Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Ravon yo‘llar ostonasida

Jurnalimizning aziz muxlislari! Siz bolajon xalqning erka va baxtli farzandlarisiz. Oila, mahalla, maktabda, turli to‘garak va boshqa hordiq chiqarish maskanlaridagi barcha qulay imkoniyatlar sizlar uchun, sizning kelajagingiz uchun.

Yurtimizda har bir kun bolalar kunidek tuyuladi menga. Balki hamisha sizning davrangizda yurganim, sizlarni jon dildan yaxshi ko‘rganim uchundir. Nima bo‘lganda ham Xalqaro bolalar kuni bilan barchangizni samimiy tabriklayman. Baxtli bolaligingizga ko‘z tegmasin, hamisha sog‘-salomat bo‘ling. Mana shu tinch, farovon yurtimizda ota-onalaringiz, biz kattalar sizning baxtiyor hayotingiz, kelajagingiz uchun harakat qilishdan, mehnat qilishdan charchamaylik.

Bilasizmi, mazkur bayram g‘oyasi ilk bor 1925-yili Jenevada bolalar farovonligiga bag‘ishlangan Butunjahon konferensiyasida ilgari surilgan ekan. Bugungi kunda dunyo bolalarining hammasi ham sizdek tinch, farovon hayot kechirishmaydi. O‘z yurtida ta’lim olish uchun sharoitlar yaratilmagan. Urush bo‘layotgan davlatlarda esa ahvol bundan-da yomon. Hattoki siz-u bizdek to‘g‘ri ovqatlanish u yoqda tursin, to‘yib ovqat yemaydi, yashashga uyi, boshpanasi yo‘q... BMTning bolalar jamg‘armasi (YUNISEF) notinch mamlakatlardagi nochor bolalarga yordam ko‘rsatish uchun har yili katta miqdorda mablag‘ ajratadi. Lekin xalqimizda “Qo‘ldan berganga qush to‘ymas” degan ibora bor. Chetdan berilayotgan yordam bilan bir-ikki oy yashar, bir-ikki yil o‘qishga borar. Lekin qachongacha? Yordam mablag‘lari doimiy bo‘lmaydi-ku...

Yurtimizda bola huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilgan. 1989-yil 20-noyabrda BMT Bosh Assambleyasi bola huquqlari to‘g‘risidagi Konvensiyani qabul qildi. Ushbu sanadan e’tiboran bola huquqlari dunyoning qaysi mintaqasida buzilsa, uni himoya qilish borasida xalqaro imkoniyat vujudga keldi. Konvensiya bola huquqlarini himoya qilishning kafolatlarini mustahkamlagan birinchi xalqaro huquqiy hujjat hisoblanadi. U bola hayoti bilan bog‘liq 54 moddani o‘z ichiga olgan. Konvensiyaga qo‘shilgan har bir mamlakat o‘z milliy qonunchiligini uning qoidalariga muvofiq qayta ko‘rib chiqadi. Mamlakatimiz mustaqillikka erishganidan so‘ng, oradan ikki yil o‘tgach, mazkur Konvensiyaga qo‘shilish istagini ma’lum qildi. Bugun esa yurtimiz bola huquqlarini himoya qilish borasida dunyo e’tirofiga sazovor bo‘lmoqda. O‘zbekiston respublikasining 2008-yil 8-yanvarda e’lon qilingan 4 ta bob, 32 moddadan iborat “Bola huquqlarining kafolatlari to‘g‘risidagi qonuni” mamlakatimizdagi barcha bolalarning huquq va manfaatlarini to‘liq himoya qilishga qaratilgan muhim hujjat hisoblanadi. Darhaqiqat, bu qonunni yana bir bor ko‘zdan kechirar ekanman, uni tuzish va qabul qilishda sizlarning hayotingiz va barcha huquqlaringiz borasida juda mukammal qaror qabul qilinganligini his qildim.

Shu kunlarda mamlakatimiz rahbarining barcha viloyat va tumanlarda bo‘lib, unib-o‘sib kelayotgan kelajak avlod ta’lim-tarbiyasi, ularning sog‘lig‘ini muhofaza qilish, jismoniy, intellektual, ma’naviy va axloqiy kamol topishiga ko‘maklashish, bolalarning ilmiy, texnikaviy va badiiy ijodkorligini rivojlantirish, tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida yaratilayotgan sharoitlar, amalga oshirilayotgan ishlar va bu borada kelgusida qilinajak tadbirlar haqida aniq tavsiyalar berib, rejalar tuzayotganliklarining guvohi bo‘layapmiz. Prezidentimizning har chiqish va nutqlarini televizor orqali kuzatib borayapmiz.

Qadrli o‘quvchilar, bugun yurtimizda sizning farovon hamda porloq kelajagingiz uchun barcha imkoniyat eshiklari ochib berilmoqda. Kimki vaqtini zoye o‘tkazmay, o‘ziga berilgan ana shu imkoniyatlardan samarli foydalanishni bilsa, ota-onasi, ustozlarining qimmatli so‘zlariga, hayotiy tajribalari haqidagi o‘gitlariga quloq tutsa, bilingki, ana shunday bolalarning yo‘llari ravon, kelajagi yorug‘ bo‘ladi.

 

Zahro HASANOVA

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.