Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Qo‘limizdagi nur

Uning ziyosidan barchamiz bahramand bo‘laylik

 

Bolaligidan kitobni do‘st bilib, uni qadrlagan, oftobdek nuridan ko‘ngli ravshanlashgan o‘quvchi borki, bu beqiyos xazinaning chindan betakror mo‘jiza ekanligini tushunadi. Ayniqsa, elda aziz va mo‘tabar insonlar bilan suhbatlashsak, ularning bu darajaga yetishlarida, kamol topishlarida kitobning o‘rni juda katta bo‘lganligini qayta-qayta ta’kidlashadi.

Darhaqiqat, u qaysi soha kishisi bo‘lmasin, tanlagan kasbining yetuk mutaxassisi sifatida ulg‘ayishi uchun beminnat dastyor – kitobga suyanishi ham bor gap.

Katta-yu kichikni kitob o‘qishga chorlayotgan, har yili o‘tkazib kelinayotgan Respublika “Kitob bayrami”ni barcha kitobsevarlar intiqlik bilan kutishga odatlanishdi. Bu yil ham O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi bir qator tegishli davlat va jamoat tashkilotlari bilan hamkorlikda 2017-yilning 25–27-may kunlari Toshkent shahrining G‘afur G‘ulom nomidagi madaniyat va istirohat bog‘ida “Adabiyotga e’tibor – ma’naviyatga, kelajakka e’tibor” shiori ostida “Kitob bayrami” ma’naviy-ma’rifiy tadbirini o‘tkazdi.

Ushbu tadbirda kitob mualliflari, adib va shoirlar, kitob grafikasi bo‘yicha rassomlar, muharrirlarning o‘quvchilar bilan bevosita ijodiy uchrashuv-muloqotlari, mushoira va suhbatlar uyushtirildi. Shuningdek, “Kitobxon oila”, “Mening birinchi kitobim”, “Kitob – beminnat do‘st”, “Odamiylik kitobga bo‘lgan ehtiromdan boshlanadi”, “Kitob – sodiq do‘st” kabi mavzularga oid sovrinli intellektual o‘yinlar kitobsevar bolajonlarda ajoyib taassurot qoldirdi. Bog‘da 100 dan ortiq nashriyotlar o‘zlarining yangi chop etilgan kitoblarini o‘quvchilarga taqdim etishdi.

– “Kitob bayrami”ning afzallik tomoni shundaki, barcha nashriyotlarda chop etilgan yangi asarlar bilan tanishib chiqishga, ularni chegirma asosida xarid qilishga imkon bo‘ladi. Shuningdek, Anvar Obidjon, Dilshod Rajab, Kavsar Turdiyeva kabi bir qator sevimli ijodkorlarimiz bilan uchrashib, ijodning o‘ziga xos nozik tomonlari haqidagi fikr-mulohazalarini tinglaymiz, – deydi poytaxtimizdagi 2-yuridik kolleji o‘quvchisi Ozoda Xo‘jayorova.

– Ijtimoiy tarmoqlardan o‘ta faollik bilan foydalanayotgan yoshlarimizning kitob o‘qishga bo‘lgan qiziqishini oshirish, kitobxonlik ko‘nikmasini yanada yuksaltirish maqsadida milliy adabiyotimiz va jahon adabiyotining eng yaxshi namunalarini internet tarmoqlariga joylashtirish va ularni keng targ‘ib qilish ishlariga alohida e’tibor qaratilayotgani barchamizni birdek mamnun etyapti. Sababi, yoshlarning ko‘p vaqti aynan internet tarmog‘ida o‘tayotganligi hech kimga sir emas, – deydi Toshkent shahridagi 221-maktab o‘qituvchisi Gulnoza Husainova.

Qo‘llariga dasta-dasta kitoblarni ko‘tarib bog‘ eshigidan ko‘zlari porlab chiqib ketayotgan yoshlarni ko‘rib dilimiz quvonchdan yayradi. Go‘yoki o‘quvchilarning qo‘lidan nur taralayotgandek. Ularni kuzata turib shoirning ushbu satri yodimga tushdi:

Mo‘jiza emasdir falakda oftob,

Mo‘jiza aslida beminnat kitob.

 

Nilufar JABBOROVA

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.