Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Hayotimning bir qismi

Tabiatan sarguzasht va sayohatlarni, yangi davralarga qo‘shilish, do‘stlar orttirishni yaxshi ko‘raman. Atrofimdagilarning “Sardorlik senga hech narsa bermaydi” yoki “O‘qishing qolib ketadi, chalg‘iysan, vaqtingni bekor o‘tkazma”, deyishlariga quloq solmadim. Bir kun ular baribir xato o‘ylayotganlarini tushunib yetadilar.

Men sardorlik faoliyatimni maktabdan boshlaganman. Ayni paytda Yoshlar ittifoqining To‘rtko‘l tuman bo‘limi bosh sardoriman. Men tashkilotga ayrim  yoshlar kabi “Menga nima foyda beradi?” deb kirib kelmaganman. Lekin sardorlik faoliyatim davomida o‘zimni qayta kashf qildim. Men bugun ayrim tengdoshlarimga nisbatan boshqacha fikrlayman, bir paytlar ushalmas orzu kabi ko‘rinadigan yutuqlarga bugun erishyapman. Va qaysi viloyatga, tumanga bormay meni ochiq yuz bilan kutib oladigan sardor do‘stlarim bor.

May oyida “Yil sardori” tanlovining Qoraqalpog‘iston Respublikasi bosqichida g‘olib bo‘lib, “Kamalak” bolalar tashkilotining an’anaviy XXI anjumanida ishtirok etdim.

Qoraqalpog‘iston nomidan bir guruh sardorlar Toshkent viloyatiga otlandik. Qator-qator o‘tkazilayotgan tanlovlar, seminar-treninglar, mahorat va tajriba­miz­ni oshiruvchi, yangi do‘stlar orttirish – bularning hammasi o‘smirlik xotiralarimga muhrlanayotgan ajoyib davrlar. Ich-ichimdan “Men bekorga sardor bo‘lmagan ekanman, hali men ko‘p ishlar qilishim kerak ekan”, degan o‘ylar, ajib hislar o‘tardi.

Tashkilotimizning ajoyib shiori bor: “Vatan, do‘stlik va baxtli bolalik uchun”. Sizni ham ahil oilamizga, o‘z safimizga chorlab qolaman, aziz tengdoshim!

 

Gulruxsor Tohirjonova,

Qoraqalpog‘iston Respublikasi To‘rtko‘l tumani 45-maktabning 11-sinf o‘quvchisi

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.