Birovning she’ri
Darsga qo‘ng‘iroq chalindi. O‘qituvchi hali sinfga kirmagani uchun g‘ala-g‘ovur avjida, hamma o‘z ishi bilan band. Shu payt Madina xonaga shoshib kirdi-da:
– Suyunchi! Men tumandagi yosh qalamkashlar tanlovida qatnasharkanman! – dedi hayajonli, baland ovozda.
– O‘, zo‘r-ku, tabriklaymiz...
– Ofarin...
– O‘zi allaqachon borishing kerak edi...
– Albatta, birinchi o‘rinni olasan!
Har tomondan uning sha’niga olqishlar yog‘ildi.
Madina partadosh dugonam. Yonimga kelib o‘tirgach, men ham uni tabrikladim.
– Yaxshi bo‘pti, dugonajon. Omad tilayman, – dedim kaftini mahkam siqib.
– Ishim judayam ko‘payib ketdi. Bu yoqda “Bilimlar bellashuvi”, “Orasta qizlar” tanlovi, Oybekning tavallud kuniga bag‘ishlangan tadbirga ham men boshlovchilik qilarkanman. Qiziq, ustozlar mendan boshqa hech kim yo‘qday hamma topshiriqni zimmamga yuklab tashlashadi, – deya nolidi. Ammo uning gap ohangi, yuz ifodasidan bu ishonchdan mamnun ekanligi sezilib turardi.
Mening ham adabiyotga, jurnalistikaga mehrim baland. Ba’zida she’rlar mashq qilib turaman. Lekin hali ularni hech kimga ko‘rsatganim yo‘q. Bu haqda faqat yaqin do‘stim Madinaga aytganman. Ertasi kuni darsdan keyin yuqori sinflar o‘rtasida o‘tkaziladigan adabiy-badiiy kechaga tayyorgarlik ko‘rish uchun katta zalga yig‘ildik. Madina kechagina yozilgan, hali siyohi qurimagan yangi she’rini qizlarga ko‘rsatdi. Uning iqtidoriga doim havas bilan qaraydigan qizlar qiy-chuv qilishib, she’r yozilgan varaqni talashib-tortishib o‘qiy boshlashdi. Men ham u yozgan satrlarga ko‘z yugurtirib chiqdim. Negadir bu she’r menga juda tanish tuyuldi. Uni qayerdadir o‘qigandayman. Ammo bu haqda indamadim. “Yaxshi yozibsan”, deb qo‘ya qoldim. Kunlarning birida u yana yangi yozgan she’rini sinfdoshlarga o‘qib berdi. Xotiramning allaqaysi burchida dilga yaqin she’riy ohang aks-sado berib, jonlana boshladi. Bu safar taxminlarim oydinlashdi. Axir u sevimli shoirim Shavkat Rahmonning “Tungi manzara” she’ridan ko‘chirib olingan satrlarni o‘qiyotgandi. To‘g‘ri, she’r ancha-muncha o‘zgartirilgan. Lekin, fikr, tashbeh, g‘oya birovniki. Birovning she’ri. Yana kimsan, o‘zbek adabiyotining zabardast vakillaridan biriniki.
Darsdan so‘ng uyga ko‘pincha Madina bilan birga qaytamiz. Yo‘l bo‘yi gapni nimadan boshlashni bilmay kalovlandim. Uning dilini og‘ritib qo‘yishdan qo‘rqdim. Qanday qabul qilarkin, deya istihola qildim. Ammo bu – jiddiy xato. Baribir aytmasam bo‘lmaydi. Adabiyot o‘qituvchimiz Alisher akaning “Ko‘chirmakashlik – go‘yoki birovning to‘nini kiyib olib, o‘zimniki deb da’vo qilganday gap”, deganlarini esladim. Hash-pash deguncha uyimiz oldiga kelib qolibmiz. Madina darvoza tomon burilmay, u bilan birga ketayotganimdan ajablandi.
– Ha, uylaringni adashtirib qo‘ydingmi, qayoqqa? – deb jilmaydi.
– Madina... kechagi she’rni qachon yozganding? – dedim zo‘rg‘a tutilib.
– O‘tgan kuni. Nima edi?
– Bilasanmi, bu she’r menga judayam tanish tuyuldi. Mabodo, Shavkat Rahmonning she’ridan foydalanmaganmiding? – dedim-u, negadir oyoqlarim bo‘shashib ketdi.
