Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Qutlov

O‘quvchilik  chog‘ida  jurnal  qoshida  Temur  Ubaydullo  tashkil  qilgan  yosh qalamkash to‘garagida    ijod  saboqlarini  o‘rgangan, Ulug‘bek Mustafoyev – Ulug‘bek Mustafo  bugun 65 yo­shini nishonlamoqda.

ulugbek_mustafo.JPG

U bugun O‘zbekiston  yozuvchilar  uyushmasi  a’zosi, “Mehnat shuhrati” ordeni sohibi, pedogog yozuvchi Ulug‘bek Mustafo “O‘kinch”, “Insof”, “Ehtirom”, “Akmalning o‘yinchoqlari”, “Havas”  nomli  kitoblari  bilan  o‘quvchilar mehrini  qozongan ijodkor. Adibning  hikoyalarini  siz  ham  “Gulxan”  sahifalarida, darsliklarda miriqib  o‘qigansiz.

Quyida adibning yana bir yangi asari bilan tanishasiz.

 

SAVOB

Oqshom kira boshlagan edi. Bola sekin haydab borayotgan eshak aravaning naq tepasida xuddi o‘chakishganday chivinlar g‘ujg‘on o‘ynardi. Oyog‘ini arang sudrab ketayotgan eshakning uzun quloqlari chivinlar talashi yoqmaganday goho-goho chimirilib qoladi. Bolaning esa chivinlarga parvoyi palak, xayoli aravaga to‘ldirib yuklangan tarvuzlarni sotishda. Shuning uchun ingichka bo‘ynining tomirlarini bo‘rtib ovozi boricha:

–    Ta-arvu-uz, tarvuz keldi! – deb qichqirardi. Ko‘chaning ikki tarafidagi uylarning goh ko‘cha eshigidan, goh ochiq derazasidan xonadon egalarining savollari yangrardi:

–    Hoy bola! Tarvuzing yangimi?

–    Necha so‘mdan sotyapsan?

–    Tarvuzlar yap-yangi. Hozirgina daladan uzib kelayapman. Katta-kichikligiga qarab, olave­rasizlar. Maydalari besh-olti ming, kattalari o‘n ming so‘mgacha. – Bola xaridor chiqishini kutib, “ish-sh..” – deb eshagining yuganini tortgancha, aravasini to‘xtatdi. Birpasda bola atrofini o‘rab, tarvuz tanlay boshlagan xaridorlar:

–    Manavingni to‘rt mingga bera qol.

–    Bu katta tarvuzingni 8 ming berasanmi? – deb savdoni boshlab yuborishdi. Dadasi tarvuzlarni aravaga yuklayotib: – Nima bo‘lsa ham bularni o‘tkazib kel, – deb tayinlagani uchun ham bola bir-ikki ming so‘m tushishga rozi bo‘lardi. To‘g‘ri-da, hali dalasida hosil mo‘l bo‘lsa. Tezroq sotish kerak.

Ikki soatcha vaqt orasida bola tarvuzlarni sotib uyiga qaytdi.

Har kuni daladagi chaylada tunaydigan Egamqul aka bugun uyga kelgan ekan. Eshakni aravadan bo‘shatayotgan o‘g‘liga ko‘zi tushishi bilan:

–    Ha-a Sattorvoy, tarvuzlarni hammasini sotdingmi? – deb so‘radi.

–    Ha. Mana puli... – Qo‘li tiqilaverganidan kengayib ketgan shortigi kissasidan Sattor bir dasta pul chiqarib otasiga berdi. Egamqul akaga pulning cho‘g‘i har kungidan kamroqqa o‘xshadi, shekilli, mo‘ylovini silab turdi-da:

–    Qirqta tarvuzning pulimi shu? – deb so‘radi.

Bola otasi undan shubhalanayotganini sezib:

–    Bugun tarvuz oluvchilarning ra’yini qaytarmadim, ammo... – Sattor mujmallanib qoldi.

Sattor uyga qaytayotganida aravasida bor-yo‘g‘i ikkita tarvuz qolgan edi.

Kutilmaganda mahalla etagidagi devorlari nuragan pastqam uydan tanish ovoz eshitildi.

  – Sattor to‘xtab tur, – bu sinfdoshi Umidaning ovozi edi. Qoramag‘izdan kelgan, o‘rta bo‘yli bu qiz Sattorning aravasiga yaqinlashgach:

–    Tarvuz qoldimi? Men ham bitta olmoqchiydim, – dedi-da, tarvuzlardan birini qo‘liga oldi.

–    Mana buni necha so‘mga berasan?

Turmushdagi yetishmovchilik sabab, sinf­doshlariga qaraganda ancha odmi kiyinadigan, o‘zi chiroyli bo‘lgani uchunmi, o‘sha sodda kiyimi ham nozik gavdasiga yarashib turadigan Umidaga shu tob yaxshilik qilgisi keldi.

–    Puling kerakmas. Shu ikkala tarvuz ham seniki... – Sattor  tarvuzlarni olib, Umidalar hovlisi tomon yurdi...

Dadasining salobatli ovozi uni hushiga keltirdi:

–    Nima innay keyin...  menga biror narsa aytmoqchimisan?

–    Dada, to‘g‘risini aytsam, sinfdoshim Umidaga ikkita tarvuzni hadya qildim. – Sattor gunohkorday boshini egdi.

– U... u qiz juda qiynalib yashaydi.

–    Umida deganing kimning qizi?

–    To‘lqin akaning qizi. Dadasining yuragi kasal.

–    To‘lqin dedingmi? E-e bo‘ldi, bo‘ldi... – Egamqul aka “tanidim”, deganday qo‘llarini yuqoriga ko‘tardi. So‘ng yuzi yorishib, mo‘ylovini siladi, miyig‘ida kuldi.

–    Savobli ish qilganing yaxshi, o‘g‘lim. Bilsang, To‘lqin amaking mening sinfdoshim. Juda yaxshi qilibsan. Barakalla! – dedi ko‘tarinki kayfiyatda.

Aravaning shotisini yuqoriga ko‘tarib molxona yoniga joylashtirayotgan Sattor dadasining maqtovidan yayrab ketdi. Kunduzgi dim havodan so‘ng qo‘zg‘algan yengil shabada uning diliga xush yoqdi. Atrofda shabadadan quritilayotgan pichan hidi anqirdi.

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.