Hirot begonasi bo‘ldim
Yozuvchi va tarjimon Muzaffar Mirzo o‘tmishimizni, allomalarimiz hayotini chuqur o‘rgangan ijodkorlardan. Uning Amir Temurning suyukli nabirasi, shoh va astronom olim Mirzo Ulug‘bekning bolaligi haqidagi “Uzuk ko‘zidagi xat”, “Panoh” qissalari kitobxonlar tomonidan iliq kutib olingan.
Zahmatkash adib yana bir ulkan ishni muvaffaqiyat bilan uddaladi. Mutafakkir bobomiz Alisher Navoiyning bolalik va o‘smirlik chog‘lari, o‘sha davrdagi tarixiy ziddiyatlar aks etgan “Sham va shamshir” romanini yaratdi. Roman Navoiyshunos olim, akademik Aziz Qayumov tomonidan yuksak baholandi.
Quyida shu romandan parcha o‘qiysiz.
***
Alisher Murg‘ob ko‘prigi bo‘sag‘asidagi qal’a darvozasi ostonasida egardan tusharkan Mashhaddagi ishtiyoq va umidlari bir zumda sarobga aylanganini angladi. O‘kinchli iztirob dilidagi xavotirni oshirdi. Shukuhli bolaligi o‘tgan, ammo zamona zulmi tufayli bag‘riga sig‘dirolmagan shahar ostonasida entikkancha bir zum turib qoldi. Qadrdon shahri bo‘sag‘asidan quruq umid bilan ortiga qaytishni istamadi. Vujudidagi vatan sog‘inchi va ehtirosi kuchli, ammo uni tahlika o‘z iskanjasiga olgandi. Alisher ishtiboh bilan qal’a tomon yurdi. Lab usti va chakkalaridagi tim qora, sabza mo‘y xushro‘y chehrasiga ko‘rk bag‘ishlagan, oxori to‘kilayozgan esa-da egnidagi zarbof to‘n, yetaklab olgan zotdor oti alohida ko‘rim bergan aslzoda yigit darvoza nazoratchilarida deyarli shubha uyg‘otmadi.
Intiq bir kayfiyatda “Bog‘i baland” mahallasiga, ota hovlisiga shoshildi. Yo‘l-yo‘lakay o‘ziga qaratilgan hayrat, anduhli nigohlarda xayrixohlikni ilg‘adi. Ko‘ngliga g‘ashlik oraladi.
Xiyobon ko‘chasi bo‘ylab borarkan, bir do‘kondor undan ko‘zini uzmay, iyagini kafti bilan to‘sib, sherigiga nimalarnidir shivirlashidan g‘alat g‘alamislikni payqagan Alisherning ko‘ngli o‘ksinib, o‘zini nihoyatda g‘arib, ona shahriga begonadek sezdi. Suyukli shahri unga begona... Begona Hirot... Hirot begonasi...
...G‘ulg‘ulali tuyg‘ular girdobida, go‘yo kuchli oqimga qarshi suzayotgan kishidek og‘ir odim bilan yo‘lida davom etdi. Ko‘chaning ikki yoqasidagi asriy, ulkan, yalang‘och chinorlar vajohatli tus olgan. Uning nigohi bir paytlar otasi bilan yelkama-yelka ko‘chat o‘tqazgan, hozirda o‘sha daraxtlar kabi qartaygan, guzardagi supalarda mudrab o‘tirgan keksalarga qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib bergan salomi e’tiborsiz qolishi ko‘nglini battar cho‘ktirdi.
Bir zamonlar, bolaligida Sulton Abulqosim Bobur Mirzo saroyida turkiy shoirlarning g‘azallarini yoddan o‘qib, barchani birdek hayratda qoldirgan bu yigitni tanimagan kishining o‘zi yo‘q edi. Hirotliklar uning taqdiriga befarq emas edilar. Hadiksirab qo‘l berishib, so‘rashganlar ham topildi.
