Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Ijod – bepoyon ummon

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist, xalqimizning suyukli san’atkori Zulxumor Mo‘minova nomini eshitgan borki, beixtiyor jilmayib, “o‘ziga xos aktrisa”, deydi.

Haqiqatan, Zulxumor opa bir-biriga o‘xshamagan, fikrlashga undaydigan, murakkab obrazlari bilan muxlislarning ko‘ngliga kirib borgan chin ma’nodagi ijodkor.

 Latif Fayziyevning “Sevgi afsonasi”, Yusuf Roziqovning “Qora mushuk”, Ayub Shahobiddinovning “Qor qo‘ynida lola”, Yolqin To‘ychiyevning “Orzu ortida”, “Bu hayot”, Jahongir Qosimovning “Suv yoqalab”, “Ibrat”, Nozim Abbosovning “Said bilan Saida”, Mirmaxsud Oxunovning “9 oy”, Ali Hamroyevning “Samarqandda qovun tarovati”, Akbar Bekturdiyevning “O‘zbek qizi” kabi filmlarida aktrisa ijro etgan rollar kinomuxlislar uchun hamon sevimli. Ayni kunlarda Zulxumor opa yozuvchi Nazar Eshonqul qalamiga mansub ssenariy asosida suratga olinayotgan serialda bosh rol – Bayna momo obrazini yaratmoqda.

Bugun siz muxlislar bilan san’atkorimizning bolalik xotiralariga quloq tutamiz.

 

OPAM – SUYANGAN TOG‘IM

Ota-onam savdo xodimlari edi. U paytlari bu soha vakillari oliy yoki o‘rta ma’lumotli, savdo yuritish, odamlar bilan muloqot  qilish odobidan boxabar, o‘z ishining ustalari bo‘lardi. Bolaligimda ularni ish ustida ko‘p kuzatganman, hammaga birdek xushmuomalalik, odamshavandalik bilan muomala  qilishardi.

San’atga aloqalari bo‘lmasa-da, Ma’murjon Uzoqov va Komiljon Otaniyozovlarga havas qilib, farzandlariga ularning ismini berishgan. Oilada to‘rt bola – opam, men va ikki ukam edik. Shoira opam yoshligidan xushchaqchaq, quvnoq, dadil edi. U zarur paytda har qanday muammoga yechim topa oladigan maslahatgo‘yim – hayotligida uni suyangan tog‘imdek his qilardim. Kichik ukam Ma’murjon bilan tabiatan o‘xshash edik. O‘rtancha ukam Komiljon bilan esa xarakterimiz bir-biriga yaqin – bosiq, tez kirishib ketolmaydigan, biroz murakkab.

Ota-onam “san’atga qiziqishi uyg‘onsin”, deb ukalarimga childirma va rubob olib berishganini eslayman. 1-sinfni Yangiyo‘l shahridagi 17-maktabda o‘qiganman.  Birinchi o‘qituvchim Tojixon opa dars paytida “Mana, Zulxumordan o‘rnak oling: yozuvi chiroyli, o‘qishi ravon, ham odobli”, deb ko‘pincha meni sinfdoshlarimga namuna qilib ko‘rsatardilar. Ustozimning menga, meni ustozimga nisbatan mehrimiz bo‘lakcha edi. 2-sinfga o‘tganimda, Toshkentga ko‘chishimizga to‘g‘ri keldi. Tojixon opa “Zulxumor ketmasin, u a’lochi o‘quvchilarimdan, hech bo‘lmasa, yana bir yil o‘qisin”, deb ota-onamdan iltimos qildilar. Shundan so‘ng 2-sinfga Yangiyo‘ldagi xolamnikidan qatnab o‘qidim. Keyin shahar maktabiga o‘tdim.

Poytaxtdagi maktabda o‘zbek va rus adabiyotidan, ingliz tilidan a’lo baholarga o‘qidim. Fikr-u xayolim esa aktrisa bo‘lishda edi. Oyim “Yodingda bo‘lsin, san’atkorning hayoti bir tekis bo‘lavermaydi, aktrisalik oson kasb emas”, deb ogohlantirardilar. Biroq, bu sohani tanlashimda hech qachon keskin qarshilik qilmaganlar. Tasavvur qiling-a, ichimdagini top deydiganlar toifasidagi og‘ir-vazmin qiz aktrisa bo‘lishni orzu qilsa...

