Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

QALOVINI TOPGAN QIZ

Sitora  Tojiddinova  Toshkent vi­lo­ya­tining Yangiyo‘l tumanidagi  19-mak­tab­ning 8- sinfida o‘qiydi. U nafaqat  sin­fida, balki maktabda eng a’lochi, eng jamoatchi o‘quvchi. Lekin, bugun gap  uning  qanday qilib barcha  fan­lardan  besh baho olayotgani haqida emas, balki boshqalarga o‘xshamagan jihati haqida.

Sitora – zamon bilan hamnafas. Shu bois  boshqalarga  o‘xshab “Olma  pish, og‘zimga tush”, deb o‘tirmaydi.  Orzusiga   o‘z mehnati bilan  erishishni ma’qul ko‘radi. Masalan, maktabda  mutaxassis yo‘qligi bois  kompyuter darslari o‘til­­maydi. Vaholanki,  hozir  kompyutersiz  hayotni tasavvur qi­lib bo‘lmaydi. Sitora  Barkamol avlod markaziga  borib  kom­pyuter bilan tillashdi.  Ustozidan videoroliklar  yaratish bobida alohida saboq  oldi. O‘zini sinovdan o‘tkazish uchun dars jarayoni, maktabdagi  tadbirlardan olgan   roliklarini ustoz  na­zaridan o‘tkazib, kamchiliklarini bilib oldi. Mustaqilligimizning  31 yilligiga  bag‘ishlab o‘tkazilgan  tuman bellashuvida “Yangi O‘zbekistonda el aziz, inson aziz” nomli roligi  bilan  qatnashib g‘olib bo‘ldi.

Sitora qizimiz  do‘stlariga sovg‘a ulashishni, ularni xursand qilishni  juda yaxshi ko‘radi. Ammo ni­ma bilan? O‘ylab-o‘ylab buning ham yo‘lini topdi. “Mohir qo‘llar” to‘garagida to‘qish, tikish, o‘yinchoqlarga munchoqdan  bezak berishni  o‘rgandi.   Sitora tikkan, to‘qigan ko‘ylakchalarni  singlisi, jiyanlariga sovg‘a qilib, ularni  xursand qilyapti.  Yasagan  tasbehlarini  otaxonlar, onaxonlar qo‘llaridan qo‘yishmaydi.  Dizayner qiz Yangi yil arafasida Qorqizga  shunaqangi chiroyli sharqona  tillaqosh sovg‘a qildiki...

O‘ziga yoqqan bu hunarlar bilan shug‘ul­lanishi, oyisiga ro‘zg‘or yumushlariga qara­shishiga, ingliz tili to‘garagining eng zukko a’zosi bo‘lishiga ham  xalaqit bermaydi. Darvoqe, qishki ta’tilda tuman bo‘yicha o‘tkazilgan ingliz tili va matematika olimpiadasi g‘olibi bo‘ldi. Chunki u vaqtdan  to‘g‘ri foydalanadi. Vaqt  esa imkoniyat demak.  Aytmoqchi,  Sitoraning  eng katta orzusi  kelajakda  ammasi  – “Oltin qalam” sohibasi Mavjuda  Oppoqxo‘jayevadek jurnalist bo‘lish. U bu borada ham  harakatni allaqachon boshlab yuborgan. Tuman hamda  “Tong yulduzi” respublika bolalar gazetasida  o‘z xabar va maqolalari bilan  muntazam qatnashib turadi.

Biz tirishqoq   qiz S.Tojiddinovaga  yangi yilda ham shunday kuch-quvvat, g‘ayrat tilaymiz. Boshqalarni ham undan ibrat olishga chaqiramiz.

 

Muhabbat  Hamidova

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.