Samimiy, ayni vaqtda hadikli bo‘lsa-da bunday iltifotdan ko‘ngli hamin qadar taskin topdi. Ammo chehralardagi g‘ayritabiiy siqiqlik dilini g‘ashladi. Bu manzarat, xijillikdan tezroq qutulish niyatida qadamini tezlashtirdi.
– Alisher sizmu?! – Ko‘cha adog‘ida, bejirim kitob do‘koni ro‘parasida unga peshvoz chiqqan qariyani avvaliga tanimadi.Faromush xayolini yig‘ishtirish asnosida, unga diqqat bilan tikilib qoldi. So‘ng qarshisida mohir muqovasoz, tajribali kitob tartib etuvchi Mavlono Naqqosh turganini angladi:
– Taqsir, xotirim pand bermasa siz... Mirak Naqqosh? – deya iymanib so‘radi.
– Shunday, – dedi u yigitga quchog‘ini ochib, Naqqosh yuzidagi mamnunlik chekinib, jiddiy tortdi. Bir zum o‘yga toldi. Xayol andarmonida, vazmin so‘z qotdi:
– Musofirchilikda aziyat chekkaningiz ozmu? Bu boshni yana kundaga qo‘ymoqlikdin ne ma’ni, Alisher?
Alisher dilida anduh, ko‘zlarida tahlika bilan:
– So‘zlaringizni anglamasmen, usta? – deya so‘radi. – Bu ne tahdid?
– Aslo, naslambr... – Mirak Naqqosh yoni beriga ehtiyotkorona ko‘z tashlab olgach, Alisher tomon bir oz engashdi va past ovozda shivirladi. – Ota hovlingizga emas hazrat Lutfiy, yo Jomiy janoblari xonaqohlariga borganingiz ma’qulmikin? O‘sha yer ofiyati panoh ko‘rinadur. Temuriy shahzoda o‘zi quvg‘inlikda, sadoqatli bek-u amirlari qirg‘inbarotga giriftor bo‘lg‘onlar.
– Demak mish-mishlar rost erkan-da? – dedi Alisher tushkun bir kayfiyatda.
Ko‘nglidan: “Ehtirosni haqiqatga yo‘ymoqlik sarob. Qani, bu gaplar yolg‘on chiqsa?” degan ilinj o‘tdi.
– Hazrat Lutfiy bir oz betoblar, – dedi mahzun ohangda Mirak Naqqosh. – Jomiy janoblari qayin otalari, shayx Qoshg‘ariyning chirog‘ini yoqib o‘tiribdilar. Alarning huzurlariga, yo‘qlovchi kishi bo‘lib borsangiz, albatta boshlari ko‘kka yetur...
– Alalxusus, shayx hazratlari vafotidan so‘ng, Jomiy janoblari qaynotalari hovlisiga ko‘chib o‘tgan. U kishiga siz kabi bir dardkash zarur...
– Husayn Mirzo yana quvg‘inlikka mahkum deng... – dedi Alisher xayoli parishon bir alfozda.
– Shunday, – dedi Mirak Naqqosh afsus bilan. – Saltanatni zabt etmoq azmi shijoati paymol bo‘lg‘och, jonini omon saqlashdan o‘zga chorasi qolmadi. Boz ustina barcha ahli fozil xoqon nazorati ostida qolg‘on. Hirot notinch. Har qadamda xufiya. Zukko fuzalolar poytaxtni tark etg‘onlar. Kaminaning ham bozori kasodga uchramasmikin, deg‘on xavotirdamen. Samarqand safarini ixtiyor etmak niyatim ham yo‘q emas!
O‘zi ne qayg‘uda-yu, qariyaning hasrati o‘tib tushdi. Beiloj qolgan Alisher:
– Ha... – deya oldi, tushkun bir kayfiyatda.
– Shahzodaning jasoratiga tan bermoq lozim. Hiriyni bir zarb bila zabt etdi, – Xoja Mirak naqqosh og‘ir xo‘rsinib oldi-da, so‘zida davom etdi. – G‘arib va miskinlar umidi shamdek yondi-yu o‘chdi.
– Bu kabi ko‘rgulik ham bor ekan, – dedi Alisher o‘kinchla.