HAYAJON PAND BERDI

Kelajakda aktyor, aktrisa bo‘laman degan bolalar  poytaxt markazidagi O‘quvchilar saroyiga Drama to‘garagiga qatnar ekan. Fiala ismli aktrisa ustozlik qilar ekan. To‘garakka qatnashish uchun oylab tayyorlandim: repetitsiya qildim, she’r yodladim. Oxiri o‘zimda kuch topib, O‘quvchilar saroyiga bordim. Zalda o‘zimning tengqurlarim shug‘ullanishardi. Fiala ustoz men bilan tanishgach, “Qani, nima ijro qilib bermoqchisan?” deb so‘radi.

–    She’r aytmoqchiman, – dedim.

–    Boshla!

Qani endi she’rni boshlay olsam! Ustoz “Qani bo‘l, uyalma”, desa, zaldagilar “Biz yordam beramiz, boshlay qol”, deyishadi. Bir soatcha she’rni eslashimni kutishdi. Qattiq hayajondan oylab yodlagan satrlardan bir so‘zni ham ayta olmadim. O‘shanda agar kimdir birgina satrni eslatib, yordam berganida, davomini aytib ketardim, men ham to‘garakda qatnashardim, deb rosa xafa bo‘lganman.

Bilasizmi, hayajon aslida ijodkorga bir umr hamrohlik qiladigan  tuyg‘u. U ba’zan yordam bersa, ba’zan xalaqit ham beradi. 

Yakka o‘zim uyim bilan maktabdan uzoqqa chiqqan emasman. Ammo, o‘qishimning oxirgi yillari  148-maktabdan boshqa tumandagi 110-maktabga o‘tganman. Chunki bu maktabda ko‘p aktyorlarning farzandi o‘qir, shu yerda o‘qisam go‘yo umidlarim ushaladigandek. 

Sal o‘tib, vaqtinchalik Yangiyo‘lga ko‘chishimizga to‘g‘ri keldi. Ertalabki poyezdga o‘tirib, dunyoning u chekkasidan bu chekkasiga – yangi maktabimga qatnay boshladim. Maktabda  keyinchalik aktrisa bo‘lgan Nargiza Avazova, kursdoshim Jahongir Fayziyevlar bilan tanishganman.

 MOSKVA SARI YO‘L

10-sinfni tamomlagach, bor imkoniyatimni ko‘rsata olishimda ishonmaganim uchun O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutida o‘qish fikridan qaytdim va Toshkent davlat sharqshunoslik institutining arab tili yo‘nalishiga hujjat topshirdim. Ammo, yaqinlarimning “Bu oliygoh talabasi bo‘lishing uchun katta mablag‘ing bo‘lishi kerak”, degan gaplaridan keyin hujjatlarimni qaytarib oldim.

Oradan ma’lum vaqt o‘tib, Moskvadagi Butunrossiya davlat kinematografiya instituti (VGIK)ning aktyorlik yo‘nalishida o‘qish imkonini beradigan tanlov e’lon qilindi. Bundan xabar topib, uch bosqichli tanlovda qatnashish uchun o‘zimda zo‘rg‘a kuch topib, “O‘zbekfilm” kinostudiyasiga bordim.

O‘shanda ilk bor Ali Hamroyev, Uchqun Nazarov kabi taniqli rejissyorlarni yaqindan ko‘rishim edi. Hayajonim shu qadar kuchli bo‘lganidan vazifalarni bajarish vaqtida oyoq-qo‘lim qaltirardi. Chunki aytganimdek, kinoga aloqador to‘garakka qatnashish nasib etmagan. Shukr, bolalikdan jurnallardan, kino haqida o‘qigan  asarlarim imtihon paytida yordam berdi.

 Ali Hamroyev “Eng sevimli aktrisang kim?”, deb so‘raganida, “Dilorom Qambarova”, deganman. Shunda “Diloromga juda o‘xshar ekansan”, degani hali-hanuz yodimda. Baxtimga tanlovdan muvaffaqiyatli o‘tib, g‘olib 15 nafar yosh safida men ham Moskvaga o‘qishga ketganman.

Talabalik eng baxtli yillarim edi. 17 yoshimda o‘qishga kirgan bo‘lsam, bungacha orzum amalga oshishini tasavvur ham qilolmasdim. Chunki VGIKka kirib o‘qish juda katta narsa – buning uchun faqatgina iqtidor kerak edi.  O‘zbekistondan o‘qishga borgan o‘nlab yoshlar Gogol nomidagi Moskva drama teatri aktyorlari – Boris Chirkov, Lyudmila Genika-Chirkova, Robert Spirichevning guruhiga qabul qilindi. Bosiq fe’lim sabab talabalikning birinchi yili kursdoshlarim bilan kirishib ketishga qiynaldim. Keyinchalik ular bilan ahil-inoq do‘stga aylandik.

