Ulug‘ ishlarga qodirlik
Biz bilan tengdosh bola bir o‘zi ayiqni yengadi, desam ishonasizmi? Ishonmaysiz! Ammo, men ishonaman. Buning uchun xuddi Kishdek aqlli va tadbirli bo‘lish kerak. Bu Kish deganlari kim ekan deb o‘ylayapsizmi?
Eshitgandirsiz, taniqli amerikalik yozuvchi Jek London uncha-buncha yozuvchi qo‘l ura olmaydigan mavzularda qalam tebratgan. Uning asarlarida tabiat va inson o‘rtasidagi munosabat, asov tabiat kuchlariga qarshi odamzodning qanday kurashishi tasvirlanadi. Yozuvchining shunday asarlaridan biri bu “Kish haqida qissa” hikoyasidir. Garchi bu asar hikoya janrida yozilgan bo‘lsa ham unda romanga tatigulik mazmun-mohiyat bor. Unda shimoliy o‘lkalarda yashovchi qabilalarning turmush tarzi, ovchilik bilan shug‘ullanuvchi odamlarning kundalik hayoti mayda detallarigacha ishonarli tasvirlangan. Hikoyada Kish ismli 13 yoshli bolaning otasidan bevaqt ayrilib qolgani, oilani boqish uchun o‘zi ovga chiqishi, mashaqqatlar yuziga tik boqishi haqida gap boradi.
Hikoyada tiriklik tashvishi boshiga erta tushgan Kish qabila kengashidagilardan yordam so‘raydi. Qabila kattalari uning talablarini xushlamay, bepisandlik qiladilar, Kishning oilasi uchun go‘shtni ko‘proq berishdan bosh tortishadi. Kish onasi Aykiga bilan qiyin kunlarni boshdan kechirishga majbur bo‘ladi. O‘shanda Kish o‘z-o‘ziga: “Mening dadam zo‘r ovchi bo‘lgan, qanday ov qilishni sizlarga ko‘rsatib qo‘yaman”, – deydi. Chindan ham, u o‘z so‘zida turadi. Ya’ni, “Aql yoshda emas, boshda” degan aqidaga ko‘ra, Kish ovga jo‘naydi. O‘rmonga ovga ketgan Kishni 3-4 kunda ham uyga qaytmagani uchun o‘ldi, deb o‘ylashadi. Ammo u ovdan sog‘-salomat qaytadi. Qaytganda ham katta o‘lja – ona ayiq va uning ikki bolasi bilan qaytadi. Lekin ularni qanday qo‘lga tushirganini hech kimga aytmaydi. To boshqalarning o‘zi borib, unga yolvormagunlaricha sir tutadi.
Qabila kattalari Kishdan ovning sirini aytishni o‘tinib so‘raydilar. U hatto kattalarning aqliga kelmagan tadbirkorlik bilan ya’ni, kit mo‘ylovi va yog‘i yordamida (bu hiyla qanday ekanini batafsil aytmayman, kitobni o‘qib, bilib olganingiz yaxshiroq) ayiqni holdan toydirib, osongina ovlaganini hikoya qiladi.
Yozuvchi bu bilan nima demoqchi?! Bo‘ri tish-tirnog‘i, ayiq jismoniy kuch-qudrati bilan ustunlik qiladi. Insonda bunday tirnoqlar, keskir tishlar ham yo‘q. Ammo, unda Xudo bergan aql bor. Agar bu aql o‘tkir bo‘lsa, uni yanada charxlab borilsa, inson har qanday mushkulotni yenga oladi.
Ramziy ma’noda tahlil qilsak, Kish yenggan ulkan ayiq bu – maqsadimiz yo‘lida uchraydigan katta-kichik to‘siqlar. Biz esa xuddi Kish kabi ularni tadbir bilan yengishimiz lozim. To‘g‘ri, asarni o‘qib, Kishdek ovchi bo‘lib qolmasmiz, lekin undagi ijodkorlik, tadbirkorlik xislatlarini uqib olamiz.
Niginabonu XAJIQURBONOVA,
Xorazm viloyati Urganch shahri 30-maktab 9-sinf