Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Gulxanjonning chin do‘sti

– Gulxanjon, do‘stlaring ko‘p bo‘lsa kerak-a, – so‘radim tahririyatga kelgan xatlarni berilib o‘qiyotgan Gulxanjonga havas bilan qarab.

– Albatta, respublikamizdagi barcha muxlis bolalar mening do‘stlarim, – g‘ururlandi Gulxanjon.

– Yaxshi, lekin uzoq yillar yelkadosh bo‘lgan qadrdonlaring orasida, demoqchi edim.

– Ular ham anchagina. Masalan, Siz, – jilmaydi u.

– Buni bilaman, – iltifotdan quvonib ketdim, – yana-chi?

– Yanami, yana Mirvosil aka Odilov. U kishi bilan salkam yarim asr yelkama-yelka ishladik. Iye, Muhabbat opa, bugun Mirvosil akaning tug‘ilgan kuni, bundan 52 yil avval xuddi shu kuni tahririyatimizga ishga kelgan edilar, – yuzlari lovullab ketdi Gulxanjonning.

– Iye, bu ham esingdami? – hayajonlandim men.

– Albatta, esimda, qadrdonimiz taniqli matbaachi Yodgor aka yoqimtoygina yigitchani yetaklab keldilar-da, bosh muharririmiz Yayra opaga tanishtirdilar, – Yayraxon, bu mening jiyanim, buyuk alloma Beruniy bobomiz siymosini yaratgan mashhur hajvchi-rassom Vohid Odilovning o‘g‘li Mirvosil bo‘ladi, – dedilar.

Yayra opamiz tortinibgina turgan yigitcha bilan ikki og‘iz gaplashdilar-u, – ertadan boshlab mana shu jingalak soch yigitcha biz bilan ishlaydi. Axir u qadrdonimiz, jonkuyar jurnalist Mahmud aka Murodovning jiyani bo‘ladi-ya, – dedilar Mirvosil akaga mehr bilan qarab.

Ana o‘sha kundan boshlab Mahmud akaning jiyan qo‘shnisi “Gulxan”ning erka o‘g‘liga aylandi. Mo‘min-qobil, har bir maslahatga diqqat bilan quloq soladigan, mehnatkash yigitcha mas’ul kotib Narimon Orifjonovning ham, badiiy muharrir, taniqli rassom Anatoliy Siglinsevning ham mehrini qozondi.

– Texnik muharrir badiiy muharrir bilan hamkor, hamfikr bo‘lishi shart. Demak, endi biz sen bilan hamkorlikda ishlaymiz, bu o‘zbekchada qanday atalardi, – peshonasini siladi Anatoliy Nikolayevich, keyin topdi shekilli, yoyilib jilmaydi, – ustoz-shogird bo‘lamiz.

Anatoliy Nikolayevich hamisha jilmayib turadigan, ruschada ham bexato gapiradigan shogirdiga nafaqat texnik muharrirlikni, balki o‘z kasbi mahoratini ham erinmay o‘rgatdi. Mirvosil aka ustozi saboqlarini ham diliga, ham yon daftariga yozib olaverdi. Yillar shamoldek yelib o‘taverdi.

– Mirvosil, badiiy muharrir mehnatisiz jurnalning chiroyi ochilmaydi. Jamoa mehnatini yuzaga chiqaradigan – badiiy muharrir va mas’ul kotib fantaziyasi. O‘rganganlaringga amal qilsang, bu ishning uddasidan chiqasan, – dedi Anatoliy Nikolayevich pensiyaga chiqib o‘rniga Mirvosil aka tayinlangan kun.

– Ko‘nglingiz to‘q bo‘lsin, Anatoliy Nikolayevich, u ishonchingizni, ishonchimizni oqlaydi. Chunki Mirvosil bolalarni, o‘z ishini, “Gulxan”ni yaxshi ko‘radi, – dedi bosh muharrir To‘lqin Qozoqboyev, – qolaversa, harbiy xizmatdan ancha pishib qaytdi.

