Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Ijod zavqi

Ko‘kka yetgan minoralarning peshtoqlari ganj, ustunlari naqshinkor. Katta-kichik laganlar bejirim naqshlar bilan bezatilgan, miniatyuralar aks ettirilgan... Bu tasvirlar asrlar davomida meros bo‘lib kelayotgan xalq amaliy san’atining ajralmas qismi – hunarmandchilik namunalarini yodingizga solgan bo‘lsa ajab emas. Maktabdagi darslardan, qo‘shimcha mashg‘ulotlardan ortib hunarmandchilik bilan ham shug‘ullanib kelayotgan tengdoshingiz Fazliddinni hech ikkilanmay ana shunday milliy hunarmandchilikning davomchilaridan deyish mumkin.


 

Ilk saboq

 

Fazliddin kichkinaligida buvisinikiga borishni yaxshi ko‘rardi. Ayniqsa, buvisining xonasidagi dutor, rubob, doira va pianino kabi musiqa asboblarini chalib ko‘rish unga o‘zgacha zavq bag‘ishlardi. Bir kuni onasi bilan buvisi dars beradigan musiqa maktabiga bordi-yu, u yerda o‘quvchilar o‘z qo‘llari bilan yasagan buyumlar, chizgan rasmlarini ko‘rib hayratini yashirolmadi.

– Agar qiziqayotgan bo‘lsang, mashg‘ulotlar xonasiga borib o‘rganishing mumkin, – dedi Xolida opa nabirasiga.

Shu kuni kechgacha tengdoshlari bilan suhbatlashib mashg‘ulotlar jarayoni bilan tanishgan Fazliddin yog‘och o‘ymakorligiga qiziqib qoldi. Vaqtini unumli o‘tkazish, o‘z qo‘llari bilan bejirim buyumlar yasash uning asosiy maqsadiga aylandi. Olmazor tumanidagi M. Qori Yoqubov nomli 25-bolalar musiqa va san’at maktabining “Yog‘och o‘ymakorligi” to‘garagida saboq olishga bel bog‘ladi. Yosh hunarmandga ustozlik qilishni zimmasiga olgan Fazliddin aka Muhiddinovning ilk sabog‘i unga bir umrlik dars bo‘ldi:

– Hunarmandchilikning bu yo‘nalishi rassomlikni ham talab qiladi. Rasm chizishni esa naqshlarni qog‘ozga tushirishdan boshlaymiz. Yog‘och o‘ymakorligida Toshkent, Buxoro va Xorazm naqshlaridan foydalaniladi. Uning 24 xil turi bo‘lib, bir-biridan farqlash uchun mayda novdalariga ham diqqatni qaratish lozim. Ayniqsa, ishingni sifatli chiqishi uchun yog‘och tanlash, rang berish juda muhim sanaladi. Yong‘oq, chinor daraxtlarining yog‘ochi o‘n yil mobaynida quritilgach, qattiq va chidamli bo‘ladi. Mayda bezaklarni berish paytida sinib ketmasligi uchun yog‘ochlarni farqlay bilishing shart.

Fazliddin ustozining topshiriqlarini benuqson bajarishga harakat qilar, biroq mayda detallarni anglash oson emasdi. Buning uchun o‘z ustida ishlash, ustoz saboqlarini qunt bilan o‘zlashtirish kerakligini tushundi. Naqshlardagi bezak va rangni tiniq chiqarish, mustahkam yog‘och tanlashning mukammal tomonlarini o‘rgandi. Yog‘och o‘ymakorligining o‘ziga xos uslubini puxta egallash niyatida onasi bilan bir necha bor amaliy san’at muzeyiga bordi. Hunarmandlarning ish jarayonini diqqat bilan kuzatdi, bilim va tajribasini oshirishga harakat qildi. Izlanishdan to‘xtamadi. Maktab, tuman miqyosida bo‘lib o‘tgan tanlov va ko‘rgazmalarda faol ishtirok etib, ustozlar nazariga tushdi.

 

Muvaffaqiyatlar sari

 

Fazliddinni 2016-yil Ispaniya davlatining Kosta-Brava shahrida “Soste Del Arte” IV xalqaro ko‘rik-tanlovida amaliy-san’at turining “Yog‘och o‘ymakorligi” yo‘nalishi bo‘yicha ishtirok etishga munosib ko‘rishdi.

– Tinimsiz mashg‘ulot organizmni zo‘riqishiga, toliqishiga olib keladi. Yetarli dam olmagan miya qobig‘i fikrlashdan to‘xtaydi. Bunday bo‘lmasligi uchun kunlik tartib bo‘yicha dars tayyorlaysan, mashg‘ulotlarga qatnaysan. Zero, vaqti kelganda hordiq chiqarishni ham unutmasang, maqsadingga erishishing oson bo‘ladi, – dedi Aziza opa o‘g‘lini kunlik mashg‘ulotlarini nazorat qilgach.

Yosh hunarmandning tanlovda sandiqcha, lavh, lagan va qalamdonlarga mahorat bilan solgan naqshlari barcha hay’at a’zolari tomonidan 1-o‘ringa munosib topildi. Akasining yutuqlarini ko‘rgan Dilrabo shu musiqa maktabidagi “Xalq cholg‘ulari” bo‘limining dutor yo‘nalishi bo‘yicha mashg‘ulotlariga qatnay boshladi.

– Boshlanishiga ko‘p qiynaldim. Xatolarim uchun ustozimdan dakki eshitardim. Bajarishga majbur emasman-ku, ketsammikan, degan xayol ham bo‘lardi. Ammo, vaqt o‘tgan sari ana shu mashg‘ulotlarga bog‘lanib qoldim. Barmoqlarim bilan ushlamasdan, ko‘zim bilan ko‘rib ham yog‘ochning sifati, rangning me’yo‘rini farqlaydigan bo‘ldim. Ayniqsa, xalqaro ko‘rik-tanlovlarga qatnashish, ishonchni oqlash uchun ko‘p izlanishimiz, mehnat qilishimiz kerak edi. 2018-yil Fransiyaning Parij shahrida o‘tkazilan “Parij seni sevamiz” XXVII xalqaro yoshlar san’at festivalida men milliy hunarmandchilik yo‘nalishida, Dilrabo milliy cholg‘umiz – dutorda o‘z iqtidorimizni namoyon qilib, 1-o‘ringa sazovor bo‘ldik. Tanlovda turli davlatlardan kelgan tengdoshlarim, hay’at a’zolarida milliy hunarmandchiligimizga bo‘lgan qiziqish va e’tirofni, urf-odatlarimiz aks etgan ijod namunalarini qadrlashlarini ko‘rib juda xursand bo‘ldim. Tanlagan hunarimdan g‘ururlandim. Chunki men bu harakatim bilan zukko hunarmand bobolarimga munosib voris bo‘lganimni isbotladim, – deydi Olmazor tumanidagi 233-maktabning 9-sinf o‘quvchisi Fazliddin Nizomiddinov.

 

 Iroda UMAROVA

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.