Koʻrshapalak
Bor ekan-da, yo‘q ekan, och ekan-da, to‘q ekan. Juda qadim zamonda ulkan tog‘lar orasida bir go‘zal bog‘ bo‘lgan ekan. Shu bog‘da qushlar, gullar, daraxtlar – barchasi bir-birlari bilan ahil, mehribon yashar ekanlar. Ular jam bo‘lib “Mehmon-mehmon” o‘ynamoqchi bo‘lishibdi. O‘yinni xonqizi boshlab beribdi. U gullar orasiga, asalari tog‘ guliga, qaldirg‘och tog‘ bag‘riga mehmon bo‘libdi. Shunday qilib, bog‘ sho‘x kulgi, xursandchilik maskaniga aylanibdi. Ularni bir chetdan kuzatib turgan kapalak o‘rtoqlarining g‘ashiga tegmoqchi bo‘lib:
— Kelinglar, hammamiz birgalikda berkinmachoq o‘ynaylik, — debdi.
— Yaxshi fikr, — uni ma’qullabdi xonqizi.
— Axir, mehmon-mehmon o‘ynayotgan edik-ku!? — debdi chittak.
— Mayli, kapalak aytganidek bo‘la qolsin, — debdi asalari. Bu taklif hammaga ma’qul tushibdi.
Berkinmachoq o‘yinida berkinganlarni topish kaptarning zimmasiga tushibdi. Kaptar hammadan birinchi bo‘lib kapalakni topib olibdi. Kapalakka bu yoqmabdi. Kaptar boshqa qush va hasharotlarni topish uchun ancha qiynalibdi. Birinchi bo‘lib topilgan kapalakka bu alam qilibdi. Sekin kaptarning oldiga borib, arining berkingan joyini aytibdi. Kaptar arini topib olibdi. O‘yin orasida xonqizi berkingan joyidan sekin chiqib, kaptar va kapalakka sezdirmay boshqa joyga yashirinibdi. Kaptarga bu alam qilibdi. Kapalak borib qaldirg‘ochning berkingan yerini aytibdi. Kaptar qaldirg‘ochni topibdi. Kapalak qaldirg‘ochga hammaning berkingan joyini aytib beribdi. Buni kuzatib turgan ari barcha yig‘ilganidan so‘ng, kapalakning qilgan ishlari g‘irrom ekanini aytibdi.
— Axir, bu o‘z nomi bilan berkinmachoq o‘yini bo‘lsa, nega kapalak qaldirg‘ochga berkingan joylarimizni aytib berdi?
Kapalakning qilgan ishidan qush va hasharotlar hayron bo‘lishibdi.
— Nega bunday ish qilding? — ajablanibdi qaldirg‘och.
— O‘yinni buzibsan! — jahli chiqibdi xonqizining.
— Nima! Kabutar senlarni topolmay qiynalishi kerakmidi, topib bo‘lmaydigan joyga ham berkinadimi? — debdi uyalmay kapalak.
— O‘yin, o‘z nomi bilan o‘yin-da, — debdi ari.
— Shunisi bilan qiziq-da, — kuyunibdi qaldirg‘och.
— Ajab qilibman, — debdi kapalak hammani hayron qoldirib.
— Sen o‘yin o‘ynashni bilmaganingdan keyin, bizga aralashishing kerak emasdi, — debdi asalari.
— Nimalar deyapsan, men senlardan zo‘r o‘ynayman, faqat kabutarga rahmim kelganidan aytdim, — yana o‘zini oqlabdi kapalak.
— Ey, qo‘ysang-chi shu gaplarni, bundan keyin seni berkinmachoq o‘yiniga qo‘shmaymiz, — debdi qaldirg‘och jahl bilan.
— Qo‘shmasalaring qo‘shmalaring, men ham senlar bilan o‘ynayman deb o‘lib turganim yo‘q, — debdi kapalak.
— Sen o‘yinimizni ko‘rolmading, iching qora ekan, — debdi asalari.
— Sen bilan men ham o‘ynamayman, — debdi xonqizi.
— Men ham uni o‘yinga qo‘shmayman, — debdi qaldirg‘och.
Shunday qilib, o‘rtoqlar jam bo‘lgan yerdan tarqalishibdi.
Bora-bora kapalak qushlardan uyalganidan kechalari yolg‘iz o‘zi o‘ynagani chiqadigan bo‘libdi. Shu-shu, u bir o‘zi o‘ynar, berkinmachoq o‘yinini qo‘msab, u burchakdan bu burchakka uchar, o‘rtoqlarini sog‘inar ekan. U o‘zi bilan o‘zi ovora yurib, ko‘rshapalakka aylanibdi.
Volida ABDUG‘AFFOR qizi