Mirvosil aka butun umr shu ishonchni oqlashga harakat qildi. U bor mahorat va bilimini jurnal dizaynining chiroyli va o‘ziga xos bo‘lishiga qaratdi. Eng muhimi, sahifalarga tanlangan yozuvlar, ranglar bolalar sog‘lig‘iga zarar yetkazmaydigan bo‘lishini ham unutmadi. Jurnal texnik sahifalanishi, dizayni jihatidan Markaziy Osiyo respublika bolalar jurnallarining eng ilg‘ori, brendiga aylandi. U kishining tashabbusi bilan tahririyatda yosh rassomlar to‘garagi tashkil qilindi. Unda taniqli rassomlar Bahodir Jalolov, Javlon Umarbekov, Alisher Mirzayev, Abduboqi G‘ulomovlar havaskorlarga rassomlik sirlaridan saboq berdilar. Mirvosil aka shogirdlariga ishonardilar. Jurnalda nashr qilinishi mo‘ljallangan hikoya, ertaklarni o‘qitib, o‘zlariga ma’qul syujetga rasm chizishni topshirardilar. Bu esa havaskorlarni o‘z ustida ishlashga, bo‘yoqlar bilan tillashishga o‘rgatardi.

Mirvosil aka bir muddat yangi tashkil qilingan “Yosh kuch” jurnalida badiiy muharrir, Yoshlar nashriyotida bosh rassom bo‘lib ishlagan chog‘larida ham “Gulxan”dan uzoqlashmadilar. Ijodiy hamkorlikni davom ettirdilar. Jurnalimizning yangi badiiy muharrirlari Xurshid Ziyoxonov, Murod Ungarovlarga yordam berib turdilar. Ot aylanib qozig‘ini topadi, deganlaridek, Mirvosil akaning “Gulxan”ga bo‘lgan mehri kuchlilik qildi. U yana jonajon tahririyatiga qaytdi. Bosh muharrir Safar Barnoyev Mirvosil akani mas’ul kotib lavozimiga ishga qabul qildi. Tahririyatning yuragi hisoblangan kotibiyat bo‘limida ish hamisha qizg‘in bo‘lardi. Chunki mas’ul kotib tahririyatni bosmaxona bilan bog‘lovchi elchigina emas, balki jurnalda e’lon qilinadigan har bir maqola, lavha, badiiy asarlarning bolalarbop, sodda, ravon tilda yozilishiga, bolalar olamining kengayishiga, didi, saviyasining o‘sishiga xizmat qilishini ham nazoratiga olishi zarur. Jurnal sahifasidagi har bir mavzu Mustaqillik bolalari o‘zligini anglab, ma’naviyatli bo‘lib kamolga yetishiga xizmat qilishi kerak. Bosh muharrirning ham, mas’ul kotibning ham aqidasi ana shunday edi. Mirvosil aka bu vazifani sharaf bilan uddalay oldi.

Aytmoqchi, ot izini toy bosadi, deganlaridek, Mirvosil aka mas’ul kotiblik davrida o‘g‘li Shuhratjon jurnalning bosh rassomi sifatida otasining og‘irini yengil qildi. U jurnalning yanada chiroyli, o‘qishli chiqishida yelkadosh bo‘ldi. Ota-bola o‘z bilim va tajribalarini o‘nlab badiiy kitoblar, darsliklarning badiiy muharriri sifatida ham namoyish qilishdi. Mamlakatimizning yetuk matbaachilari qatoridan joy olishdi. Mirvosil aka halol va samarali mehnatlari uchun hukumatimizning “Shuhrat” medali bilan taqdirlandi.

Gulxanjonning, bizning qadrdon do‘stimiz, mehribon safdoshimiz Mirvosil aka bugun oramizda yo‘q. Lekin uning ishlarini, tahririyat bilan do‘stligini o‘g‘li, nabiralari davom ettirishiga ishonamiz. Chunki Mirvosil akamiz ularga odamiylik, sharqona odob-axloqdan saboq beribgina qolmay, o‘z kasbi, mo‘yqalamini ham ular qo‘liga qoldirdi. Yaxshilik, oqibatlilik esa abadiydir.

– Do‘stlik ham, – jilmaydi Gulxanjon.

– Ha, do‘stlik ham, – ma’qulladim men.

 

Muhabbat HAMIDOVA

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.