Kamolot kaliti
Bizning davrda maktab koʻrmagan insonni koʻz oldimizga keltirishimiz qiyin. Insonni maʼnaviy shaxs sifatida shakllantirishda maktab – poydevor. Maktabni bitirgan, yetuklik attestati olgan odamga hammamiz ham boshqacha hurmat va havas bilan qaraymiz. Ammo, maktab odamga hayotda kerak boʻlgan hamma narsani berolmaydi. Olimlarning fikricha, maktab insonning katta maʼnaviy hayoti uchun zarur boʻlgan boylikning mingdan birinigina berar ekan. Maktab bitta juda muhim narsani, butun maʼnaviy hayotda hal qiluvchi rol oʻynaydigan bir koʻnikmani bera oladi va berishi kerak. Bu – mustaqil mutolaa, mustaqil fikrlash, mustaqil tahlil koʻnikmasi, mustaqil oʻqishga, kitobga muhabbat.
Agar men hozirgi oʻsmir boʻlsam, shunday savolni qoʻyishim mumkin edi: kitob oʻqish shartmi? Maktab asosiy tushunchani berib tursa, butun dunyodagi eng qiziq narsalarni radio, televizor gapirib, namoyish qilsa. Shundoq ham vaqt ziq, har kuni qanchadan qancha kitob chiqib turibdi, qaysi birini ham oʻqiyman. Oʻsmirning bu mulohazalariga baʼzan javob ham topolmaysiz. Mantiq bor, lekin bu dahshatli mantiq. Mening koʻz oldimda Lev Tolstoy asarlarini, A.P.Chexov hikoyalarini qoʻliga olmagan butun bir qatlam yetishib kelayotganga oʻxshaydi. Siz bilan biz bilamizki, hech qanday yetuk sahna asari, katta sanʼatkorlar qoʻygan kinolar ham buyuk adiblar va shoirlar moʻjizasining, ajoyib soʻz sanʼati sehrining oʻrnini bosolmaydi. Soʻz sanʼati goʻzalligi oʻzi alohida sehrli olam, kitobni qoʻlga olib, yosh toʻkib, quvonib, gʻazablanib, shaxsan oʻqiganga yetadimi? Yoʻq, yetmaydi. Goho ekran yoshlarni faqat tomosha sanʼati bilan tarbiyalab qoʻyadi, bunday tarbiyalangan oʻsmir kitob oʻqisa ham faqat voqeasini qidiradi; tasvirlarni, oʻychan, fikrchan sahifalarni, psixologik lirik chekinishlarni tashlab oʻtish odati ham keng tarqalgan. Menimcha, bularning hammasi – ancha xavfli, barchamizni tashvishga soladigan narsalar. Biz kitobga, sanʼat va goʻzallikka, ayniqsa, soʻz sanʼatiga muhabbat tuygʻusini tarbiyalashni juda keskin qoʻyishimiz zarur.Toki, oʻsmir kitob oʻqish shartmi, degan savolni xayoliga ham keltirolmasin. Toʻgʻri, kitob koʻp, oʻqib tugatib boʻlmaydi. Lekin kitob maʼnaviy shaxsga havoday gap, u – hayotning oʻzi, u koʻpayaveradi, siz shimiraverasiz. Lim-lim toʻla, chetidan toʻkilay deb turgan katta, mazmunli, maʼnaviy hayotdan qoʻrqish kerak emas.
Lev Tolstoyga yosh Gandidan bir enlik xat keladi. Eslovchilarning aytishiga qaraganda, adib shu xatga javob yozish uchun olti oy kitob titadi. Hindiston, Sharq haqida oʻqimagan asari qolmaydi. Olti oylik mehnat natijasida bir kichkina javob maktubi dunyoga keladi. Tolstoyning 90 tomligining Sharqiy jildlarini qarasangiz, bu maʼnaviy hayotga aql bovar qilmaydi. Lekin Tolstoy oʻzining mana shu cheksiz mashaqqatli maʼnaviy olamidan sira nolimagan. “Yuragimning eng ogʻir jarohati bekor oʻtgan bir daqiqamdir”, – deb yozgan adib.
Menimcha, eng muhimi – kitobxon qoʻliga olgan asarni oʻqib chiqqach qanday oʻylar, qanday hislar uni toʻlqinlantirgan – mana shularni bilishi, kitobni oʻqigan oʻqituvchisi, ota-onasi va boshqalar bilan fikrlashishi, kitobdan olgan taassurotlari haqida suhbatlashishi, oʻz shaxsiy munosabatini bildirishni oʻrganib borishi zarur.
