Eng katta boylik
Qizg‘in muhokamalardan so‘ng referendum asosida qabul qilingan yangi tahrirdagi Konstitutsiyamiz kuchga kirdi. Unga “Inson–jamiyat–davlat” tamoyili kiritilgani bejiz emas. Bu O‘zbekistonda inson qadr-qimmati, sha’ni eng oliy qadriyat darajasiga ko‘tarilayotganini anglatadi.
Qomusda ta’lim va ilm-fanga oid normalar ikki baravar ko‘paydi. Bundan buyon yurtimizda har bir fuqaroning huquq va erkinliklarini ta’minlash davlatning oliy maqsadiga aylanadi. O‘zbekiston Yangi Konstitutsiya orqali shunday rivojlanish yo‘lini tanladiki, uning maqsadi dunyoning rivojlangan 50 talik davlati qatoridan joy olishdir. Nasib etsa, bu ham amalga oshadi. Chunki bugungi o‘quvchilar, bugungi yoshlar o‘zgacha.
Internet tarmoqlarida yurtimiz yoshlari xorijiy ta’lim muassasalarining falon ming dollarlik grantini yutgani haqida o‘qib qolamiz. Dalillarga tayanadigan bo‘lsak, o‘tgan yili Prezident maktablari bitiruvchilarining 90 foizdan ortig‘i dunyoning nufuzli 100 taligiga kiradigan oliy o‘quv yurtlaridan taklif oldi. Bu yil esa Toshkent shahridagi Prezident maktabining bitiruvchisi Ja’far Orifjonov dunyo reytingida 6-o‘rinda turuvchi Kaliforniya texnologiyalar instituti grantini yutgan birinchi talaba bo‘ldi. Yana bir bitiruvchi Go‘zalxon Haydarova AQSHning dunyo reytingida 7-o‘rinda turuvchi Prinston universitetiga 100 foizli grant asosida o‘qishga qabul qilingani ma’lum bo‘ldi. Nafaqat Prezident maktablari, balki ijod va ixtisoslashtirilgan maktablar o‘quvchilari ham bir paytning o‘zida xorijning bir necha nufuzli oliygohlari talabalari safiga qo‘shilgan. Umumta’lim maktablarining xorijiy tillarga qiziqqan, aniq fanlarni puxta o‘zlashtirayotgan o‘quvchilari ham o‘z bilimlarini sinab ko‘rib, onlayn imtihonlarini muvaffaqiyatli topshirganlari haqidagi xushxabarlarni ham eshitmoqdamiz. Til bilgan, xalqaro sertifikatni qo‘lga kiritayotgan o‘quvchilar soni kun sayin ortib bormoqda.
Ayni kunlarda, maktabni tamomlash arafasida turgan minglab o‘quvchilarning qalbidan nimalar kechayotganini anglash qiyin emas. Ular bitiruv imtihonlarini muvaffaqiyatli topshirib, o‘zlari orzu qilgan o‘quv dargohlariga, kasb-hunar muassasalariga yo‘l oladilar. Mamlakatimizda o‘qiyman, o‘rganaman degan yoshlarga keng yo‘l ochildi. Ayniqsa, o‘qishni ishlab turib davom ettirmoqchi bo‘lgan yoshlar uchun oliygohlarda kechki, sirtqi bo‘limlarning ish boshlagani ayni muddaodir. Kasb-hunar egallamoqchi bo‘lganlar uchun esa tuman, shahar, viloyat hokimliklari qoshida, bandlikka ko‘maklashish markazlarida bepul o‘qishlar tashkil etilgan. Qolaversa, Yoshlar ishlari agentliklarining tuman, shahar, viloyat bo‘limlarida siz bitiruvchilarga ko‘maklashish uchun yetakchilar kamarbasta bo‘lib turishibdi.
Sharq donishmandlari “Eng katta boylik – bu aql, zakovat, bilim; eng katta meros – bu yaxshi tarbiya, qadriyat; eng katta qashshoqlik – bu bilimsizlikdir, deb ta’kidlashgan. Shunday ekan o‘qish, bilimli, yuksak ma’naviyatli bo‘lish hammamiz uchun doimiy hayotiy ehtiyojga aylanishi kerak. Ana shundagina mamlakatimiz xalqaro maydonlarda uyalib qolmaydi, ana shundagina u dunyoning rivojlangan davlatlari qatoridan joy oladi.