– Asti so‘zlamang.
U Sayyid Hasan Ardasherning yoz chillasi, boz ustiga ro‘zador bo‘lishiga qaramay Hirotga otlangani voqeasini, xayr-xo‘shlash chog‘ida aytgan gaplarini esladi:
“Jomiyning boshig‘a yetimlik tushubdir. Shayximizning turbatlarida bir kalima tilovat qilmoq – ko‘p savob. Yana, yor-birodarlar diydorini ko‘rish istagi faqirga oroyish bermas.”
Uning ko‘nglidan: “Demak ustoz Qoshg‘ariyning vafoti haqida unga hech so‘z aytmagan. Aytgan bo‘lsa ham u anglamagan. Otaxon ustoz hayotini tahlikaga qo‘yishni aslo istamagan. Hirot safarig‘a yolg‘iz otlangan”.
U qo‘lini yo‘rg‘aning tizginidan olib, kaftlarini duoga ochdi:
– Oxiratlari obod, pok ruhlari shod bo‘lg‘ay.
– Inshoolloh! U kishi tariqatda benazir erdilar, – dedi Xoja Mirak kuyunchaklik bilan. – Fikri ojizimcha, Alisherbek, faqirning so‘zini malomatg‘a yo‘ymangiz, bir muddat Jomiy xonaqolarida panoh topganingiz ma’qul. Chunki, aziz umringizg‘a ko‘z tikkanlarning ilki u yerga yetmas.
– Anduhlig‘ning boisi ne, usta, anglatingiz?
– Nusratnishon shahzoda birla ko‘kaldosh, qadrdonlig‘ingiz barchaga ayon.
Taqdiriga astoydil qayg‘urayotgan bu insonga qanday minnatdorchilik bildirishni bilolmay qoldi. Necha-necha yuz fikh, tavorih, nazmiy qo‘lyozmalarni did va ixlos bilan munaqqosh etgan, kitob holiga keltirgan, fozil-u fuzalolar anjumanida birday hurmat-izzat topgan Mirak Naqqosh so‘zini yerda qoldirish dushvor ekanini his qildi. Otining jilovidan tutgancha, Namozgoh mahallasi, Sa’iddin Qoshg‘ariy dahmasiga eltuvchi muyulish tomon burildi. Biroq qadam qo‘ygan yerida to‘xtadi. Bir oz ikkilanib, o‘ylanib turdi-da, orqasiga keskin o‘girildi. Undan nigohini uzmay turgan Mirak Naqqoshga nadomat bilan qarab qo‘ydi-da, qadrdon mahallasi tarafga yo‘l oldi. Inchunun.
Yigitning shaxtidan qaytarish mushkulligini sezgan Xoja Mirak Naqqosh allanechuk entikish bilan uning ortidan qarab qoldi. “Alloh panohgoh bo‘lsin!” deya kaftlarini yuziga tortdi.
Alisher ortidan bir qancha sinchkov, g‘ayri va samimiy ko‘zlar kuzatib turganini, ayniqsa, Xoja Mirak o‘tinchli nigohini undan uzmayotganini his qilgan holda oldinga yurdi.
Yo‘l-yo‘lakay uchragan tanishlari bilan dam qo‘l berishib, dam qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib salomlashdi. “Bog‘i baland” dahasiga yetganida ayrim mahalladoshlar, qo‘ni-qo‘shnilar o‘zlarini muloqotdan olib qochishlari, qiya ochgan darvozalar tirqishidan zimdan kuzatishlari unga g‘alati tuyuldi. Qiziqsinishdan ko‘ra andisha andarmon jo bo‘lgan nigohlardan yuragi uvushdi. Xoja Mirak Naqqoshning iztirobli so‘zlari quloqlari ostida takror eshitildi: “Ota mahallangizga bormaganingiz ma’qul. Umringizga ko‘z tikkanlar ozmi?”
“Naqqosh nega bunday dedi?” Dilini hijil qilgan savollarga javob ilinjida qamchisi bilan eshik tabaqasini itardi.
Muzaffar MIRZO