O‘zbekning ilk darvozaboni
O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston xalq artisti Yodgor SA’DIYEV 1946-yil Toshkent shahrida tug‘ilgan. Davlat mukofoti va “Mehnat shuhrati” ordeni bilan taqdirlangan. Teatr, kino sahnasida ko‘plab ajoyib rollar ijro etgan, yuzlab obrazlarga mahorat bilan ovoz bergan taniqli san’atkor. Uning xoh ijobiy, xoh salbiy ijro etgan rollari bo‘lsin, tomoshabin ko‘nglidan chuqur joy olgan. U tom ma’noda o‘zbek xalqining sevimli aktyori.
Otamning orzusi
Bolalik paytlarimni o‘kinch bilan yodga olaman. Sababi, otamni ko‘rmaganman. Otam o‘ttiz olti yoshida, tug‘ilishimdan ikki oy avval vafot etganlar. Otam Habib Sa’diyev teatrda ishlardi. Ovozi shu qadar sohir bo‘lgan ekanki, bu haqda men ustozlarim G‘ani A’zamov, Shukur Burhonov, Nabi Rahimov, Olim Xo‘jayev, Zaynab Sadriyeva, Sora Eshonto‘rayevalardan eshitganman. Ular otam haqida mehr bilan “Habibjon qo‘shiq aytganda nafaqat tomoshabinlar, hattoki biz ham lol qolib tinglardik”, deyishardi. 1929-yilda teatrga kelgan otam “Jaloliddin” nomli spektaklda “Baland uchgan oq laylak...” qo‘shig‘ini ijro etgan va bu hammaga ma’qul kelib, qo‘shiq plastinkalarga yozib olingan ekan. Bu haqda menga onam ko‘p so‘zlab berardilar. Mana, 55 yildan beri shu plastinkalarni izlayapman. Mo‘jiza ro‘y berib plastinkani topib olsam, otamning ovozini eshitish baxtiga muyassar bo‘lar edim...
Akam Xayrulla Sa’diyevning aytishlaricha, bolaligimda juda injiq bola bo‘lgan ekanman. Mendan olti yosh katta bo‘lgan akam bog‘chaga yelkasida ko‘tarib borardilar. Mabodo, charchab yerga qo‘ysa, injiqlik qilib yig‘lardim. Shunda akam meni ko‘tarib olardi-yu, charchoqdanmi, o‘zi yig‘lab borardi. Menga ham ota, ham aka, o‘rni kelganda yaqin do‘st, maslahatgo‘y bo‘la oladigan insonim borligi uchun toleimdan minnatdorman. Hozir, shu yoshga kirib ham ikkimiz kuniga uch-to‘rt mahal qo‘ng‘iroqlashib, bir-birimizning holimizdan xabar olib turamiz...
Onam haqida juda ko‘p gapirishim mumkin. Yolg‘iz boshi bilan akam ikkimizni kam-ko‘stsiz o‘stirib katta qildilar. Sabr-bardoshli, irodali, mehribon ayol edilar. Betob bo‘lib, joni og‘rib turganda ham sezdirmaslikka harakat qilardilar. Onam o‘qituvchi bo‘lganlari uchun o‘qishimizni qattiq nazorat qilardilar. Aka-uka faqat a’lo bahoga o‘qirdik. Ikkinchi sinfligimda onam bizga sinf rahbari etib tayinlandilar. Shunda onam, “O‘g‘lim endi taltayib, o‘qishi bo‘shashmasin”, deya meni boshqa maktabga joylashtirganlar. “Men oliy ma’lumotli bo‘lishim kerak, odamlar gapirishmasin, axir o‘qituvchiman-ku”, deya ish, uy-ro‘zg‘or ishlaridan ortib Pedagogika institutining geografiya fakultetida sirtdan o‘qidilar. Onam doimo, “Yurting, xalqing, kasbing, oilang va do‘stingga hech qachon xiyonat qilma”, deb qayta-qayta uqtirardilar.
Bolaligimda sportning ko‘pgina turlari – akrobatika, katta tennis, boks, futbol bilan shug‘ullanardim. Bo‘sh vaqtim bo‘lmasdi. Ayniqsa, futbol jon-u dilim edi. Shuning uchun ham 10 yoshimdan qo‘shimcha tarzda futbol maktabiga qatnadim.
Maktabni tugatish arafasida onam “Akang san’at yo‘lini tanladi. Lekin sen bu sohadan ketmaysan, quruvchi bo‘lasan”, deya meni Teatr va rassomlik oliygohiga hujjat topshirishimga ruxsat bermaganlar. Shundan keyin qurilish texnikumiga hujjat topshirganman. Nima bo‘lsayam kirolmay, deb tavakkaliga javob berganman. Ammo qarangki, texnikumga qabul qilindim.
