Matnazar Abdulhakim
Matnazar Abdulhakim 1948-yilning 20-fevralida Urganch tumanidagi Qorovul qishlog‘ida tug‘ilgan.
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi (2000). Rossiya Federatsiyasi Taganrog davlat pedagogika institutida tahsil olgan. 1982-1997-yillarda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi viloyat bo‘limida adabiy maslahatchi, 1997-yildan umrining oxirigacha Xorazm Ma’mun akademiyasida ilmiy xodim bo‘lib ishladi.
Dastlabki to‘plami “Tiniq tonglar” 1982-yilda chop etilgan. Shundan so‘ng “Fasllar qo‘shig‘i” (1986), “Qor qo‘shig‘i” (1990), “Mavj”, “Yonimdagi daryolar” (1993), “Qorachiqdagi dunyo” (1994), “Oydinlik”, “Bir quchoq gul”, (1997), “Iymon tuhfasi” (1997), “Yolg‘iz yaproq” (1999), “Yaldoni yaratgan nur”, “Javzo tashrifi” (2008), “Ko‘prik” (2009) kabi kitoblari chop etilgan.
Matnazar Abdulhakim Shayx Najmiddin Kubro, Shayx Majididdin Bag‘dodiy, Pahlavon Mahmud, Mirzo Abdulqodir Bedil asarlarini forsiydan o‘zbek tiliga o‘girgan. “Kim agar ozoddur!”, “Tabarruk tashrif”, “Jamoling menga bas” tarjima kitoblari ijodkorning qalamiga mansub.
Xorazm diyori insoniyatga tuhfa etgan buyuk mutafakkir, shoir, javonmardlik (futuvvat) tariqatining yirik namoyandasi Pahlavon Mahmudning “Haq fayzi” ruboiylari majmui Matnazar Abdulhakim tarjimasida 1999-yilda bosilib chiqdi. U Muhammad Rizo Ogahiyning “Ko‘ngil ko‘zlari” deb nomlangan g‘azallar to‘plamini ham forsiydan o‘zbek tiliga tarjima qilgan.
Matnazar Abdulhakim hassos shoir, tarjimon, ayni paytda zakiy tadqiqotchi ham edi. Olimning “Yaldoni yaratgan nur”, “Muborak mushtarakliklar”, “Xaloskor dard”, “Istiqlol riyozati”, “Siymoda aks etgan siymo”, “Aqldagi qudrat – qudratdagi aql” singari ilmiy talqinlari tarjimalarining yaratilish tarixiga, ijodiy jarayon psixologiyasiga bag‘ishlangan.