Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Ragʻbatdan yuksalgan isteʼdod

Siz oʻquvchilik chogʻidayoq Xalqaro grossmeyster darajasini olgan isteʼdodli shaxmatchi Nodirbek Abdusattorovni yaxshi taniysiz. Uning yutuqlaridan xabardorsiz, unga havas qilasiz. Yaqinda yana bir yosh shaxmatchimiz ana shu nufuzli darajaga sazovor boʻldi. Eng qizigʻi, uning ham ismi Nodirbek!

Nodirbek Yoqubboyev – Xorazm viloyatining Hazorasp tumanidan. Aslida, xorazmliklar alloma bobolari al Xorazmiyga munosib voris ekanliklarini Xalqaro matematika olimpiadalarida bir necha bor isbotlashgan. Gʻolib bolalar haqida jurnalimiz sahifalarida takror-takror oʻqigansiz. Nodirbek ham boʻlajak matematik OʻzMU matematika fakultetining 2-kurs talabasi. Ammo Nodirbek shaxmat boʻyicha Xalqaro grossmeyster unvoniga sazovor boʻlgan birinchi xorazmlik. Ehtimol, matematikaga boʻlgan kuchli qobiliyati aql gimnastikasi sanalgan shaxmatda ham mohir boʻlishiga asqatgandir.

Nodirbekning qalbiga shaxmatga muhabbatni otasi Iskandar aka yuqtirgan. Shaxmat alifbo sabogʻini otasidan olgan Nodirbek tumandagi musobaqalar peshqadamiga aylangach, viloyat, respublika chempionatlariga ham qatnashish huquqini qoʻlga kiritdi. 7 yoshida tengdoshlari orasida respublika chempioni boʻlgan. 8-9 yoshidayoq rus tilida shaxmat haqidagi kitoblardan dunyoga mashhur shaxmat ustalarining oʻyinlarini, shaxmat nazariyasini, favqulodda partiyalar sharhini sinchiklab oʻrgana boshlagan. (Aytmoqchi, Nodirbek hali maktabga bormasidanoq ona tili va adabiyoti oʻqituvchisi boʻlgan bobosidan oʻqish, yozishni, ruscha gaplashishni oʻrganib olgan).

Iskandar aka oʻgʻlidagi uquv va qiziqishni sezgach, viloyatdagi taniqli murabbiy Ruslan Niyozmatovga shogirdlikka berdi. Ikki yil mobaynida ustozdan zarur saboqlarni olgan Nodirbek 2009-yilda 10 yoshgacha boʻlgan oʻgʻil bolalar oʻrtasida oʻtkazilgan respublika chempionatida 1-oʻrinni egalladi. Nodirbekdagi tezkorlik, shaxmat kombinatsiyalarini oson tushunib hal qila olishini sezgan viloyat terma jamoasi murabbiysi Marat Jumayev nazariga tushdi. Marat aka boʻlajak grossmeyster bilan astoydil shugʻullandi. Bu mashgʻulotlar oʻz samarasini berdi, albatta. Nodirbek respublika chempionatida bolalar va oʻsmirlar oʻrtasida oʻtkazilayotgan chempionatlarning mutlaq gʻolibiga aylangach, respublika terma jamoasiga qabul qilindi. Bu yerda tajribali murabbiylar Tohir Vohidov, Vladimir Yegin, Nikita Xoroshov mashgʻulotlariga qatnashib mahoratini, bilimini oshiryapti. Ammo u ich-ichidan jahon chempioni Rustam Qosimjonov qoʻlida shugʻullanishni orzu qiladi.

Afsus, poytaxtdan olisda yashagani, homiylar yoʻqligi, moddiy taqchillik sabab u Xalqaro nufuzli musobaqalarga vaqtida qatnasha olmadi. Bu baxtga ilk marotaba 2017-yil – 15 yoshida sazovor boʻldi. Sankt-Peterburg shahrida Chigorin xotirasiga bagʻishlangan Xalqaro turnirda ishtirok etdi va blits yoʻnalishida 1-oʻrinni egalladi.

– Men bir narsadan – farzandlarini hamisha tushungan, ularni qoʻllab-quvvatlayotgan otaning oʻgʻli ekanligimdan baxtiyorman. Otam, opam, men va ukalarimdagi isteʼdodni yuzaga chiqishi uchun bor imkoniyatini ishga soldi. Nilufar opam ham shaxmat boʻyicha bir necha karra respublika chempioni. Xalqaro tanlovlar ishtirokchisi. Men opam bilan bir kursda oʻqiyman. Shaxmatdagi koʻrsatkichlari ham menikidan past emas. Nasib qilsa, yaqinda u ham grossmeyster darajasini qoʻlga kiritadi. Ukam Akbar bu yil respublika chempioni boʻldi. Kenjatoyimiz Yoqubboy ham astoydil intilsa, shaxmatda bizdan oʻzib keta oladi, – deydi Nodirbek jilmayib.

– Nodirbek Yoqubboyev – juda layoqatli shaxmatchi. Tinimsiz izlanadi, tengdoshlarining oʻyinlarini sinchiklab kuzatadi, yutuq va kamchiliklarini oʻrganadi. Oʻz xatolaridan ham toʻgʻri xulosa chiqara oladi. Shaxmatni yuqori darajada tushunadi. Yaqinda Shanxay hamkorlik tashkilotiga aʼzo davlatlar shaxmatchilari oʻrtasida oʻtkazilgan xalqaro onlayn turnirda xitoylik raqibini magʻlub qilib, favqulodda qobiliyat egasi ekanligini yana bir karra isbotladi. Nodirbekning kelajakda dunyoning manaman degan shaxmatchilari qatoridan joy olishiga, yurtimiz nomini dunyoga taratishiga ishonaman, – deydi respublika terma jamoasi murabbiyi, Nodirbekning ustozi Saidali Yoʻldoshev.

Biz ham yosh grossmeyster Nodirbek Yoqubboyevning murabbiy ishonchini oqlashiga ishonamiz.

 

Muhabbat HAMIDOVA

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.