurnali jamoasi, qo‘shni tahririyat – “Tong yulduzi”ni qutlug‘ sana, ajoyib kitob hamda kasb bayrami bilan samimiy tabriklaymiz. “Tong yulduzi”dan taralayotgan ziyo yillar osha porlab turishiga ishonamiz.
Gulxanjon