“Barkamol avlod”da bayram
Samandar kichikligidan rasm chizishga qiziqar, buvisi aytgan ertak qahramonlari haqidagi tasavvurlarini qog‘ozga tushirishga harakat qilardi. Rasm darsidan faqat a’lo baholarga o‘qigan Samandar ustozining maslahati bilan “Barkamol avlod” respublika bolalar texnik ijodiyoti markazidagi “Tasviriy san’at” to‘garagiga qatnay boshlaganiga bir yildan oshdi. 2016-yil “Konstitutsiya – mening faxrim”, “Kamalak yulduzlari” bolalar ijodiyoti festivallarida faxrli o‘rinlarni qo‘lga kiritgan Samandar bugun ham sevimli maskani tomon shoshmoqda. Sababi, bu yerda 1-iyun – Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni munosabati bilan “Har bir bolaga mehr, e’tibor” shiori ostida ma’naviy-ma’rifiy tadbir tashkil qilingan. Unda o‘quvchilarning texnik ijodkorligi ko‘rgazmasi, rasmlar tanlovi o‘tkaziladi. “Turon” yakkakurash to‘garagi a’zolari iste’dodlarini namoyish qilishadi.
– 1-iyun – Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni munosabati bilan o‘tkaziladigan an’anaviy tadbirimiz ko‘tarinki ruhda o‘tadi. Chunki u o‘quvchilarimizning bir yil davomida qo‘lga kiritgan yutuqlari namoyishi bo‘ladi-da. Bunday tadbirni tashkil qilishimizdan maqsad, bolalar o‘z huquqlaridan to‘liq foydalanib, layoqat va qiziqishlariga qarab istagan yo‘nalishlarida ta’lim olayotgani, iqtidorlarini namoyish qilish uchun turli tanlovlarda faol ishtirok etayotganini, buning uchun yurtimizda barcha sharoitlar muhayyo ekanligini yana bir bor ko‘rsatish. O‘quvchilarning texnikaga bo‘lgan qiziqishini oshirish, tashabbuskor, iqtidorli va ijodkor imkoniyati cheklangan o‘quvchilarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazishini ta’minlash, ularni qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish, – deydi “Barkamol avlod” respublika bolalar texnik ijodiyoti markazining direktori Xadicha Zokirova.
Diyora Mamajonova Chilonzor tumanidagi 4-ixtisoslashtirilgan maktab-internatining 8-sinf o‘quvchisi. Unga shifokorlar salomatligida umurtqa bilan bog‘liq muammolar borligini aytganida ham tushkunlikka tushgani yo‘q. Maktabda maxsus karavotda yotib dars tayyorlasa-da, barcha to‘garaklarga faol qatnashgani uchun ham maktab “Kamolot” sardori etib tayinlangan Diyora o‘quvchilarning qiziqishlariga qarab to‘garaklarga jalb qilishga harakat qiladi. O‘zi rasm chizishni yoqtirgani uchun “Tasviriy san’at” to‘garagining faol a’zolaridan biri. Bugun ham tengdoshlarini ijodiy ishlari, yutuqlari bilan yaqindan tanishish uchun sinfdoshlari bilan birga tadbirda ishtirok etmoqda.
– Markazda bo‘lib o‘tadigan bayram va tadbirlarda maktabimiz o‘quvchilari bilan ko‘p qatnashganmiz. Qiziqishlarimizga qarab to‘garak a’zolaridan ko‘p hunarlarni o‘rganganmiz. Bugungi bayramda “Munchoqli bezak” to‘garagi qizlarining turli munchoqlardan, tugmalardan ayollar zeb-ziynati, turfa gullar yasayotganini ko‘rib havasim keldi. Sabzavot va mevalardan anvoyi gullar va qush siymosini tasvirlagan “Karving” to‘garagi a’zolarining turli shakllarda salatlar tayyorlashi bizda katta taassurot qoldirdi. Ayniqsa, san’atkor bolalar ijrosidagi kuy-qo‘shiqlar, “Xirmontepa”, “Shuhrat” mahallasi faollari hamda “Imzo” kompaniyasi tomonidan berilgan badiiy kitob va o‘quv qurollari biz uchun unutilmas sovg‘a bo‘ldi.
Darhaqiqat, tengdoshlariga o‘rnak bo‘la oladigan talaygina muvaffaqiyatlarni qo‘lga kiritgan o‘quvchilarning yutuqlari tahsinga loyiq. Bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazib, yurtimiz sharafini himoya qilayotgan akalaridek g‘alabalar sari olg‘a intilayotgan o‘quvchilar ham shu maskanda ta’lim olmoqda. Murabbiylarining murakkab mashg‘ulotlarida toblanib, xalqaro musobaqalarda munosib o‘rinlarni qo‘lga kiritmoqda.
– Markazdagi “Turon” yakkakurash to‘garagiga 6 yoshimdan qatnay boshlaganman. Mashg‘ulot davomida kimningdir oyoq yoki qo‘li qattiqroq zarb bilan menga urilgan vaqtlari ko‘p bo‘lgan. Ammo maqsadimga erishish uchun mashg‘ulotlarga kelishdan to‘xtamadim. Tuman, viloyat va respublikada o‘tkazilgan bir qator musobaqalarda faxrli o‘rinlarni qo‘lga kiritdim. 2016-yil Qozog‘istonning Chimkent shahrida bo‘lib o‘tgan Osiyo chempionatida 2-o‘rin, 2017-yil O‘zbekiston chempionatida 1-o‘rinni egalladim. 2017-yil Qozog‘istonda bo‘lib o‘tgan jahon kubogida esa olti nafar do‘stim bilan birga g‘olib bo‘ldik. Bugun bayram shodiyonalarida, do‘stlarimiz huzurida markazimiz direktori har birimizning ko‘ksimizga oltin medallarni taqib qo‘yganda, farzandlarini qadrlaydigan yurt bolasi ekanligimdan g‘ururlandim, – deydi Chilonzor tumanidagi 101-maktabning 9-sinf o‘quvchisi Javohir Toshmuhammedov.
Shu kuni bayram shodiyonasi katta-yu kichik bolalarga bir olam shodlik ulashdi. Ko‘zlarida sevinch porlab turgan o‘g‘il-qizlarning orzulari sari shahdam qadam tashlashiga qarab, ular bolajon yurtning baxtli bolalari ekanligiga yana bir bor amin bo‘ldim.
Iroda UMAROVA