Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Hayotimiz xaritasi

Davlatimizning bosh qonuni Konstitutsiya fuqarolarimizning eng yaqin doʻsti, himoyachisi va haq-huquqlari kafolatidir. Kundalik hayotimizda qonun bilan bogʻliq juda koʻp hodisalarga duch kelamiz. Telekoʻrsatuvlar va radioeshittirishlarda huquqiy savodxonlikka oid dasturlarni koʻp bora kuzatamiz. Baʼzan qonunlar buzilishi, ularga amal qilmaslik qanday koʻngilsizliklarga olib kelishi mumkinligiga guvoh boʻlamiz.

Qonunlar qoʻrquvsiz, xatarsiz yashashni taʼminlaydi. Yaʼni, biz fuqarolik haq-huquqimizni qanchalik yaxshi bilsak, koʻzlagan maqsadimizga shuncha oson erishamiz. Hayotda qoqilmaymiz. Asosiy qonunimizning 41-moddasida yoshlarning bepul taʼlim olishi qatʼiy belgilangan. Demak, yaratilgan imkoniyatlardan foydalanib, koʻproq bilim olishimiz, oʻqib-oʻrganishimiz, vatanimiz kutgan farzand boʻlishimiz zarur.

Konstitutsiyani oʻrganish davomida shuni bildimki, har bir modda hayotimiz uchun juda muhim, ularda inson manfaatlari aks etgan. Shuning uchun biz qonunlarga rioya qilishimiz, oʻz burch va huquqlarimizni toʻla anglashimiz zarur.

Tengdoshlarimga ham Konstitutsiyani nafaqat oʻqib, balki uqib oʻrganishlarini tavsiya qilaman. Zero, Konstitutsiyaning har bir bobi, har bir moddasi hayotimizning yoʻl koʻrsatkichi. Unga amal qilsak, aslo adashmaymiz.

 

Munisa BAHODIROVA,

Toshkent shahar 236-maktab

7-sinf oʻquvchisi

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.