G‘ildirakdan Trackergacha
Bilamiz, texnika va texnologiyalar olami ko‘pchiligingiz uchun qiziq. Ishonamizki, bugungi kunda kashfiyotlarning yaratilish tarixidan tortib to hozirdagi o‘rnigacha sinchiklab o‘rganasiz. Bilganlaringizdan xulosa chiqarib, o‘zingiz ham yangilik qilishga intilasiz. Aynan yoshlarni qo‘llab-quvvatlash hamda ularning kashfiyotini ommaga targ‘ib qilish uchun 2015-yil noyabr oyida “UZAUTOSANOAT” AK tashabbusi bilan ochilgan Toshkent Politexnika muzeyi siz, bo‘lajak texnik va texnologlarning ilhom koshonasiga aylansa, ajab emas.
Poytaxtning qoq markazi — Mirobod tumanida joylashgan muhtasham muzey ikki qavatdan iborat. Birinchi qavatda siz avtomobilsozlik tarixi, jahon va O‘zbekiston avtomobilsozlik sanoatining rivojlanishi haqida ma’lumotga ega bo‘lasiz. Ikkinchi qavatda esa tabiiy fanlarni interaktiv tarzda o‘rganishingiz mumkin.
JAHON AVTOMOBILSOZLIGI BO‘LIMI
Eshikdan kirishingiz bilan o‘ngga qayrilsangiz, ushbu bo‘limga yuzlanasiz. Unda g‘ildirakning yaratilishidan boshlab transportning rivojlanish tarixigacha bilib olasiz. Ekspozitsiyada “Wolkswagen Beetle” (Germaniya), “Chevrolet Bel Air” (AQSH), “Chayka” (SSSR) kabi xorijning tarixiy avtomobillarini ko‘rib, hayratlanishingiz turgan gap. Shuningdek, dunyodagi birinchi avtomobil modeli qanday yaratilganining guvohi bo‘lasiz.
ZAMONAVIY AVTOMOBILLAR BO‘LIMI
Mabodo, ostona hatlab chapga burilsangiz, mamlakatimizdagi avtomobil sanoati haqida batafsil ma’lumot beruvchi bo‘limga kirasiz. Bu yerda “UZAUTOSANOAT” AK mahsulotlari — “Damas” avtomobilidan “Chevrolet Tracker 2023”ga qadar modellar namoyish etiladi. Ayniqsa, mehmonlar uchun bo‘lib tashlangan “Spark” mashinasining ichki qismlari bilan birma-bir tanishish juda qiziqarli. Yana bir muhim jihat — bo‘limda O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti Islom Karimov imzosi tushirilgan “Matiz” hamda “Spark” avtomobili saqlanadi. Hattoki, bu yerdan millioninchi “Lacetti”ni ham topa olasiz. “UzAutomotors”, “SamAuto”, “UzTBM” va “UzAutoPowertrain” kabi avtomobil zavodlari faoliyati bilan tanishtiruvchi ulkan maketlar ham diqqatingizni tortishi aniq. Eng e’tiborlisi esa, Turin Politexnika universiteti talabalari tomonidan yaratilgan noyob eksponatlar: musiqiy “Kinetik sharlar” tomoshasi, “3D Mapping Spark” shousi va gologrammalarni zavq bilan tomosha qilasiz.
INTERAKTIV BO‘LIM
Ikkinchi qavatda ilmiy va interaktiv eksponatlarga boy “Interaktiv bo‘lim” joylashgan. Bu yerda siz oyog‘ingizdagi harakatni o‘lchashingiz, tok oqimini ushlashingiz, to‘pni havo oqimi bilan halqaga yuborishingiz, teskari xonaga kirishingiz, planetariy yordamida koinotni o‘rganishingiz mumkin. Ayniqsa, labirintdan yasalgan oynaga kirib qolsangiz, ko‘zgulardagi aksingiz sizni shunday qurshab oladi-ki, chiqish yo‘lini ko‘zga emas, aqlga tayanib izlaysiz…
Toshkent Politexnika muzeyi yoshlarning innovatsion loyihalarini aks ettiruvchi maydondir. Eksponatlar bilan tanishgach, texnika ajoyibotlarini ko‘rib, ilhomingiz jo‘sh ursa, ajab emas!
Azim AXTAMOV