Sirojiddin SAYYID
Sirojiddin Sayyid 1958-yilning 30-oktyabrida Surxondaryo viloyati, Sariosiyo tumanidagi Kundajuvoz qishlog‘ida tug‘ilgan.
1974-1979-yillarda ToshDU (hozirgi O‘zbekiston Milliy universiteti)ning jurnalistika fakultetida tahsil oldi.
“Xayrullaning komandasi” nomli ilk hikoyasi 1972-yilda – sakkizinchi sinfda o‘qib yurganida respublika bolalar gazetasida bosilgan. “Ruhim xaritasi” nomli ilk kitobi 1985-yilda G‘afur G‘ulom nomidagi adabiyot va san’at nashriyotida bosilib chiqdi.
Shundan keyin uning “Salqin xarsanglar kaftida” (1986), “Sevgi mamlakati” (1987), “Asragul” (1990), “Mehr qolur, muhabbat qolur” (badialar, maqolalar, 1992), “Kuydim” (1994), “Uyingdagi beshiklar” (1996), “Vatanni o‘rganish” (1996), “Vatan abadiy” (2001), “Ustimizdan o‘tgan oylar” (2003), “Ko‘ksimdagi zangorlarim” (2005), “Egasi bor yurt” (2001), “Qaldirg‘ochlarga ber ayvonlaringni” (2005), “Dil fasli” (2007), “Yashasin yomg‘irlar” (badialar, suhbatlar, adabiy maqolalar chop etildi, 2007). 2008-yili “Sharq” nashriyot matbaa aksiyadorlik kompaniyasi bosh tahririyati shoirning “So‘z yo‘li” nomli ikki jildlik tanlangan asarlarini nashrdan chiqardi. “Yuz oh, Zahiriddin Muhammad Bobur” (doston, 2011), “Bug‘doybo‘y Vatan” (she’rlar, badialar, maqolalar, 2011), “Ochil ey gul, Ki bo‘ston vaqti bo‘ldi” (2014) singari kitoblari bosilib chiqdi.
Sirojiddin Sayyid tarjima sohasida ham faoliyat yuritib, Pushkin lirikasidan namunalarni, Andrey Voznesenskiyning “Mangu rizq” (1991) she’rlar va nasriy kitobini, bulg‘or shoiri Lyubomir Levchev she’rlarini, musavvir Pablo Pikassoning she’riy tajribalarini, Abu Homid G‘azzoliyning “Munojat lazzati” nomli hikmatlarini, Jaloliddin Rumiy, Hofiz Sheroziy g‘azallari va hikmatlarini, Ro‘dakiy, Aleksandr Faynberg, Loyiq Sherali she’rlarini o‘zbek tiliga o‘girdi.
Shoirning she’r va dostonlari rus, turkman, ukrain, belorus, tojik, qozoq va ozarbayjon tillariga tarjima qilingan.
O‘zbekiston xalq shoiri Sirojiddin Sayyid hozir O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi. U 1999-yilda “Do‘stlik”, 2021-yilda “Mehnat shuhrati” ordenlari bilan mukofotlangan.