“Rota, podyom”
Texnikumda o‘qish davomida ham futbol maktabini tashlab qo‘ymadim. 1964-yilning dekabr oyida “Paxtakor” futbol jamoasiga darvozabon etib qabul qilindim. Keyin jismoniy tarbiya oliygohining sirtqi bo‘limiga o‘qishga kirdim. Men “Paxtakor” jamoasining ilk o‘zbek darvozabonlaridan edim.
Bir kuni bosh murabbiyimiz Mixayl Yakushen yoniga chaqirib, “Nima sababdan pul jamg‘aryapsan?” deb qoldilar. Men savol sababini tushunmay hayron bo‘lib qaradim. “Nega olti oydan beri maoshingni olmaysan?” deya qayta savol berdilar. Men “Paxtakor” futbol maktabidan har oyda 80 rubl olayotganimni aytdim. Shunda ustozim “Sen “Paxtakor” jamoasining a’zosisan. Jamoa a’zolariga har oyda 150 rubl oylik maoshi beriladi”, deb tushuntirgan edilar. Keyin 900 rublni onamning qo‘llariga olib borib berganman. “Buncha pulni qayerdan olding, o‘g‘irlik qildingmi?” deb xavotir bilan so‘radilar onam. Men bo‘lgan voqeani batafsil tushuntirganimdan so‘ng yig‘lab yubordilar...
Qarang, futbolni shunchalik yaxshi ko‘rganimdan meni mablag‘ qiziqtirmagan, hatto oylik maoshi berilishini ham bilmaganman.
“Paxtakor”dagi uch yillik faoliyatdan so‘ng san’atga bo‘lgan mehrim ustunlik qila boshladi. Oliygohning 3-bosqichida o‘qiyotganimda hujjatlarimni olib Toshkent teatr va rassomlik san’ati oliygohiga topshirdim. Onam bu ishimdan xabar topgach, “Sen ham shu yo‘lni tanladingmi, bilganingdan qolmabsan-da!” deb xafa bo‘lganlar. Keyinchalik teleekran orqali ijro etgan rollarimni ko‘rib, quvonganlar.
Onam sodda, beg‘ubor ayol edilar. Qo‘llari juda shirin, ayniqsa, kartoshkali go‘shtni “boplab” pishirardilar. O‘rtoqlarim orasida oyimning bu taomlari juda mashhur edi. Harbiy xizmatdan kelganimdan keyin onam har tong kartoshkali go‘sht pishirib qo‘yardilar. Hovlilarni supura turib, “Turaqol bolam”, deb uyg‘otardilar. Bir kuni turavermaganimdan rosa jahllari chiqqan. Shunda men oyimga “Harbiy xizmatda “Rota, podyom”, deyishsa sakrab turardik. Bu ohangda meni uyg‘otolmaysiz-da”, dedim. Ertasi kundan onam tepamga kelib, yumshoqlik bilan “Rota, podyom bolam, rota, podyom bolam”, deydigan bo‘ldilar...
Oqibat odimlari
Sinfdoshlarimiz bilan juda inoq edik. Agar sinfimizdan kimdir betob bo‘lib qolsa, albatta, hammamiz birgalashib uni ko‘rgani borardik. O‘quvchilar o‘rtasida oqibat bor edi. Mehr-oqibatni yuragimizga singdirgan o‘qituvchilarimizga hurmatimiz cheksiz bo‘lardi. Hozir negadir bunday samimiyatni juda kam uchratayapman. Nazarimda, o‘sha paytda oqibat oldinga qarab odimlardi...
Bolaligimda “Gulxan” jurnalini yaxshi ko‘rib o‘qiganman. “Gulxan” – yoshi ulug‘ jurnal. Bolalar uchun ibratli va kerakli nashrdir. Amakimning qizi Yayra Sa’dullayeva bu jurnalga bir necha yil bosh muharrirlik qilganlar. U kishi bilan bitta hovlida yashaganmiz. Jurnalning har bir sonini o‘qib, o‘rganib, tahlil qilar edik. Avvalo, bu nashrning bugungi kungacha saqlanib qolganidan xursandman. “Gulxan” bolalar va o‘smirlarning eng yaxshi yakka-yu yagona jurnali hisoblanadi...
Hozirgi kun yoshlariga aytar so‘zim – bilim olish zarur. Bu shiddatli davrda bilim olishmasa, qo‘llaridan hech narsa kelmaydi. Bilimli insongina yurt koriga yaray oladi...
Suhbatdosh Nilufar JABBOROVA