Hikoyani o‘qib...
Jurnalning o‘tgan sonida berilgan Muhabbat Hamidovaning “Jumboq hikoyalar”iga o‘z munosabatimni bildirmoqchiydim. Sardor she’rni yaxshi yodlab oldi, ammo uning kitobiga achindim. Chunki kitob non kabi e’zozlanadi. Varaqlarini yelimlagan taqdirda ham kitob asl holiga kelmaydi. Sardor kitobni avaylashi kerak edi. Chunki uning ukalari ham shu kitobdan foydalanadi.
Endi Dilshodjonga kelsak, u bolalarga dadasi chet eldan olib kelgan kitobni berib turadi. Ammo kitobi yo‘qolib qoladi. Yana tag‘in bolalar kitob o‘g‘risi o‘g‘ri hisoblanmaydi, deyishadi. Nega endi birovning omonatini o‘zlashtirish ayb sanalmas ekan?! Undan ko‘ra, uzr so‘rab kitobni qaytarib berishganida Dilshod do‘stlarini tushungan va yana o‘qish uchun berib turgan bo‘lardi. Negaki, Dilshodjon mehribon va qo‘li ochiq bola.
Avtobusdagi holat ham meni o‘yga toldirdi. Keksa yoshdagi yo‘lovchilarga joy berish yoshlarning vazifasi-ku?! Kitobni uyga borganda ham o‘qisa bo‘ladi. Nazarimda bu joy bermaslik uchun bir bahona bo‘lsa kerak. Men ham xolaning fikriga qo‘shilmadim.
Ibrohim RIXSIBOYEV,
Toshkent shahri Olmazor tumani
1-maktab 9-sinf