Buyuklar shoir haqida
Aziz kitobxon! Agar siz do‘konga kirib G‘afur G‘ulomning kitobiga duch kelsangiz, agar siz shu paytgacha uning kitobini uyingiz to‘riga qo‘ymagan bo‘lsangiz, uni olishga shoshiling. Chunki muqovasiga “G‘afur G‘ulom” deb yozilgan kitobda butun umrini xalqiga, yurtiga baxshida etgan buyuk zotning otashin qalbi urib turibdi.
Maqsud SHAYXZODA
***
Men rus shoiriman, G‘afur G‘ulom jahon she’riyatiga qanday yangilik olib keldi, deb so‘rasalar, aytar edimki, o‘zbek shoiri hayot shodliklarini madh etdi, Osiyoning yangi kishisi obrazini yaratdi, yashargan Sharq qo‘shig‘ini kuyladi. U tasvirlagan yangi inson qadrdon diyorining qiyofasini o‘zgartirdi...
U o‘zining shoirona iste’dodi bilan o‘zbek she’riyatini, o‘zbek xalqining mehnatini ulug‘ladi.
Nikolay TIXONOV
***
G‘afur G‘ulom degan nom menga tengqur avlod qoniga ona suti bilan birga kirgan. Bizning tanglayimizni G‘afur G‘ulom she’ri bilan ko‘tarishgan. Menga tengqur avlodning ruhiy olamini, ma’naviy dunyosini G‘afur G‘ulomsiz tasavvur etish mushkul. G‘afur G‘ulom bo‘lmaganida bu olam anchagina g‘arib, kemtik bo‘lardi.
Men baxtli odam ekanman, chunki G‘afur akani bolaligimdanoq tanish baxtiga musharraf bo‘lganman.
Ozod SHARAFIDDINOV
***
Agar G‘afur G‘ulom shu kunlarda tirik bo‘lganda qanday tuyg‘ularni ko‘ngildan kechirardi, qanday she’rlar yozardi? Bu savol mening xayolimni ko‘p band etadi. O‘zimcha javob qidiraman. O‘ylaymanki, Vatan istiqlolidan birinchi quvongan, hayajonli she’rlar bilan qutlagan shoir G‘afur G‘ulom bo‘lardi. Chunki zamondoshlarimiz ichida hech kim G‘afur G‘ulomchalik o‘zbek xalqini sevib ulug‘lamagan, u qadar o‘zbekona tafakkur qilib, o‘zbekona she’rlar bitmagan.
Erkin VOHIDOV
***
G‘afur G‘ulomni baralla va bor ovoz bilan Sharqning buyuk shoiri deyishadi. Sharqqa o‘z davrida azamatlarcha arslonday na’ra tortardi she’riy shavq-u zavqlari bilan! Shunga yarasha kelbati, savlati, viqori uncha-muncha qiyos bilan o‘lchab bo‘lmaydigan iqtidorining qudrati bor edi.
Uning ovozi o‘sha paytlarda Kleypedadan tortib Saxalingacha yetib borardi.
Ibrohim G‘AFUROV