Masalan, duradgor stol yasayman desa, unga asbob kerak, taxta kerak, mix, yelim, boʻyoq zarur boʻladi. Odamning maʼnaviy olami shakllanishi uchun avvalo, kitob kerak, yuzlab kitoblar kerak. Kitob yashashga oʻrgatadi. Yozuvchining maqsadi – doim hayotning, hodisaning mohiyatini topishga intilish. Kutubxona – bizning maʼnaviy hayotimizni boyituvchi xazinadir. Eng yaxshi yozuvchilar hammavaqt odam hayoti, uning kamoloti, taqdiri haqida oʻylagan. Odam hamisha oʻzi va oʻzgalar uchun ham masʼul ekanligini, xalq oldida, davr oldida masʼulligini chuqur his qilishi kerak. Ekzyuperi aytganidek, inson eng avvalo, masʼuliyat demakdir.
Siz qanday oʻqiysiz?
Kitob oʻqish har xil boʻladi. Birov ermak uchun oʻqiydi, birov hordiq chiqarish uchun, birov oʻqiyotgan kitobini ilmiy tahlil qilish uchun. Birov nimanidir bilib olish uchun, birov asardagi voqeaga, qahramonlarning taqdiriga qiziqib oʻqiydi. Kitobxonlar ham, oʻqishlar ham har xil boʻladi. Bularning hech biri foydadan holi emas.
Men uchun oʻqish – mehnat. Bu ehtimol kasbimiz taqozosidan. Lekin mehnat degan bilan, zavqsiz, hayajonsiz oʻqish emas, albatta. Buni “aktiv oʻqish” desam ham boʻladi – nimanidir bilish, qahramonga hamdardlik, oʻyga tolish... Hammasi oʻquvchidan quvvat talab qiladi. Hassos kitobxon kitobdagi ruhiy olamda yashaydi. Gyote keksayganida: “Men kitob oʻqishni bir umr oʻrgandim”, deb eʼtirof etgan edi.
Zamon taqozosi bilan goho tez oʻqish texnikasi haqida bahslar qoʻzgʻab turadi. Bu menga uncha yoqmaydi. Chunki “tez oʻqish texnikasi” badiiy asar oʻqiganda ziyon keltirishi mumkin. Axir, roman oʻqiganda istagan vaqtingizda sahifani yopib xayol surmasangiz, uygʻongan tuygʻularni tanangizga singdirmasangiz, bir nafas oʻyga tolmasangiz bunday oʻqishning nima keragi bor?! Tez-tez, faqat voqeani oʻqiydigan yoshlar soʻz sanʼatining mohiyatini anglamasdan oʻqiydilar. Men tanlab oʻqish yoʻlini afzal koʻraman. Masalan, men, koʻp klassik asarlarni yoshlikda, gʻoʻrlikda oʻqiganman. Ularni endigi koʻz, endigi saviya bilan oʻqish butunlay boshqa. Men yangi asarlar chiqmay yo topilmay qolsa, klassik asarlarni qayta qoʻlimga olaman. Katta yoshda bu – tabiiy ehtiyoj boʻlib qoladi. Shunda xuddi yangi asar oʻqiganday boʻlaman. Men kitobni qoʻlda qalam bilan oʻqiyman. Bu “aktiv oʻqish” deganimning bir belgisi boʻlsa kerak. Kitob oʻzimniki boʻlsa, qaydlar qilaman. Bu – kitob oʻylab oʻqilganligini bildiradi. Buni kitobga hurmatsizlik deb hisoblamayman.
Qayta oʻqish?! Bu bizning davrimizda baʼzilarga gʻalati koʻrinishi mumkin. Bir bora oʻqishga vaqt yoʻgʻ-u, qayta oʻqish nimasi? Lekin aminmanki, qayta oʻqish odatini tark etsangiz, maʼnaviy qashshoqlikka olib boradigan yoʻlga kirib qolasiz. Biz kino va spektakllarni, yaxshi qoʻshiq va raqslarni qayta-qayta tinglab, tomosha qilamiz. Nima uchun badiiy yuksak asarlarni qayta oʻqimaslik, undan huzurlanmaslik kerak?!
Qayta oʻqish – zavqli mehnatning katta bir maʼnoli qismi.
Asqad Muxtorning “Yosh doʻstlarimga” kitobidan olindi.