YILLAR DAVOMIDA KUTILGAN ROL

1983-yilda institutni tamomlab, Toshkentga qaytgach, talabalik davrimizda sahnalashtirilgan “Petrushka” spektaklini “Ilhom” teatrida qo‘ydik. “O‘zimni kino uchun asrashim kerak”, degan xato rejalarim sabab, ko‘p o‘tmay, teatrni tark etdim. Biroq aktrisani aktrisa qiladigan teatr ekanligini kech tushunganman. Keyin “O‘zbekfilm”da ish boshladim. Yillar davomida puxta ssenariylarni kutdim, sababi rol tanlashda qaysar odamman. Agar ssenariy kuchli bo‘lsa, qanday o‘ynash ke­rak, qanday gapirish kerak – asarning o‘zi yordam beradi.  Siyqasi chiqqan emas, balki o‘ziga xos, xarakteri kuchli, hech kimga o‘xshamagan personajlarni ijro etgim keladi.

Qolaversa, kasbim – yuzim. Ijroyim bilan yaqin­larim, muxlislarim oldida yuzim yorug‘ bo‘lishi kerak!

2003-yilda “Qish sonatasi”ning dublyajida qat­nashdim. Aynan shu paytda  mahoratli rejissyorlar – Yolqin To‘ychiyev va Ayub Shahobiddinov Cho‘lpon asari asosida yozilgan ssenariy bo‘yicha yaratilgan “Qor qo‘ynida lola” filmiga munosib aktrisa qidirishgan. Qaysidir telekanalga men bergan intervyuni ko‘rib, men bilan tanishishdi. Ular taklif qilgan film ssenariysi ma’qul kelib, rol o‘ynashga rozi bo‘ldim. Aktrisa sifatida shakllanishimda Yusuf Roziqov,  Jahongir Qosimov, Yolqin To‘ychiyev va Ayub Shahobiddinovlarning o‘rinlari katta. Ikkilanmay ayta olaman, bu rejissyorlar – o‘zbek kinosining mustahkam ustunlari.

DUBLYAJ – KATTA MAKTAB

Dublyajga kirib kelganimda, dastlab bolalarga ovoz berganman. Bu sohada kuchli, salohiyatli aktyorlar ishlar edi. Hamza Umarov, Mukambar Rahimova, Rimma Ahmedova, Hojiakbar Nurmatov, Yoqub Ahmedov, Afzal Rafiqovlar bilan birga ijod qilib, ularni kuzatganman. Bu aktyorlar dublyajga to‘laqonli san’at darajasi deb qarashar, rejissyorlar har tomonlama jiddiy yondashishardi. Bu jarayon men uchun katta maktab vazifasini o‘tagan, iste’dodimning yangi qirrasini ochilishiga sabab bo‘lgan.

O‘ZIMNI MUTOLAAGA BAG‘ISHLAYMAN

Yoshligimizda kitoblar kam bo‘lardi. Ba’zan kitob do‘konlari oldida soatlab navbatda turardik, ba’zan Moskvaga buyurtma qilardik. O‘sha paytda o‘qigan asarlarimdan anglaganlarim, kashf qilganlarim shu paytgacha ong-u shuurimni oziqlantirib turibdi.

Bilasizmi, vaqt o‘tishi bilan kasb egallashni boshlaysiz, oila qurasiz, hayot ikir-chikirlari o‘z domiga torta boshlaydi. Umr shiddati bir vaqtning o‘zida hamma narsaga ulgurishga majbur qiladi. Shunda afsuski, mutolaa bir chetda qolib ketadi. Ayni paytda bu mening og‘riqli tomonim. Vaqti kelib, uyda o‘tirishga to‘g‘ri kelsa, havas qilganim, dilimga tukkanim – eng yaxshi asarlarni o‘qiyman, o‘zimni mutolaaga bag‘ishlayman.

Bolalarga maslahatim, kelajakda qaysi sohada ishlashingizdan qat’i nazar, kitob bilan do‘st bo‘ling! O‘zingizni majburlab bo‘lsa-da, kitob o‘qing. Bora-bora bu ko‘nikmaga aylanadi. Natijada kitobsiz yashay olmaysiz.

Zero, yoshlikdagi mutolaa – tafakkurning bir umrlik ozu­qasidir!

 

Dilafro‘z  ZAYNIYEVA  yozib oldi

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.