Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Hikoya qanday yoziladi?

Yaqinda tahririyatga Toshkent viloyati Zangiota tumanidan bir qiz kirib keldi. “Hikoya yozgandim, “Gulxan”da chiqarsa bo‘ladimi?” deb so‘radi. U sinfdagi bir voqeani qog‘ozga tushiribdi. Bu quruq bayondangina iborat, oddiy va jo‘n yozilgan qoralamani hikoya deb bo‘lmas edi. “Gulxan”ga obuna bo‘lganmisan?” deb so‘radim undan.

– Yo‘q, – dedi u hayron bo‘lib. Suhbatimizdan ma’lum bo‘ldiki, qizimiz ikki-uchta badiiy kitob o‘qigan, hikoya yozishga havasi bor ekan. Uning qo‘liga ikki dona “Gulxan” jurnali tutqazdim-da, “Buni yaxshilab o‘qib chiq, keyingi safar kelganingda u haqidagi fikrlaringni aytasan. Ayniqsa, hikoyalarni diqqat bilan o‘qi, mavzuning muhimligi, uning yoritilishi, qahramonlarning qiyofasi, atrofdagi manzaraning tasviriga e’tibor ber. Ularga qarab o‘zing yozgan “hikoya”dagi kamchiliklarni aniqla. Iloji boricha qayta ishlab kel”, dedim. Uning yozishicha, sinfidagi bir bola yomon baholarga o‘qiydi, darslarni o‘zlashtirish bo‘yicha sinfni orqaga tortayapti. Lekin muallif sinfdoshining oilasi, nimalarga qiziqishi, nima uchun uy vazifalarni tayyorlamay kelayotgani, unga nima xalal berayotgani va nihoyat yechim – o‘quvchining o‘z xatosini tushunib yetgani yoki yo‘qligi haqida umuman yozmagan. Voqeaning ildizi qayerda ekanligini ochib berolganida edi, uning mashqini hikoya desa bo‘lardi.

Elektron pochtamizga Navoiy viloyati Qiziltepa tumanidan “Aldoqchi bola” deb nomlangan kichik hikoya kelib tushdi. Hikoya “qahramoni” Nozima maktabdan qolish uchun turli bahonalar o‘ylab topadi. Voqea so‘nggida u o‘z yolg‘onidan uyalib qoladi. “Gulxan”da yolg‘onchilik haqida ko‘p hikoyalar berganmiz. Muallifning bizga yo‘llagan mashqi ham shularning takroriga o‘xshaydi. Agar Nozimaning bahonasi kutilmagan, hech kimning xayoliga kelmagan yangi yolg‘on bo‘lganda, yakun ham biroz o‘ylab, keyin xulosa qilinganda ayni muddao bo‘lardi.

Yozuvchilikka havasi bor, o‘zida jur’at topgan, kuch topgan qalamkash do‘stlarim! O‘ylaganlaringizni qog‘ozga tushira oldingizmi, sizni tabriklayman. Bir-ikki sahifa voqeani obrazli qilib ta’riflash hammaning ham qo‘lidan kelavermaydi. Hamonki ko‘nglingizda ko‘rgan, kuzatganlaringizdan ta’sirlanib, yozish istagi tug‘ildimi, unda baholi qudrat daftaringizni to‘ldiravering. Faqat quyidagi ko‘rsatmalarga amal qilishni unutmang.

Hayot bu – bepoyon olam, cheksiz kenglik. Hikoya yozishga kirishar ekansiz, eng avvalo atrofingizda kechayotgan voqealar, tabiat manzaralari, sizga qo‘shni, mahalladosh bo‘lib yashaydigan kishilar hayotidagi biror hodisa turtki bo‘ladi. Uni yozib jurnalxonlar hukmiga havola etasiz. Muammolar hayotdagi o‘rniga qarab katta va mayda bo‘lishi mumkin. Juda maydalashib ketmang, mavzu muhim bo‘lishi shart. Hikoya so‘nggida muammo hal qilib berilishi yoki o‘quvchini o‘ylantiradigan tarzda taqdim etilishi kerak. Mavzu qanchalik muhim bo‘lsa, hikoyaning ahamiyati shunchalik katta bo‘ladi. Bunga erishish uchun hayotning qaynoq va dolzarb jihatlariga e’tibor qilish kerak. Iqtidorli o‘quvchilarda bu xususiyatlar tabiatan mavjud bo‘ladi. “Talantning 99 foizi mehnat” deb aytishardi ustozlarimiz. Darhaqiqat, sizda Yaratgan in’om etgan bir foiz qobiliyat bo‘lsa, uni yuzaga chiqarish uchun albatta mehnat qilish zarur. Hikoyada ishtirok etuvchilarning nutqi dialoglar orqali berilishi katta ahamiyatga ega. Dialoglar qahramonning xulq-atvorini, maqsadini yorqinroq ko‘rsatishga yordam beradi.

Siz hikoyani shunday yozishingiz kerakki, uni o‘qigan minglab jurnalxonlar hikoya qahramonlarida o‘z taqdirini ko‘rsin, unga qarab xatolarini tushunsin, salbiy qahramonning ahvoliga tushib qolmaslikka harakat qilsin. Hikoyadagi ijobiy qahramondan o‘rnak olsin, unga ergashsin, unga qarab o‘zidagi odamiy sifatlarni tarbiyalasin. Aslida ijodkor bolalar tengdoshlariga nisbatan ko‘proq kitob o‘qigan, atrofni teranroq kuzata oladigan bo‘lishlari kerak. O‘rni kelganda o‘z qahramoni qiyofasida bir necha o‘nlab bolalarning ijobiy va salbiy sifatlarini ifodlab bera oladigan darajada. Ana shundagina uning yozganlarini avvalo ustozlari, tengdoshlari va nihoyat gazeta va jurnallardagi muharrirlar tan olishadi.

 

Zahro HASANOVA

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.