Bolalarga maktub
Adabiyot maydoniga o‘ziga xos ovoz bilan kirib kelgan Marina Svetayeva ijodi rus she’riyatining o‘lmas xazinasidan munosib o‘rin olgan. “Oqshom albomi” (1910) va “Sehrli fonar” (1912) uning dastlabki she’riy to‘plamlaridir. Keyinchalik “Blokka atalgan she’rlar”, “Hijron” (1922), “Hunar” (1923) kabi she’riy kitoblari hamda “Barakalla” (1924) doston-ertagi nashr etilgan. Quyida shoiraning sizga yo‘llagan dil so‘zlari – maslahatlaridan bahramand bo‘ling.
Hech vaqt suvni bekordan bekorga isrof qilmang. Xuddi shu damlarda sahrolarda kimdir suvsizlikdan jon berayotganini unutmang. Zinhor kalta o‘ylamangki, men to‘kkan suv o‘sha odamga, o‘sha cho‘lga yetib borarmidi deb. Suv yetib bormasa ham, o‘sha kimsa xuddi shu suvni ichmasa ham, dunyoda qonunlarda yozilmagan yana bitta jinoyat kamayadi.
Hech qachon nonni yerga tashlamang, urvog‘ini ham. Uvoli tutmasin. Qayerda ko‘rib qolsangiz, yerdami, oyoq ostidami, qo‘lingizga olib, qo‘l yetadigan, ko‘z tushadigan joyga qo‘ying. Bu dunyoda tashnalikdan madori quriyotganlar bilan birga burda nonga zorlar ham bor. Har qalay, tuproqqa, changga, loyga botib, qorishib yotgan nonni olib yegandan ko‘ra, balandroq joydagi toza nonni olib yeyish qulayroq, yegani o‘ziga singadi. Sizni bilmasa ham duo qiladi. Savobga qolasiz.
Hech qachon telba odamlardan qo‘rqmang. Ularga duch kelsangiz, dardiga sherik bo‘ling. Balkim shunda o‘zingiz bilmagan holda uni shu darddan bolalarcha soddaligingiz, samimiyatingiz, beg‘uborligingiz, ta’masizligingiz bilan forig‘ etarsiz. Uning dilidagini topishga urining, nimani istaydi o‘zi, so‘rab ko‘ring. Odam taftini odam ko‘taradi, axir. Bundaylarning ustidan aslo kulmang! Boshqalar ham kulyapti-ku, gapirishyapti-ku, deb gunohingizni boshqalarga ag‘darmang. O‘zingizga o‘zingiz loqayd bo‘lmang, aksincha mas’ul bo‘ling. Erkin, mustaqil fikrlashga o‘rganing.
Ota-onangizni ranjitmang. Ulardan bo‘lar-bo‘lmasga arazlamang. Unutmangki, ular ham qachonlardir sizdek bola bo‘lishgan, vaqti-soati yetib, siz ham ulardek keksayasiz. Ota-onalaringizning erta qarishlariga, bu dunyodan bevaqt ko‘z yumishlariga sababchi bo‘lib qolishdan saqlaning. Ularni yerni tepib yurishlarining o‘zi katta davlat.
Yo‘lingizda tosh ko‘rinsa, olib tashlang. Faraz qilingki, siz chopib ketayapsiz, ko‘rmay-bilmay shu toshga surinib ketdingiz. Burningiz qonadi, shikastlandingiz. Hech bo‘lmasa, o‘zingiz uchun shu toshni yo‘ldan chetga olib qo‘ying.
Odamlar orasida, transportlarda o‘zingizdan kattaga joy berishdan uyalmang, aksincha, bermasangiz uyaling! Moddiy tomondan ustunligingizni hech vaqt ko‘z-ko‘zlamang.
Sinalmagan otning yonidan o‘tmang.
O‘z uyingizga tosh otmang, bu uy siz bilan qoladi, o‘zgalar uyiga sizni baribir kiritishmaydi, sig‘maysiz, ortiqchasiz ularga.
Raqibingizni yengsangiz, g‘ururlanmang. G‘oliblik nashidasini ichdan anglab yetishning, sezishning o‘zi kifoya. Birovning ortidan mazax qilib kulmang, hattoki, aybini, kamchiliklarini bilsangiz ham. Ayniqsa, sizni gij-gijlaganlardan qoching, ular sizni gij-gijlab qochib ketishadi.
Oygul SUYUNDIQOVA tarjimasi