Yangi soʻz – yangi gʻoya – yangi Oʻzbekiston
Qadrli muxlislar, eʼtibor berayotgan boʻlsangiz, keyingi paytlarda mamlakatimiz Prezidenti oʻz nutqlarida “Uchinchi Renessans gʻoyasi” degan iborani tez-tez takrorlayaptilar. Renessans, u qanday soʻz, maʼnosini bilasizmi?
Renessans – uygʻonish, yangidan tugʻilmoq, mudroqlik, hafsalasizlik va boshqa loqaydliklardan voz kechish, borliqqa uygʻongan, xushyor tortgan odam nazari bilan qarashdir. Shuningdek, har bir voqea, hodisani tiyrak nigoh bilan baholash va albatta, harakat – amalni ham oʻzgartirish degani.
Yana savol tugʻiladi, nega Uchinchi Renessans? Chunki dastlabki renessans Muhammad Xorazmiy, Ahmad Fargʻoniy, Beruniy, Abu Ali ibn Sino, Zamahshariy kabi oʻnlab allomalarimiz oʻzlarining jahonshumul ilmiy-ijodiy kashfiyotlari bilan insoniyat tamadduniga ulkan hissa qoʻshgan. Yurtimiz rahbari oʻz nutqida “Markaziy Osiyo Uygʻonish davrining islom va jahon taraqqiyotiga qoʻshgan bebaho hissasini alohida qayd etmoqchiman”, – deb taʼkidlagani bejiz emas.
Markaziy Osiyo mintaqasi, xususan, bugungi Oʻzbekiston hududi tarixda ilm-fan, madaniyat va sanʼatning qadimiy beshigi sifatida mavjud boʻlib kelgan.
Oʻzbekiston hududlari tarixdan Buyuk Ipak yoʻlining markazi va uning turli yoʻllari kesishgan nuqtada joylashgan. Shuning uchun Sharq va jahonning turli mamlakatlaridan diniy va dunyoviy bilim olish istagidagi insonlar hamisha Samarqand, Buxoro, Xorazm, Nasaf (Qarshi), Kesh (Shahrisabz), Toshkent, Fargʻona kabi koʻhna madaniyat markazlariga intilganlar. IX-XII asrlar Markaziy Osiyoda Birinchi Uygʻonish davri hisoblanadi.
Oʻn beshinchi asrda sohibqiron Amir Temur bobomiz asos solgan va uning munosib avlodlari davom ettirgan muhtasham saltanat yurtimizda Ikkinchi Uygʻonish, yaʼni – Ikkinchi Renessans davrini boshlab berdi. Bu Temuriylar renessansi hisoblanadi.
Bu davrda Qozizoda Rumiy, Mirzo Ulugʻbek, Ali Qushchi kabi benazir olimlar, Lutfiy, Sakkokiy, Hofiz Xorazmiy, Abdurahmon Jomiy, Alisher Navoiy, Mirzo Bobur singari mutafakkir shoirlar, Mirxond, Xondamir kabi tarixchilar dunyoga shuhrat taratdi. Oqqan daryo oqaveradi.
Mamlakatimizda Uchinshi Renessansni XX asr boshlarida maʼrifatparvar jadidlar amalga oshirishlari mumkin edi. Negaki, bu fidoyi va jonkuyar zotlar butun umrini milliy uygʻonish gʻoyasiga bagʻishlab, oʻlkani jaholat va qoloqlikdan olib chiqish uchun bor kuch va imkoniyatlarini safarbar etganlar. Shu yoʻlda ular oʻzlarining aziz jonlarini ham qurbon qilganlar. Bu davrda Abdulla Avloniy, Mahmudxoʻja Behbudiy, Munavvar qori Abdurashidxonov, Ubaydulla Xoʻjayev, Abdurauf Fitrat, Ibrat domla, Abdulhamid Choʻlpon, Abdulla Qodiriy va boshqa yana yuzlab ulugʻ insonlar milliy uygʻonish va millatparvarlik harakatining oldingi saflarida turadi. Biroq jadidlar oʻz oldilariga qoʻygan ezgu maqsadlarini amalga oshirishga ijtimoiy tuzum yoʻl bermagan. Dastlab, rus podshohligi, keyin shoʻrolar hukumati ularning ayovsiz quvgʻin va qatagʻon qilgan. Prezidentimiz Uchinchi Renessansni ana shu allomalarning munosib vorisi bugungi mustaqil Oʻzbekiston farzandlari yaratishiga ishonadi. Shu bois ham mamlakatimizda ana shunday isteʼdodlarni yuzaga chiqarish uchun zarur boʻlgan barcha shart-sharoitlar yaratilmoqda.
