Zaharli tutunlar ortida
Maktab o‘quvchilari o‘rtasida tamaki mahsulotlarini chekish illati avj olayotgani haqida ko‘p eshitamiz.
Bu masala yuzasidan ota-onalar majlislari, sinf yig‘ilishlari tez-tez o‘tkazilishiga qaramay, hanuzgacha oramizda kelajagi va sog‘lig‘iga befarq tengdoshlarimiz uchrab turibdi.
Shifokorlarning aytishicha, sigaret chekkanda o‘pkaga tutun bilan bir qancha zararli moddalar ham o‘tar ekan. Tez-tez chekilganda esa nafas yo‘llariga nikotin moddasi ikki barobar ko‘proq yetib borishi isbotlangan.
Maktab bolalarining sigaret, nos chekishi hech qanday odob, axloq me’yorlariga to‘g‘ri kelmaydi. Chekuvchi organizm jismoniy va ruhiy rivojlanishdan orqada qoladi. Bola qancha yosh chekishga o‘rgansa, kelajakda bu illatdan qutilishi shunchalik qiyin bo‘ladi, ishchanlik qobiliyati pasayadi. Kashandalar atrof-muhitning musaffoligini buzadilar, havoni zaharlaydilar. Odam chekkanda tamaki tutuni bilan nafas oladi, o‘pkaga kislorod o‘rniga karbonat angidrid gazi borib qonga so‘riladi. Bu organizmdagi moddalar almashinuvini buzadi. Bunday holat o‘z navbatida organizmning kislorod tanqisligiga sabab bo‘ladi. Oqibatda o‘pkaning turli yuqumli kasalliklarga chidamliligi kamayadi. Olimlarning aytishicha, sil kasalligiga duchor bo‘lganlarning 90 foizi chekuvchilardir.
Har yili yurtimizda yoshlarni bu illatdan asrashga qaratilgan festival va tanlovlar, marafonlar o‘tkazilmoqda, targ‘ibot-tashviqot ishlari olib borilmoqda. Yuqorida aytilganlardan xulosa qilsak, chekish umr zavoli.
Do‘konlarda mana bunday yozuvlarga duch kelamiz: “18 yoshga to‘lmagan shaxslarga tamaki va alkogol mahsulotlari sotilmaydi!” Shunday ekan o‘quvchi tamakini qayerdan olyapti? “Bozorim yurishsin”, deb cho‘ntak dardida o‘z dilbandi tengi bolalarning qo‘liga sigaret tutqazayotgan sotuvchilarning insofini bersin.
Tamakini o‘z yurtini sevmaydigan, yaqinlari va ota-onasini hurmat qilmaydigan odam chekadi. Xulosa chiqarish o‘zingizdan. To‘g‘ri yo‘lni tanlashingizga ishonamiz. Oldinda sizni sog‘lom kelajak kutmoqda, aziz do‘stim!
Azizbek ABDUMALIKOV,
Toshkent shahar 202-maktab
8-sinf o‘quvchisi