Buyuk daholar yodi
O‘zbek xalqining milliy ma’naviyatini Alisher Navoiy hamda Zahiriddin Muhammad Bobur asarlarisiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Har yili fevral oyida bu ikki buyuk allomaning tavallud kunlarini keng nishonlaymiz. Shu munosabat bilan tahririyatning elektron manzili, telegram kanaliga yurtimizning turli viloyatlaridan bu muhim sanani qanday o‘tkazganlari haqida xabarlar, fotosuratlar kelib turadi. Shuningdek, tahririyat ijodkorlari ham tashkilotchilar taklifi bilan umumta’lim maktablaridagi ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarda faol ishtirok etadilar. Bu safargi uchrashuvlar poytaxtimizning Yashnobod tumanidagi 198, 23, 152, 341- maktablaridan boshlanib, Uchtepa tumanidagi 193,197, Olmazor tumanidagi 261 hamda 100-maktab-internatlarida davom etdi. Maktab sahnasida g‘azal, ruboiylarni yod aytayotgan, milliy-tarixiy liboslarni kiyib, buyuklarimiz siymosini gavdalantirgan o‘quvchilarni ko‘rib adabiyotimizning ertasi, ma’naviyatimiz kelajagi yorug‘ ekaniga ishonch hosil qildik.
O‘quvchilar Alisher Navoiy bobomiz hayotlarida ro‘y bergan voqealarga asoslangan rivoyatlardan bir nechta sahna ko‘rinishlarini namoyish etganlarida o‘ylanib qoldim. Navoiy hazratlarini saroyda chiqishtirmagan ayrim vazirlar turli bahonalar bilan uni podshoh Husayn Boyqarodan uzoqlashtirishga harakat qilishadi. Bolalikdan Navoiy bilan birga o‘sgan, u bilan qadrdon do‘st, sirdosh bo‘lgan podshoh vazirlariga turli mantiqiy topshiriq va savollar berib ularni sinamoqchi bo‘ladi. Savollarga javob topolmagan vazirlar podshohning qahridan qo‘rqib, A.Navoiyning huzuriga boradilar. Allomaning aniq javobini Boyqaroga yetkazadilar. Podshoh esa Alishersiz qo‘lidan hech ish kelmaydigan fitnachi vazirlarni saroydan quvib soladi. Bu voqealardan ko‘rinadiki, o‘z davrida vazir sifatida faoliyat yuritgan Navoiy hazratlariga saroyning notinch muhitida yashash oson kechmagan ekan. Saroydagi munofiq vazirlarning qing‘ir “o‘yin”laridan uzoqroq yurish, do‘sti Husayn Boyqaroni yo‘qotib qo‘ymaslik, uni yo‘ldan ozdiruvchi nopoklar ta’siriga tushib qolmasligi uchun yonida turib berish, o‘rni kelganda o‘zaro nizolarni keltirib chiqarayotgan kimsalarga munosib javob berish allomadan nechog‘lik donishmandlik, hozirjavoblik talab qilganini anglab olish qiyin emas.
O‘zbek xalqining faxr-u iftixori, jahon madaniyati xazinasiga munosib hissa qo‘shgan ikki buyuk allomaning bosib o‘tgan hayot yo‘llari va o‘lmas ijodiy merosi o‘sib kelayotgan yosh avlod uchun katta ma’naviy maktab vazifasini o‘tamoqda. Ularning nazm va nasrda yaratgan betakror merosi adabiyotga oshno qalblarni hamisha yuksaklarga ko‘tarib turadi.