Prezidentimiz joriy yil Oʻqituvchi va murabbiylar kuniga bagʻishlangan tantanali marosimdagi nutqida “...Uchinchi Renessans poydevorini yaratish... uchun, avvalo yuzlab-minglab isteʼdodli kadrlar, fidoyi shaxslar kerak”, – dedilar. Darhaqiqat, har qanday ishning, tashabbusning oqibati yurtning rivojlanishi uchun asosiy yukni koʻtarayotgan odamlarga – xizmatchilarga bogʻliq. Yurtimiz, hamisha isteʼdodlar Vatani boʻlib kelgan. Bu haqiqatni tarix ham, bugun ham tasdiqlaydi.Har doim buyuk maqsadga erishish uchun buyuk shijoat, katta jasorat kerak-da. Ana shu shijoat Oʻzbekiston farzandlarining mehnati va gʻayrati bilan yuzaga chiqadi. Nutqda bu ham ochiq eʼtirof etildi: “Yangi Oʻzbekiston ostonasi maktabdan boshlanadi”.
Mutaxassislarning fikricha, Renessans gʻoyasi butunlay boʻsh joyda paydo boʻlmaydi, uni yuzaga chiqarish uchun shu maqsad yoʻlida tarix tajribasidan samarali foydalanish zarurdir. Zero, ikki marta dunyoni hayratga solgan yurtimiz uchinchi marta ham tamaddun osmonida porlashga qodir.
Avvalo, yurtimiz rahbari Renessans masalasini “milliy gʻoya” darajasiga koʻtarilayotganini alohida taʼkidladilar. Uygʻonish degan soʻzlar tilga olindimi, oʻsha lahzadan uygʻonish boshlandi. Mazkur jarayon tinimsiz harakatni, olgʻa intilishni talab qiladi. Davlatimiz rahbari amalga oshirilajak ezgu ishlarda yaqin tariximizda oʻtgan ilgʻor kishilar – jadidlarning gʻoyalarini tayanch dasturulamal qilib olishni qayta-qayta taʼkidlayaptiki, bu hol ham tarixiy adolatning tiklanishi, qachonlardir umri bemavrid xazon boʻlgan bobolarimiz orzularining yangi avlod – hurfikrli avlodning dunyoqarashi, tiyrak nigohi orqali qanot yozishiga zamin boʻlyapti.
Har qanday maqsadga xalqning, millatning birlashishi orqaligina erishish mumkin. Ana shu birlashish harakati Renessans gʻoyasini amalga oshiradi. Bu gʻoyani amalga oshirish uchun mustaqil va ozod yurtimizda barcha imkoniyatlar muhayyo. Vatanimizda isteʼdodli bolalar va yoshlarga boʻlgan eʼtibor, koʻrsatilayotgan gʻamxoʻrlik fikrimizga dalil boʻla oladi. Ular uchun yaratilayotgan xalqaro darajadagi shart-sharoitlarga hammaning havasi kelmoqda. Shunga yarasha bu isteʼdod sohiblarining oldiga qoʻyilayotgan talab ham qatʼiy: oʻqish, uqish, kuchli bilim olish, bir nechta chet tillarni oʻrganish, faqat olgʻa intilish, rivojlanib borayotgan yangi Oʻzbekistonning taraqqiyotiga munosib hissa qoʻshish.
Inson – buyuk yangiliklar ijodkori, ulkan kashfiyotlar sohibi. Demak, insonning fikrlashi oʻssa, ulgʻaysa, yangilansa, uygʻonsa, u yaratish, bunyod qilishga qodir boʻladi. Yurtimizda kechayotgan Uchinchi Renessansning asosi ham shu: qalbni uygʻotish bilan dunyoqarashni, fikrlashni, tafakkurni yangilashdir. Shu tariqa dunyolarga boʻylashish, har jabhada xalqaro darajaga chiqish, Vatanimiz salohiyatini namoyish etish.