– Bu nima deganing?! Sen hali... Meni o‘g‘riga chiqaryapsanmi? – dedi qizarib. Ammo ovozi titrab chiqdi. Shahd bilan qadamlarini tezlatdi.
Ertasiga kun bo‘yi men bilan gaplashmadi. Tez orada sinfdoshlarim o‘rtasida Madinaning she’r yozayotganini “ko‘rolmayotganim” haqida gaplar tarqaldi. Sinfimiz qizlarining menga munosabati o‘zgardi. Maktabga borgim kelmay qoldi. Madina esa hanuz “she’rlar yozish” bilan band. Ammo endi ilgarigidek oshkor qilmaydi. Qizlar bilan pichir-pichir qilib panada muhokama qilishadi.
Xullas, tumanda o‘tkaziladigan yosh qalamkashlar tanloviga boradigan kun ham keldi. Madina xursand, lekin yuz-ko‘zida allaqanday bezovtalik balqib turardi. Adabiyot o‘qituvchimiz ham u bilan birga ketdi. Darsdan so‘ng yana bir o‘zim uyga yo‘l oldim. Orqada kelayotgan qizlar orasidan Dilrabo piching qildi:
– Ko‘rolmaslik yomon illat, oxir-oqibat yolg‘iz qolasan, deydi mashoyixlar. – So‘ng Feruzaning hiringlagani eshitildi. Men esa tez-tez yurib ketdim, biroq yelkamda tog‘day og‘ir yukni ko‘tarib ketayotganga o‘xshardim.
Faqatgina sinf sardori E’zoza vaziyatni yumshatish tarafdori:
– Nima bo‘ldi o‘zi? Axir yaqin dugonasizlar-ku, arazlashib yurishingiz yaxshimas, – dedi. Sinfimiz qizlariga ham tanbeh berdi. Vaziyat shunday davom etsa sinf rahbari bilan birgalikda chora ko‘rishlarini aytdi. Shundan so‘nggina ular meni tinch qo‘yishdi. Ammo ginali nigohlari yuragimga o‘q bo‘lib qadalardi.
Ertasi kuni Madina o‘qishga kelmadi. Adabiyot o‘qituvchimiz tanaffusda kirib, darsdan keyin ketib qolmasligimizni tayinladi. Va nihoyat majlis boshlandi.
– Qadrli o‘quvchilar, – dedi vazmin ohangda ustozimiz. – Kecha yaxshi ish bo‘lmadi. Bu bilan birovning aybini oshkor qilib, uni izza qilish niyatim yo‘q, ammo bu barchangizga saboq bo‘lsin. Ko‘chirmakashlik yomon odat ekanini doim sizlarga aytganman. Kecha tumanda o‘tkazilgan yosh qalamkashlar tanlovida maktabimizdan sinfdoshingiz Madina Murodova ishtirok etganidan xabaringiz bor. Biroq biz yosh ijodkor deb o‘ylagan qizimiz qaltis xatoga yo‘l qo‘yibdi. U hali yaxshi tanilib ulgurmagan mahalliy shoirlardan birining to‘plamidan she’rlarni ko‘chirib olibdi. Bu bizning ham xatoyimiz. Hushyor bo‘lishimiz kerak edi. Eng yomoni, she’rlari o‘g‘irlangan yosh shoir kechagi tanlovda hakam sifatida qatnashdi. Qizimiz nafaqat o‘zini, bizni ham qattiq uyatga qo‘ydi...
Sinfga suv quygandek jimjitlik cho‘kdi. Dilrabo bilan Feruza ko‘z osti bilan menga qarab qo‘yishdi.
Bir necha kun o‘tib Madina darsga keldi. Men bilan so‘rasharkan, ko‘zlari pirpirab yerga qaradi. Shu damda uni xijolatdan qutqargim keldi.
– Qara, bog‘imizda gilos pishibdi, ertapishar. Ma, ol, yeb ko‘r, – deya kaftimdagi qip-qizil giloslarni unga tutdim.
Uning ko‘zlarida yosh yiltilladi.
– Keyingi yil qalamkashlar tanloviga sen borasan, bu haqda Alisher ustozga aytdim, juda yaxshi she’rlar yozasan. Doim senga havas qilganman, – dedi pichirlab. Darsdan keyin bir paytlardagi kabi uyga u bilan birga ketdik.
Umida SADATOVA