Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Hazrati insonlar hikmati

Goʻzal axloqlarning nomini bilishimiz yaxshi. Ammo, buning oʻzi kifoya qilmaydi. Ularni oʻrganishimiz, kasb etishimiz, oʻzlashtirishimiz, hayotimizning har lahzasida, har yerda amal qilishimiz lozim. Goʻzal axloqlar nomini olimlar sanab, besh yuzga yetkazganlar.

Aziz oʻquvchim, shu oʻrinda oʻzingizni bir sinab koʻrmaysizmi? Qoʻlingizga qogʻoz va qalam olib, avval yaxshi xulqlar roʻyxatini, soʻng yomon illatlarni yozib chiqing. Mening moʻljalimcha, roʻyxatingiz yetmish raqamidan oshib oʻtolmas. Agar yuzga yetkazolsangiz, “barakalla”, deymiz. Roʻyxatni yozib tugatgach, shu xulqlar haqida nimalar bilishingizni bir-bir yodga oling.

Donishmand olimlarimiz goʻzal axloqlarni sanab, sonini besh yuzga yetkazgan boʻlsalar, demak, yomon illatlarning sanogʻi ham aynan shuncha boʻladi. Chunki har qanday yaxshi xulqning qarshisida yomoni ham turadi. Yaxshi xulqni egallashga intilgan inson yomon illatdan saqlanishni ham bilishi shart. Inson goʻzal axloqli boʻlsa, ishlari yurishadi, atrofidagi odamlar bilan muomala va munosabati yaxshi yoʻlga qoʻyiladi, ularga foydasi tegadi. Ularning baxtga yetishiga sabab boʻladi. Yomon xulqli odam esa boshqalarning xafagarchiliklariga, jamoat tartibining buzilishiga sabab boʻladi. Qator kelishmovchiliklarni, notinchliklarni yuzaga keltiradi. Inson ishonchdan iborat. Yaʼni: atrofidagilarning ishonchini qozongan boʻlsa, yaxshi ishlarga ishonsa – yaxshi inson. Koʻpchilikning nazaridan qolgan, ishonchini yoʻqotgan boʻlsa beburd, yomon odam boʻladi.

Yaxshi va yomon xulqlarga nimalar kiradi?! Donolardan hikmatki, toʻrt narsa hamma uchun kerak: salomatlik, goʻzal xulq, rostgoʻylik va halol mehnat.

Toʻrt narsa aqlli odam xislati: qoʻldan ketgan narsalarga achinmaslik, mehnatdan qochmaslik, kibrli boʻlmaslik, xohlagan narsasini qoʻlga kiritmaganiga qaygʻurmaslik.

Etti narsa hayotda xotirjam yashashga yordam beradi: ishchanlik, haqiqiy doʻst, tarbiyali farzand, totuv oila, shirin, maqbul soʻz va aql-u farosat.

Xohlasangkim, el sani yaxshi koʻrar,

Boʻlmagil har kimga badgoʻ, bad nazar.

Sakkiz xislat olijanob odamlarda topiladi: afv, tavoze, shafqat, qoʻli ochiqlik, hayo, nomus, ochiq yuzli boʻlish, muruvvat.

Toʻqqiz xislatni qoʻldan bermaslik lozim: toʻgʻrilik, insof, muloyimlik, olim va fozillar bilan suhbat, keksalarga hurmat, kichikka shafqat, sabr-qanoatli boʻlish, vafodorlik va adolat.

“Goʻzal xulq uchta xislat bilan hosil boʻladi”, deydi hazrati insonlardan biri: haromdan tiyilish, halolni izlash, atrofdagilarga bagʻrini keng qilish.

 

Tohir Malik,

Oʻzbekiston xalq yozuvchisi

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.