Hakamlar ham hayratda
Belanchakdayoq o‘ziga-o‘zi alla aytib, murg‘ak qalbi ila musiqaga shaydo bo‘lgan go‘dak haqida eshitganmisiz? Yoki 1-2 yoshda televizorda qo‘shiq yangrashi bilan raqsga tushib, so‘zlarga jo‘r bo‘ladigan bola haqida-chi? Unda eshitib qo‘ying! Bu qobiliyat egasi – Firdavs Avezov.
Firdavs 4 yoshidan buyon musiqa bilan shug‘ullanadi. U musiqa san’atini, ovoz sozlash mashqlarini birinchi ustozi — onasi, Yashnobod tumanidagi 7-sonli Bolalar musiqa va san’at maktabi direktori Dilnoza Saparovadan o‘rgangan. Hozirda ushbu maktabning “Estrada xonandaligi” yo‘nalishida tahsil olayotgan Firdavs darsdan so‘ng “Asia Record” ovoz yozish studiyasida kuylashni davom ettiradi. Yaratilgan shart-sharoitlardan unumli foydalangan iste’dod sohibi bugungi kunda respublika va xalqaro miqyosdagi turli ko‘rik-tanlovlarda g‘olib bo‘lib tanildi.
Firdavs ilk bor 2016-yil “Yagonasan, muqaddas Vatan” respublika ko‘rik-tanlovida “Shukrona” qo‘shig‘i bilan 1-o‘rinni egalladi. Oradan ikki yil o‘tib, Fransiyaning Parij shahrida o‘tkazilgan “Les Etoilis de Paris” xalqaro ko‘rik-tanlovida Gran Pri sohibi bo‘ldi. 2019-yilda esa Qozog‘iston Respublikasining Pavlodar shahrida bo‘lib o‘tgan “Ipak yo‘li” xalqaro ko‘rik-tanlovida ham g‘oliblar safidan joy oldi.
2020-yil “Zo‘r TV” telekanali orqali namoyish etilgan “The Cover up Kids” loyihasini eslasangiz kerak. Bu ko‘rsatuv Firdavsni elga tanitgani hech kimga sir emas. Yodingizda bo‘lsa, miqtigina hofiz baland notalarda kuylayotganda 4 marta ham mikrofon dosh berolmay o‘chib qoladi. Bu hodisaning guvohi bo‘lgan hakamlar hay’ati a’zosi, taniqli xonanda Ozoda Nursaidova “Ertamizning sahna yulduzi bugun qarshimizda turibdi”, deya yuksak baho beradi. Ushbu loyihada Firdavs tanlovning mutlaq g‘olibi deb e’tirof etilgan.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Bo‘zatov tumanida bo‘lib o‘tgan “Yoshlar festivali — 2021” respublika tanlovida ham Firdavs ko‘plab muxlislarning ko‘nglidan joy oldi. U tanlovda Estrada xonandaligi yo‘nalishi bo‘yicha 1-darajali diplom hamda 50 million so‘m pul mukofoti bilan taqdirlangan.
Shu yili Rossiya Federatsiyasining “Голос дети” teleloyihasida ishtirok etib, chet ellarda ham o‘z muxlislariga ega bo‘ldi. Eslatib qo‘yaylik, millionlab ishtirokchilar ichidan ushbu tanlovgacha yetib kelish har kimga ham nasib etavermaydi.
— “Голос дети” tanlovida hakam bo‘lgan mashhur xonandalar Basta, Maksim, Egor Kridlar mendan oldingi 8 nafar ishtirokchiga qayrilib qaramadi, — deydi Firdavs. — Shunda taqdirga tan berdim, g‘olib bo‘lishdan umid uzdim. Chunki har bir hakam o‘z guruhiga 15 nafardan qatnashchi olishga haqli edi. Biroq sahnaga chiqishim bilan gumonim tarqab ketdi-da, bor ovozim bilan kuyladim. Shu zahoti Basta “Ha” tugmasini bosib, menga qayrildi. Ketidan Egor Krid, Maksimlar ham burilishdi. Meni oyog‘imdan tortib sochimning uchigacha hayajon qamrab oldi. Bu hisni so‘z bilan ta’riflash juda mushkul. Garchi yarim finalgacha yetib kelgan bo‘lsam-da, ushbu tanlov meni jahonga tanitdi, iste’dodimni namoyon etishimga zamin bo‘ldi. Endi men kelajakda jahon miqyosidagi qo‘shiqchi bo‘lishga intilyapman.
Maqsadlari ulkan Firdavs Avezovda orzularini amalga oshirish uchun yetarli sharoit, bilim, salohiyat va iste’dod bor. Shunday ekan-u maqsad sari olg‘a intilishdan aslo tolmaydi. Ishonamizki, Firdavs tez orada san’atimiz osmonida yorqin yulduz bo‘lib porlaydi.
Azim AXTAMOV